Aziz Hakimov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Aziz Hakimov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Bugun Shayxontohur tuman jinoyat ishlari sudida yopiq majlis yakunida Aziz Hakimovga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma'lum qildi.
Aziz Hakimov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga qarshi chiqishlari, SSSRni targʻib qilib, uni qayta tiklash gʻoyasini ilgari surgani bilan tanilgan.
Shuningdek, uning 1930-yillardagi siyosiy qatagʻon qurbonlari va 1920-yillardagi milliy-ozodlik kurashi ishtirokchilari xotirasini qoralagan chiqishlari ham tarmoqlarda jiddiy bahs-munozaralar va noroziliklarga sabab boʻlgan edi.
Sudlanuvchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 150-moddasida (urushni targʻib qilish) nazarda tutilgan jinoyat tarkibi boʻlmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi.
Aziz Hakimov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (tuhmat), 140-moddasi 2-qismi (haqorat qilish) hamda 156-moddasi 2-qismi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish) bilan nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi.
Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan oʻtash uchun uzil-kesil 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud hukmi bilan Raqamli texnologiyalar vazirligiga sudlanuvchi tomonidan yuritilgan Telegram messenjeridagi “Comrade_Aziz” kanalini bloklash majburiyati yuklatildi.
Bundan tashqari:
* ish boʻyicha 6 nafar jabrlanuvchiga oʻzlariga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat etish huquqi tushuntirildi;
* sudlanuvchiga hukmga nisbatan yuqori sud instansiyasiga shikoyat berish muddati va tartiblari tushuntirildi.
Aziz Hakimov 2025-yilda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘jani kamsitgani uchun jarimaga tortilgan edi. O‘shanda unga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 18 million 750 ming so‘m miqdorida jarima belgilangan.

