Siyosat

Aytilgan soʻz — otilgan oʻq

Qirgʻiziston prezidentligiga ikki nomzod davlat tilini bilish boʻyicha imtihondan oʻta olmadi

Soʻz — chumchuq emas

Qirgʻiziston sobiq ichki ishlar vaziri Oʻmurbek Suvanaliyev va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish xizmatining sobiq rahbari Saymik Japikeyev majburiy qirgʻiz tili imtihonini topshira olishmagani sababli hozircha prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida roʻyxatdan oʻta olishmaydi. Bu haqda 24.kg nashri yozmoqda.

Aniqlanishicha, ikkala siyosatchi ham 8 oktyabr kuni «Qirgʻiztest» muassasasida test sinovidan oʻtishgan. Suvanaliyev yozma ish koʻnikmalari yetarli boʻlmaganini tan oldi. Shu bilan birga, generalning soʻzlariga koʻra, u sinovlarga 20 kunga yaqin tayyorgarlik koʻrgan.

«Men 40 yil rahbar boʻlib ishladim. Rahbarlar odatda eshitadi va topshiriq beradi, lekin oʻzi unchalik koʻp yozmaydi. Kompyuterda ham kam yozganman. Shu sababli yozma qism men uchun qiyinroq kechdi. B2 darajasiga eta olmaganimdan afsusdaman», — dedi sobiq IIV rahbari.

Japikeyev, oʻz navbatida, imtihon natijalariga rozi boʻlmadi. U maktab va oliy oʻquv yurtida qirgʻiz tilida oʻqiganini va davlat tilida toʻliq muloqot qila olishini taʼkidladi. Moliya politsiyasining sobiq boshligʻi, shuningdek, savollarning murakkabligini koʻrsatib oʻtdi va prezidentlikka nomzodlar kompyuterda bajargan topshiriqlarning yozma qismi boʻyicha yakuniy bahoga shubha bildirdi.

«Men koʻp yillar prokuraturada ishlaganman, koʻpchilik ishlarni qirgʻiz tilida tergov qilganman. Lekin general Suvanaliyev kabi men ham imtihondan oʻta olmadim», — dedi Japikeyev.

Shu bilan birga, jurnalist Aslan Sartbayev ijtimoiy tarmoqlarda har ikki nomzodning imtihon natijalari tafsilotlarini eʼlon qildi. Unga koʻra, Suvanaliyev oʻqish boʻyicha 87 ball, tinglab tushunish boʻyicha 84, yozish boʻyicha 56 va soʻzlashuv boʻyicha 65 ball toʻplagan. Japikeyevning koʻrsatkichlari esa quyidagicha boʻlgan: oʻqish boʻyicha 63, tinglab tushunish boʻyicha 76, yozish boʻyicha 55 va soʻzlashuv boʻyicha 63 ball.

«Qirgʻiztest» qoidalariga koʻra, agar loaqal bitta blokda 60 dan kam ball toʻplansa, imtihon topshirilmagan deb hisoblanadi.

Shu bilan birga, siyosiy arboblar, ehtimol, testlarni qayta topshirishlari mumkin boʻladi. Biroq sinovlardan qayta oʻtish masalasi hozircha noaniqligicha qolmoqda. «Qirgʻiztest»da tegishli reglament Markaziy saylov komissiyasi vakolatida ekanini bildirishdi. MSKda esa, oʻz navbatida, bunday masalalarni, aksincha, «Qirgʻiztest» hal qilishi kerakligini aytib javob berishdi.

Qirgʻizistonda prezidentlik saylovlari 2027 yil 27 yanvarga belgilangan. Respublikaning amaldagi rahbari Sadir Japarov ilgariroq ovoz berishda ishtirok etish niyatini tasdiqlagan edi. Biroq MSKga rasmiy ariza topshirgan birinchi nomzod oʻz-oʻzini koʻrsatish tartibida nomzodini rasmiylashtirgan tadbirkor Aymen Kasenov boʻldi. Nomzodlardan arizalarni qabul qilish joriy yilning 13 noyabrigacha davom etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.