Ayrim toifadagi fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun vaucher berilishi mumkin
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Ayrim toifadagi fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun vaucher berilishi mumkin
O‘zbekistonda «Ijtimoiy karta» orqali o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul va imtiyozli vaucherlar berish taklif qilinmoqda.
Shu borada Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlangan.
Loyiha bo‘yicha har yili o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar uchun 500 mingta, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun esa 100 mingta vaucher ajratish rejalashtirilgan.
Vaucherlar «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali elektron shaklda beriladi. Ularning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizigacha bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, 2027-yil yanvarga qadar «Ijtimoiy karta» axborot tizimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni integratsiya qilish taklif etilgan.
Loyihada madaniyat muassasalaridagi tadbirlar, chipta narxlari va kvotalar haqidagi ma’lumotlarni «Ijtimoiy karta» tizimiga elektron tarzda uzatish, shuningdek, vaucher mablag‘larini teatr, kinoteatr va konsert muassasalariga o‘tkazish mexanizmini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasi hozircha yakuniy hujjat emas. U qabul qilinsa, belgilangan tartib asosida kuchga kiradi.

