Ayrim lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

Ayrim lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit beriladi
O‘zbekistonda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garov taʼminotisiz kredit ajratishga ruxsat beriladi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilangan.
Farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligida barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha hududiy shtablar, tuman hokimlari rahbarligida esa tuman shtablari tuzilgan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlarining imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati ushbu shtablarga beriladi.
2026-yil 1-oktyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga shtablar qarorlari asosida bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi joriy etiladi. Kompensatsiya Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Shtablar mahalliy sharoit, loyihalarning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, kompensatsiya berish haqida qaror qabul qiladi. Ular kompensatsiyadan maqsadli va samarali foydalanish uchun ham javobgar bo‘ladi.
Shtablarning qarorlari kompensatsiya taqdim etish uchun asos hisoblanadi. Bunda kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarni joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlanib qoladi. Bir moliyalashtirish bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmon bilan “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari saqlab qolinadi. Ularning mablag‘larini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari shtablarga o‘tkaziladi.
2027-yil 1-yanvardan aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini aniqlash hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda oilaning moliyaviy holati bilan birga, oila aʼzolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va oilaning ko‘p bolali ekanligi kabi mezonlar ham inobatga olinadi.
Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijalarga ko‘ra, oilalar tegishli toifalarga ajratilib, ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Shuningdek, kelasi yildan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish taʼtili tugagan kundan boshlab farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasi to‘lanadi.
Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar aʼzolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026-yilda qo‘shimcha ravishda 100 mlrd so‘m, 2027-yilda esa 300 mlrd so‘m foizsiz kreditlar ajratiladi.
Prezident raisligida 3-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 mln so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olishi taʼkidlangandi.

