“Ayollar sog‘lig‘i haqida gap ketganda „uyat“ deb jim qolmaslik kerak”. Femmy startapi asoschisi Maftuna Karimova hikoyasi
Gazeta O‘zbekistonning turli hududlaridagi startapchi ayollar bilan suhbatlar turkumini boshlaydi. Ilk suhbatdoshimiz — Femmy startapi asoschisi Maftuna Karimova. U onalik tajribasini startap g‘oyaga aylantirgani va o‘zbek tilida ayollar salomatligi haqidagi ma’lumot berish nega muhimligi haqida so‘zlab berdi.

“Ayollar sog‘lig‘i haqida gap ketganda „uyat“ deb jim qolmaslik kerak”. Femmy startapi asoschisi Maftuna Karimova hikoyasi
Birinchi suhbatdoshimiz — andijonlik dasturchi, Femmy asoschisi Maftuna Karimova. U bizga onalik tajribasidan tug‘ilgan startap g‘oyasi, sarmoya izlashdagi qiyinchiliklar va ayollar salomatligi haqida o‘zbek tilida ma’lumot berishning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Maftuna Karimova 2002-yilda Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan. Tillarga ixtisoslashgan 42-davlat maktab-internatida, keyinchalik O‘zbekiston xalqaro universitetining biznes boshqaruvi yo‘nalishida tahsil olgan. Universitetga kirgunicha dasturchi sifatida ish boshlagan, talabalik davrida esa dasturlashdan dars ham bergan.
U asos solgan Femmy — ayollarga hayotning turli bosqichlarida reproduktiv salomatligi haqida ma’lumot olish, hayz sikli va alomatlarini qayd etib borish imkonini beruvchi ilova hisoblanadi. Femmy O‘zbekistondagi startaplar, investorlar va startap ekotizimi ishtirokchilarini birlashtiruvchi StartupBase platformasida ro‘yxatdan o‘tgan.
Dasturlashni maktab paytida, asosan mustaqil ravishda YouTube va boshqa manbalar orqali o‘rganganman. Katta bo‘lganimda o‘z IT kompaniyam bo‘lishini tasavvur qilardim.
2019-yillarda Andijonda endigina Digital City ochilgan edi. U yerda IT kompaniyalariga ofislar ajratilgandi. Facebook orqali andijonlik bir dasturchi bilan tanishib, ish o‘rganish maqsadida ularning oldiga borganman. Shogird bo‘lib o‘rganmoqchi edim. Ular men bilan suhbatlashib, topshiriq berishdi. Natijani ko‘rib esa darhol ishga olishdi. Shu tariqa faoliyatim boshlangan.
Har doim bir narsani ta’kidlayman: universitetga kirganimda allaqachon dasturchi sifatida ishlashni boshlagan edim. Universitetni bitirgunimcha dasturchilik bo‘yicha to‘rt yillik ish tajribam bor edi. Andijonda yashab, Toshkentdagi kompaniyalarda ham masofadan ishlaganman. Yozgi ta’tillarda poytaxtga kelib, ularning ofislarida faoliyat olib borardim.
Bu yangi tajriba orttirish imkoni edi. Asosan autsors kompaniyalarida, ketma-ket ishlaganman. To‘rtinchi kursda Andijondagi IT o‘quv markazida bir yil dasturlashdan dars berganman. O‘quvchilar orasida 14 yoshli o‘smirlar ham, mendan yoshi katta insonlar ham bor edi. Asosan yangi kasb o‘rganishni istaganlarga oflayn dars o‘tardim.
Dasturchi sifatida ishlayotganimda rivojlanishning ikki yo‘lini ko‘rardim: muhandislik va boshqaruv. Men ko‘proq boshqaruv tomondan o‘sishga harakat qilganman. Keyinchalik shu yo‘lim startap sohasiga olib kelgan.
Universitetni bitirib, 21 yoshimda oila qurganman. Femmy’ni yaratishga turtki bo‘lgan davr — farzand rejalashtirish va homiladorlik davrim edi. Bu mavzular men uchun mutlaqo yangi bo‘lgan. Oilada yagona qizman, yonimda maslahat so‘raydigan opalarim yo‘q edi. Onam Andijonda, men esa turmush qurganimdan keyin Toshkentda yashardim.
Bunday mavzularni telefonda batafsil gaplashish ham unchalik qulay emasdi. Shu sababli ko‘proq o‘zim izlanganman. Ayollar salomatligiga oid bloglarni kuzatib, hamjamiyatlarga qo‘shilganman. Shu jarayonda bizda bu yo‘nalishda katta bo‘shliq borligini tushundim.
O‘sha paytda UX/UI dizayn kursini o‘qiyotgan edim. Bizga o‘zimiz yaxshi biladigan biror muammoni tanlab, odamlar bu muammoga qanday duch kelayotganini o‘rganish vazifasi berilgandi. Farzand rejalashtirayotganim uchun ayollar salomatligi mavzusini tanladim.
Dastlab ekspertlarning ishlarini o‘rganib chiqdim, keyin esa ayollarga oid guruhlarda qanday muammolar muhokama qilinayotganini kuzatdim. Dasturchi bo‘lganim uchun o‘z soham orqali yechim izladim. Kerakli ma’lumot va imkoniyatlarni bitta platformaga jamlashni o‘yladim. Ayollar shu yerda salomatligiga oid savollariga javob topsa, degan niyat bor edi.
Femmy’ni boshida o‘ziga xos ensiklopediya sifatida tasavvur qilganman. Maqsadim til to‘sig‘iga duch kelayotgan ayollar uchun ma’lumotlarni o‘zbek tilida tushunarli shaklda taqdim etish edi. Ingliz tilidagi platformalardan tarjima qilgan materiallarimni ginekologlar bilan maslahatlashgan holda e’lon qilishni boshlaganman.
Homiladorlikning har bir bosqichi uchun oldindan tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilardim. Birinchi trimestr, ikkinchi trimestr, tug‘ruqqa tayyorlanish — har birining o‘z savollari bor. Turli manbalardan ma’lumot yig‘ish, ba’zan bitta savol uchun ham shifokorga borish charchatardi.
Ona bo‘lish menda mas’uliyat hissini kuchaytirgan. O‘zimga ham, farzandimga ham mas’uliyatliroq qaray boshlaganman. Chet tillarini bilganim uchun savollarimga turli manbalardan javob topa olardim. Dasturchilar orasida “Google it” degan tushuncha bor: savol tug‘ilsa, avvalo o‘zing qidirib ko‘rasan. Men ham kimdandir javob kutib o‘tirmasdan, ma’lumot izlardim.
Poliklinikada shifokor navbatini kutayotganimda boshqa ayollar bilan gaplashardim. Ularning ayrimlari til bilmasligi yoki ma’lumot qidirish ko‘nikmasi yo‘qligi sababli qiynalayotganini ko‘rganman. Ular ham farzand dunyoga keltirishadi, mendagi qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.
Shunda faqat o‘zim va farzandimga emas, boshqa ayollar va ularning farzandlariga nisbatan ham mas’uliyat hissi uyg‘ongan. Farzandli bo‘lganimdan keyin menga eng ko‘p yetishmagan narsa — holatimni tushunadigan, xuddi shunday davrni boshdan kechirayotgan insonlar edi. Nazariy jihatdan ko‘p narsani o‘qiganman, lekin o‘qib bilish bilan shu holatni boshdan kechirish boshqa-boshqa ekan.
Yaqinda ona bo‘lgan ayollar bilan gaplashganimda bir-birimizni tushunardik va o‘zimni yengilroq his qilardim. Shuning uchun Femmy orqali ayollar hamjamiyatini shakllantirishni xohlaganman. Bu o‘ylaganimizdek oson bo‘lmadi, lekin hozir auditoriyamiz kengaygani uchun bu yo‘nalish ustida ham ishlayapmiz.
Homiladorlikning oxirgi oylarida platforma yaratishga qaror qilganman. Dizayn kursini tugatib, ilova dizaynlarini tayyorlab qo‘yganman. Tug‘uruqxonadan qaytganimdan keyin esa dasturlash jarayoni boshlangan. Mening yo‘nalishim veb-dasturchilik edi. Mobil dasturchilik undan farq qiladi.
Tushuncham yetganicha ilovaning arxitekturasi va ayrim qismlarida qatnashganman, lekin ishlab chiqishda jamoa yordamidan foydalanganmiz. Boshida to‘rt nafar dasturchi qiz bilan ish boshlaganmiz. Keyinchalik yigitlar ham qo‘shilgan. Ikki yildan oshiq vaqt davomida jamoa tarkibi va vazifalar o‘zgargan. Hozir olti kishimiz.
Dasturchilarni yig‘ib, g‘oyamni tushuntirganman. Ular men bilan ishlashi uchun avvalo g‘oyaga ishonishi kerak edi. Ilova tayyor bo‘lgunicha haftada bir marta uchrashardik. O‘sha paytda farzandimga qarashda yordam beradigan odam bo‘lmagan. Uni chaqaloqlar savatchasiga solib, uchrashuvlarga olib borardim. U ham ishlab chiqish jarayonida biz bilan birga yurgan.
Chaqaloqligida ko‘proq uxlagani menga yordam bergan. Bu davr ham qiziq, ham qiyin bo‘lgan. Femmy — birinchi startapim. Ungacha biznes tajribam bo‘lmagan. Dasturchilik muhitida bo‘lganim uchun ilovani ishlab chiqish menga qiyinchilik tug‘dirmadi. Qiyin qismi keyinroq — loyihani yuritish, sotuv va daromad olish masalalarida boshlangan. Bular men uchun yangi soha edi.
Ba’zi qizlarda nimadir qilish istagi kuchli bo‘ladi. Faqat maishiy ishlar bilan band bo‘lib qolish ular uchun stress manbai bo‘lishi mumkin. Menda ham shunday bo‘lgan. Boshida dam olish yaxshi tuyulgan, chunki o‘qish va ishlashdan charchagan edim. Kurslar olib, yangi narsalarni o‘rgandim. Lekin o‘z imkoniyatlarimdan foydalanmayotganimni his qilish meni ko‘proq stressga tushirgan.
Farzandim tug‘ilishidan oldin tayyorgarlik ko‘rganim yordam bergan. Uning kun tartibini shakllantirishga e’tibor qaratganman. Qachon uxlashini bilganim uchun o‘z ishlarimni ham rejalashtira olardim. Ertalab farzandim bilan ochiq havoda sayr qilardik. Nonushta, bola bilan vaqt o‘tkazish va uydagilarga qarash bilan soat to‘qqizgacha band bo‘lardim.
Dastlab jamoani g‘oyamga qiziqtira olganman. Qanday ilova yaratmoqchiligimni, uning nima uchun kerakligini va kelajakda rivojlanish imkoniyatlarini tushuntirib berganman. O‘sha paytda aniq biznes-rejam bo‘lmagani uchun dasturchilar boshida loyiha ustida haq olmasdan ishlashgan. Ular ham g‘oyaga ishonib, uni amalga oshirishda yordam berishgan.
Bolam birinchi uyqusiga ketgach, Femmy bo‘yicha ishlarni boshlardim. Dasturchilar bilan gaplashib, ishlab chiqish jarayonini tekshirardim. Muammo bo‘lsa, jamoa bilan hal qilardik. Uyg‘ongunicha ishni tugatishga harakat qilganman. Tushdan keyingi uyqu vaqtini kontentga ajratardim: mavzularni o‘rganish, maqolalarni tarjima qilish va ekspertlarga tekshirtirish.
Ilova tayyor bo‘lganda joylashtirish uchun materiallarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlaganmiz. Keyin yana bola va uy ishlari, kechki sayr. Bolam kechki uyquga ketgach, o‘zimga vaqt ajratib, kitob o‘qirdim. O‘zbek tilida shunday ilova yaratish qiziqishi menga kuch va energiya bergan.
Birinchi sinov foydalanuvchilarimdan biri onam bo‘lgan. Ilovadan foydalanib, qaysi joyi oson yoki qiyinligini aytib berishlarini so‘raganman. Kichik amakimning ayoli ham yordam bergan. U bilan yoshlarimiz yaqin, opa-singildek munosabatdamiz. O‘sha paytda farzand kutayotgan edi. Femmy’dan oldin homiladorlik bo‘yicha ingliz tilidagi ilovadan foydalangan.
U yerda bolaning o‘lchami mevalarga qiyoslab ko‘rsatilgan. Tilni yaxshi tushunmagani uchun o‘sha mevani yeyish kerak, deb o‘ylagan ekan. Femmy’ni ko‘rsatib, bu meva bolaning o‘lchamini tushuntirish uchun ekanini aytganman. O‘zbek tilidagi maqolalarni o‘qib, ko‘p narsani tushunayotganidan xursand bo‘lgan. Hozirgacha mahallasidagi ayollar va qarindoshlarimizga ilovani tavsiya qiladi. Hatto telefonlariga o‘zi yuklab berib, qo‘llab-quvvatlab yuradi.
Boshidan maqsadimiz til to‘sig‘i bor ayollar uchun ham tushunarli mahsulot yaratish bo‘lgan. Dunyoda kuchli ilovalar borligini tan olaman. Lekin ular O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi ayollarning turmush tarziga har doim ham mos kelmaydi. Biz til bilan birga madaniy muhitga moslashishga ham e’tibor beramiz.
Investitsiya olish uchun ko‘p joyga borganman. Bir gap meni deyarli sindirgan: “Dunyoda bunday ilovalar ko‘p, yana bittasi kerak emas”. President Tech Award’dan oldin qatnashgan oxirgi tanlovim 2025-yilgi ICT WEEK doirasidagi Clash of Startups bo‘lgan. Tanlovga borayotib, agar yana shu gapni eshitsam, Femmy’ni rivojlantirish uchun investitsiya izlashni to‘xtataman, ilova hozirgi holatida qoladi, deb o‘ylaganman.
U yerda uchinchi o‘rinni oldim. Hakamlar xorijlik edi. Bu natijadan keyin o‘zimga ishonchim ancha oshgan. Hakamlardan biri mahsulotni mahalliy til va muhitga moslashtirish masalasiga alohida qiziqqan. Boshqa bozorga chiqishda mentorlik qilishini aytgan. Bu ham Femmy’ga ishonchimni kuchaytirgan.
Shundan keyin O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan, IT Park Uzbekistan ko‘magida tashkil etilgan President Tech Award tanlovida qatnashib, ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rinni olganmiz va 100 ming dollarlik grant yutganmiz. Lekin loyihani rivojlantirishdagi eng og‘ir davrlardan biri aynan shu g‘alabadan keyin boshlangan.
Plug and Play ekspertlari loyihani o‘rganib, biz bilan birga bir yillik KPI — natija ko‘rsatkichlarini belgilashgan. Grant bosqichma-bosqich berilardi: dastlab 50 ming dollar, keyin ikkita olti oylik davr uchun belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilgach, 25 ming dollardan.
Birinchi olti oylik vazifalarni bajarish qiyin bo‘lgan. Ularni belgilayotganimizda osonroq ko‘ringan. Birinchi o‘rinni olganim uchun o‘zimga ishonchim ham oshgan edi. Lekin muddat yaqinlashgani sari bosim kuchaygan. Ba’zan o‘zimni boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek his qilganman. Birinchi bosqichni qiyinchilik bilan yakunlaganmiz. Bu katta dars bo‘lgan.
O‘zim belgilagan maqsadlarda muddatni o‘zgartirishim mumkin. Bu yerda esa bizga ishonib mablag‘ berilgan, o‘zimiz ham vazifalarni bajara olishimizni tasdiqlaganmiz. Shu mas’uliyat bosimni kuchaytirgan.
Bizning bozor hali yangi. Ayollar orasida ilovaga pulli obuna sotib olish odati to‘liq shakllanmagan. Startap bir tomondan foydalanuvchiga mahsulotdan foydalanishni o‘rgatishi, ikkinchi tomondan o‘z faoliyatini moliyaviy ta’minlashi kerak. Bu oson emas.
Hozir ikkinchi olti oylik vazifalarini bajarish arafasidamiz. Faoliyatimizni hozircha tanlovda yutilgan mablag‘ hisobidan olib boryapmiz. 2027-yil boshidan investitsiya jalb qilish ustida ishlashni rejalashtirganmiz. Bunga tayyor bo‘lish uchun hali bajarishimiz kerak bo‘lgan ko‘rsatkichlar bor.
Investitsiya ololmay yurgan paytlarimda ham menga motivatsiya bergan narsa foydalanuvchilarning xabarlari edi. Yordam xizmatimizga odatda muammosi bor ayollar yozishadi. Lekin ayrimlari hech qanday muammosiz, shunchaki rahmat aytish uchun yozardi. Ilovaning o‘zbek tilida yaratilganini yaxshi qabul qilishadi, o‘z tilida foydalanish qulayligi uchun minnatdorlik bildirishadi.
Bir safar bu mavzularda uydagilari bilan gaplasha olmagan 14 yoshli qiz yozgan. Avval ilovadan kalendar uchun foydalana boshlagan. Keyin maqolalarni o‘qib, o‘z tanasi va reproduktiv salomatlik haqida ko‘p narsani tushunganini aytgan. Bu meni juda xursand qilgan.
Oldingi homiladorligida farzandini yo‘qotgan bir ayolning hikoyasi ham yodimda qolgan. U keyingi homiladorligini rejalashtirib, butun davr davomida Femmy’dan foydalangan. Bolasining rivojlanishi va keyingi bosqichlarda nimalar kutishi haqida o‘qib yurgan.
Farzandini dunyoga keltirgach, rahmat aytib yozgan. Endi bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun ham ilovadan foydalanishini aytgan. U birinchi foydalanuvchilarimizdan edi.
Ayolning reproduktiv salomatligi keng yo‘nalish. Hali turmushga chiqmagan qiz, farzand rejalashtirayotgan, homilador, yaqinda ona bo‘lgan yoki menopauza davridagi ayol — har birining savollari va ehtiyojlari boshqacha. Femmy’ni ochganingizda o‘z holatingizni tanlaysiz: hayz sikli, homiladorlik, tug‘ruqdan keyingi tiklanish yoki menopauza. Shunga qarab mos ma’lumot va imkoniyatlar taqdim etiladi.
Sikl va alomatlarni qayd etib borish vositasi, maqolalar va AI chatbot bor. Holatingiz o‘zgarsa, ilovadagi rejimni ham o‘zgartirasiz. Masalan, farzandingiz tug‘ilgach, homiladorlik rejimidan tiklanish va bolaga g‘amxo‘rlik haqidagi ma’lumotlarga o‘tasiz.
Boshida kontentni o‘zim tayyorlab, ginekologlarga tekshirtirganman. Hali tayyor mahsulot bo‘lmagani uchun g‘oyani tushuntirish ham oson emasdi. Ginekolog konsultatsiyasi uchun pul to‘lab, shu vaqtning bir qismini materiallarni tekshirishga ajratishlarini so‘raganman.
President Tech Award’dan keyin bizni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘lashgan. Ilovani tekshirtirganmiz, madaniy muhitga mos kelmasligi aytilgan ayrim qismlarini olib tashlaganmiz. Hozir vazirlik bilan hamkorlikda ishlaymiz.
Femmy’dan 20 dan ortiq davlatda foydalanishadi. Bu davlatlarning barchasida rasman faoliyat yo‘lga qo‘yganimiz degani emas: odamlar ilovani turgan joyidan yuklab, foydalanishi mumkin. Bugun Femmy’dan 100 mingdan ortiq qiz va ayol foydalanadi. Ilovaning O‘zbekistondan tashqari Germaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, AQSh, Xitoy va Tojikistonda ham foydalanuvchilari bor.
Loyihamiz rus va ingliz tillarida ham bor. Hozir telemeditsina va klinikalar bilan integratsiya ustida ishlayapmiz. Shifokor bilan qo‘ng‘iroq yoki video orqali onlayn maslahatlashish, zarur bo‘lsa hududdagi klinikaga murojaat qilish imkonini yaratmoqchimiz.
Yana bir yo‘nalish — ilovada qayd etilgan sikl va alomatlar asosida hisobot tayyorlash. Shifokor ko‘rikda qachon o‘zingizni yomon his qilganingiz, qanday dorilar qabul qilganingizni so‘raydi. Hamma ham buni to‘liq eslab ayta olmaydi. Ma’lumotlarni muntazam qayd etish holatingizni shifokorga tushuntirishni osonlashtiradi.
Turmushga chiqishimdan oldin ginekologik muammom bo‘lgan. Onam buni uyat deb hisoblagani uchun ginekologga borishimni istamagan. Lekin og‘riq kuchli edi. Amakimning ayoli tibbiyot sohasida ishlagani uchun holatimni tushunib, meni shifokorga olib borgan. Davolanish jarayonida ham yordam bergan.
“Qiz bola og‘risa chidashi kerak, bu tabiiy, shifokorga borish uyat”, degan munosabatni o‘zim ko‘rganman. Atrofimda hozir ham shunday qarashlar bilan yashayotgan qizlar bor. Muammolar vaqtida o‘rganilmasa, keyinchalik jiddiyroq oqibatlarga olib kelishidan xavotirdaman. Farzandli bo‘lish bilan bog‘liq qiyinchilik paydo bo‘lsa ham, ko‘pincha ayb kelindan qidiriladi.
Muammoni birgalikda hal qilish o‘rniga ayolni ayblash holatlari bor. Qizlarga o‘z tanasi, salomatligi va homiladorlikka tayyorgarlik haqida ma’lumot berishga juda jiddiy qarayman. Ayollar sog‘lig‘i haqida gap ketganda “uyat” deb jim qolmasligini xohlayman. Eng katta maqsadim shu.
Mendan yoshroq qizlar oilaviy mas’uliyat yoki yaqinlarining qarshiligi haqida ko‘p so‘rashadi. Avvalo imkoni boricha gaplashib, maqsadlarini tushuntirishni maslahat beraman. O‘zim ona bo‘lganimdan keyin buni yaxshiroq tushunyapman: ko‘pincha ota-onalar yomonlik uchun emas, farzandining xavfsizligini o‘ylab cheklashadi. Ayniqsa qizlarini ko‘proq avaylashadi.
Menda ham ayrim paytlarda qarshilik bo‘lgan. Lekin ishlashni boshlaganimdan keyin qo‘limdan nima kelishini ko‘rishgan. Qiziqishim vaqtinchalik emasligini tushunishgach, kuchli qo‘llab-quvvatlashgan.
Talabalik davrimda Google Developer Student Clubs dasturida elchi bo‘lganman. Andijonda dasturchilar uchun tadbirlar tashkil qilib, boshqa universitetlar talabalari va Digital City’dagi dasturchilarni ham jalb qilganmiz. Ko‘proq odam dasturlashga kirib kelishini xohlaganman.
2023-yilda Amsterdamdagi Google I/O tadbiriga taklif qilinganman. Viza ololmaganim uchun bora olmaganman, lekin Best Impact Award bilan taqdirlanganman. Sertifikatimni O‘zbekistondan borgan vakillar olib kelib berishgan.
Natijalarimni ko‘rishgach, oilamda menga nisbatan ishonch shakllangan. Turmush qurishimdan oldin ham maqsadlarim va faoliyatim haqida gaplashganmiz. Shuning uchun keyin ishlashimga nisbatan tushunmovchilik bo‘lmagan.
O‘z tajribamdan aytaman: qiziqqan sohangizda natija ko‘rsatishga harakat qiling. Ota-onangiz ham xursand bo‘ladi, faxrlanadi va keyingi qadamlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir IT sohasida imkoniyatlar, dasturlar va grantlar ko‘p. Faol qatnashib, o‘zingizni ko‘rsatsangiz, yo‘l ochiladi.

