Ayol Ontario boʻylab shifoxonalardagi bemorlar va xodimlardan oʻgʻrilik qilganlikda ayblanmoqda
34 yoshli shaxs 2024 yilning fevralida boshlanib, oʻtgan oygacha davom etgan hodisalar boʻyicha tergov qilinmoqda.

Ayol Ontario boʻylab shifoxonalardagi bemorlar va xodimlardan oʻgʻirlik qilganlikda ayblanmoqda
Kanadaning Ontario provintsiyasi politsiyasi bir ayolga nisbatan 65 ta ayblov, jumladan, firibgarlik va oʻgʻirlik ayblovlarini ilgari surdi. U provintsiyadagi bir nechta sogʻliqni saqlash markazlarida bemorlar va xodimlardan oʻgʻirlik qilganlikda gumon qilinmoqda.
Ontario provintsiyasi politsiyasi (OPP) gumonlanuvchining shaxsini maʼlum qildi — u Torontodan 56 km (34 mil) janubda joylashgan Berlington shahrida yashovchi 34 yoshli Nassim Eronndir.
«Tergov sogʻliqni saqlash muassasalaridagi bemorlar va xodimlar ishtirokidagi oʻgʻirlik va firibgarlik haqidagi koʻplab xabarlardan soʻng boshlandi», — deyiladi politsiyaning BBC News’ga bergan bayonotida.
Politsiya maʼlumotlariga koʻra, tergov qilinayotgan hodisalar 2024 yilning fevralida boshlangan va shu yilning oʻtgan oyigacha davom etgan. Gumonlanuvchi provintsiya boʻylab sogʻliqni saqlash markazlarida ishlagan.
Unga nisbatan 5000 dollardan kam miqdordagi firibgarlik boʻyicha 34 ta band, 5000 dollardan kam miqdordagi oʻgʻirlik boʻyicha 13 ta band va sud qaroriga boʻysunmaslik boʻyicha yettita banddan iborat ayblovlar qoʻyilgan, deb xabar berdi politsiya. Qoʻshimcha ayblovlar qatoriga ishonchni suiisteʼmol qilish va oʻzganing shaxsiga daʼvo qilish (oʻzini boshqa odam qilib koʻrsatish) kiradi.
OPP ayol ustidan tergovni may oyida, Torontodan taxminan 130 km shimolda joylashgan Orillia Soldiers' Memorial Hospital shifoxonasidagi faoliyati bilan bogʻliq oʻgʻirlik haqidagi xabardan keyin boshlagan edi.
«Ushbu tergov shifoxona ichidagi bemorlar va xodimlardan kelib tushgan oʻgʻirlik va firibgarlik toʻgʻrisidagi bir nechta shikoyatlar ortidan boshlandi», — degan edi politsiya oʻsha paytda.
Keyinchalik tergov doirasi kengaytirilib, boshqa shifoxonalar ham qamrab olindi va u yerlarda ham yangi holatlar aniqlandi.
«Bir nechta tintuv orderlari ijro etilib, ular davomida katta miqdordagi mol-mulk musodara qilindi», — dedi politsiya.
Gumonlanuvchining shifoxonalardagi aniq vazifasi nimadan iborat boʻlgani hozircha nomaʼlum.
Tergovchilar boshqa jabrlanuvchilar ham boʻlishi mumkin deb hisoblamoqda va shubhali tranzaktsiyalar boʻyicha moliyaviy hisobotlarni koʻrib chiqqandan soʻng, jamoatchilikdan biror tegishli maʼlumotga ega boʻlsa, murojaat qilishni soʻradi.
Tergov beshta sogʻliqni saqlash muassasasini qamrab olgan:
Orillia Soldiers' Memorial Hospital (Oriliya, Ontario) — 2025 yil aprel va 2026 yil mart oraligʻida
Headwaters Health Care Centre (Oranjvill, Ontario) — 2026 yil avgust va 2026 yil sentyabr oraligʻida
Trillium Health Partners, Mississauga Hospital (Missisoga, Ontario) — 2025 yil avgust va 2026 yil iyul oraligʻida
St Joseph's Health Centre (Toronto, Ontario) — 2024 yil iyul va 2025 yil yanvar oraligʻida
West Park Health Care Centre (Toronto, Ontario) — 2024 yil fevral va 2024 yil aprel oraligʻida

