Siyosat

“Aybimiz bo‘lsa, uzrimizni so‘raymiz” — Chinoz hokimi “Sharmandali mahalla” yozuvini yopishtirish topshirigʻi bo‘yicha izoh berdi

Chinoz tumani hokimi Sherzod Salixov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Sharmandali mahalla” yozuvini yopishtirish haqidagi topshirig‘iga izoh berdi va agar aybi bo‘lsa, uzr so‘rashini bildirdi.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Chinoz tumani hokimi Sherzod Salixovning mahallalarni “Sharmandali mahalla” toifasiga ajratish va shunday yozuvli bannerlarni osib chiqish haqidagi ko‘rsatmasi qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgandi.

Hokimlikning Telegram kanalida e’lon qilingan (keyinchalik o‘chirilgan) videoda Sherzod Salixov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Birlik mahallasidagi obodonlashtirish va sanitariya holati qoniqarsiz deb topilgan. Shu sababli, hokim Birlik mahallasini ramziy ma’noda “Sharmandali mahalla” deb atagan. Yig‘ilishda tuman hokimi “Sharmandali mahalla” va “Uyatli xonadon” yozuvlari tushirilgan bannerlarni ko‘rinadigan joylarga ilishni buyurgan.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, 40 nafar vakil – korxona va tashkilot rahbarlari xonadonlarga, mahalla raisining uyiga borishi kerak edi. Ular mahalla raisining uyining darvozasi bo‘yalganmi, devorlari oqlanganmi, ko‘chasida rayhon yoki atirgul bormi, hovlisi va tomorqasi qanday ekanligini to‘rtta rasmga olib yuborishi lozim edi. Hokim ertasi kuni ertalab bu masalani muhokama qilishini va agar kechgacha vazifalar bajarilmasa, o‘sha xonadonni “Uyatli xonadon” deb e’lon qilib, o‘zi borib bannerni osdirishini aytgan. Sherzod Salixov, shuningdek, ertalab soat 6:00 dan boshlab mahalla yettiligi a’zolari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chalarda xonadonbay ishlarni tashkil etishini qo‘shimcha qilgan.

“Daryo” nashriga bergan izohida Chinoz tumani hokimi Sherzod Salixov mahallalarni “Sharmandali mahalla” va uylarni “Uyatli xonadon” toifasiga bo‘lish bo‘yicha unga hech kim topshiriq bermaganini ta’kidladi.

“Bu o‘zimning tashabbusim. Yig‘ilish oxirida agar aytilgan vazifalarni bajarmasalaring, shunaqa qilinadi, deb aytganman. Lekin bu hech qayerda joriy qilinmadi. “Sharmandali mahalla” degan banner yopishtirilib, yana o‘sha zahoti ko‘chirib olib ketilgan. Faqat ijtimoiy tarmoqqa chiqarish uchun videoga olingan. Lekin birorta xonadonga, birorta mahallaga osmaganman. Shunaqa bo‘ladi degan maqsadda ilib, ko‘rsatib, yana qaytarib olib qo‘yganmiz”, — dedi hokim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbusdan maqsad “Dolzarb 40 kunlik” doirasida xalqni uyg‘otib, obodonlashtirishga chorlash bo‘lgan.

“Men tuman hokimi sifatida o‘zimning tumanimni, o‘zimning xonadonimni bunaqa tarzda olib chiqish o‘zimga ham sal noto‘g‘ri bo‘ladi. Mening maqsadim mahalla yettiligini sharmanda qilish emas. Ularni qo‘llab-quvvatlash, ko‘tarish, boshini birlashtirish. Hamma har xil talqin qilyapti buni. Lekin o‘sha talqin qilayotganlar bir kun kelib hokim bo‘lib, xalq bilan ishlasa, vaziyatni tushunadi. Biz kimningdir uyiga tazyiq bilan kirib emas, tushuntirib targ‘ibot qildik. Buni tashviqotning bitta ko‘rinishi deb qabul qilishsa, menimcha, to‘g‘ri talqin bo‘ladi. Balki sal qo‘polroq bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkin, buni tan olaman”, — dedi Sherzod Salixov.

Tuman hokimi hamma xato qilishini ta’kidlab uzr so‘radi: “Balki qaysidir joyda sal qo‘pollashib ketgandirman. Beayb parvardigor. Aybimiz bo‘lsa, uzrimizni so‘raymiz. To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsak, to‘g‘rimiz, deb ishimizni davom ettiramiz”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov fuqaroning xonadoniga kirib, yashash sharoitini tanqid qilgani hamda unga nisbatan jarima qo‘llashni buyurgani aks etgan video tarqalgandi. Shundan so‘ng tuman hokimligi holat yuzasidan “Daryo”ga munosabat bildirib, hokim aslida nogironligi bo‘lgan keksa fuqaroning xonadoniga bormoqchi bo‘lgani, biroq mahalla raisi yanglish ravishda qo‘shni uyni ko‘rsatgani sababli boshqa xonadonga kirilganini ma’lum qilgandi.

Ombudsman Feruza Eshmatova ham holat yuzasidan izoh berib, uning pozitsiyasi doim bir xil — har qanday davlat organi yoki mansabdor shaxs faoliyati insonning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipiga asoslanishi kerakligini ta’kidlagandi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ham mas’ullarning uyma-uy yurib, uy atrofi, oshxona hamda ekin maydonlarini tekshirish va so‘roqqa tutishini qonunga zid deb baholagan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.