Avstraliyaning eng keksa "David Jones" univermagi 188 yildan keyin kasodga uchradi
Tarmoq faoliyati qabul qiluvchi boshqaruvchilar tomonidan oʻrganib chiqilayotgan bir vaqtda, brendning 38 ta jismoniy doʻkoni va onlayn saytlari oʻz ishini davom ettiradi.

Avstraliyaning eng keksa univermagi David Jones 188 yildan keyin bankrotlikka uchradi
Avstraliyaning eng keksa univermagi boʻlmish David Jones ixtiyoriy administratsiya (bankrotlik) tartibiga oʻtdi.
Mamlakatdagi eng keksa univermaglar tarmogʻi boʻlgan David Jones ixtiyoriy administratsiya tartibiga oʻtdi va buning oqibatida minglab ish oʻrinlari xavf ostida qoldi.
Ushbu qadam xaridorlar anʼanaviy doʻkonlardan onlayn xaridlarga oʻta boshlagani sababli, mahalliy aholi orasida DJs nomi bilan tanilgan 188 yillik riteylerning bir necha yillik moliyaviy qiyinchiliklaridan soʻng tashlandi.
McGrathNicol ixtiyoriy administratorlariga koʻra, FTI Consulting qabul qiluvchi tashkiloti kompaniyani oʻrganayotgan bir paytda David Jones’ning jismoniy va onlayn doʻkonlari oʻz faoliyatini davom ettiradi.
"David Jones afsonaviy kompaniya hisoblanadi va juda koʻp avstraliyaliklarning DJ's doʻkonlariga tashrif buyurgani haqida xotiralari va tarixi bor", dedi bosh ijrochi direktor Erika Bertold va brend "biznesni kelajak uchun qayta yoʻlga qoʻyish" boʻyicha "yaxshi puxta ishlangan reja"ga ega ekanini qoʻshimcha qildi.
Bertold, shuningdek, "mijozlarga, jamoamiz aʼzolariga va hamkorlarimizga ushbu davrda David Jones’ni doimiy qoʻllab-quvvatlab turganliklari uchun" minnatdorchilik bildirdi.
David Jones’da 6000 ga yaqin xodim ishlaydi va u 38 ta jismoniy doʻkonga ega, jumladan 17 tasi Westfield savdo markazlarida joylashgan.
Boshqaruv kengashi administratsiya tartibiga oʻtishga qaror qilishidan bir necha soat oldin, Westfield egasi boʻlmish Scentre kompaniyasi riteyler oktyabr oyi uchun ijara haqini toʻlamaganini va "shu sababli ijara shartnomasini buzganini" maʼlum qildi.
"Hozirgi chakana savdo muhiti, oʻsib borayotgan xarajatlar, katta va eskirgan savdo maydonlari hamda taʼminot zanjiridagi muammolar ushbu holatga olib kelganini tushunamiz", dedi FTI Consulting qabul qiluvchi tashkilotidan Kristofer Xill.
Xillning taʼkidlashicha, administratorlar va qabul qiluvchilarni tayinlash David Jones’ga "nafas rostlab olish" va biznesni qayta tashkil etish imkoniyatini beradi.
Koʻpchilik avstraliyaliklar uchun David Jones va uning firma belgisi boʻlmish qora va oq rangli "qargʻa oyogʻi" (houndstooth) naqshi hashamat timsoli edi.
Biroq uning inqirozi univermag modeli uchun "oʻlim qoʻngʻirogʻi" boʻldi, dedi Makkuori universiteti Biznes maktabida marketingdan dars beruvchi Yana Bouden.
"Bir paytlar u Avstraliyadagi hashamatli xaridlarning eng yuqori choʻqqisi — Harrods’ning avstraliyacha shakli edi", dedi u, "hashamat va jozibani koʻrish, uning bir qismiga aylanish, barcha premium klassdagi hashamatli brendlardan hayratlanish va oʻzingizni muvaffaqiyatga erishganday his qilish uchun boradigan joy edi".
Sidney markazidagi bosh doʻkonga tashrif buyurish, ayniqsa, bayramona Rojdestvo vitrinalarini tomosha qilish koʻplab avstraliyalik oilalar uchun anʼana edi.
"Odamlar shunchaki oʻsha vitrinalarni koʻrish va sehrni his qilish uchun shahardan bir necha soatlik uzoqlikdagi joylardan kelishardi", dedi Bouden, ammo soʻnggi yillarda brend oʻz jozibasini yoʻqotdi.
"Shahar markazidagi doʻkonlar oʻzlarining yuqori tabaqaga xos salobatini saqlab qolgan, ammo shahar atrofidagi doʻkonlar juda hafsalani pir qiladi – ular oddiy, hayajondan xoli va ularda hech qanday hashamat qolmagan", dedi u.

