Avstraliyadagi ilk Mishlen yulduzlari bir shtatdagi 11 ta restoranga berildi
Barcha joylar Janubiy Avstraliyada joylashgan boʻlib, Adelaida va uning atrofidagi vinochilik hududlarini qamrab oladi.

Avstraliya oʻzining ilk Mishlen yulduzlarini qoʻlga kiritdi, Janubiy Avstraliyadagi 11 ta restoran gidning mamlakatdagi debyut tanlovida ushbu sharafga sazovor boʻldi.
Adelaidadagi Magill Estate Restaurant ikkita yulduz bilan taqdirlangan yagona maskan boʻldi, qolgan 10 tasi esa bittadan yulduz oldi.
ABC milliy teleradiokompaniyasiga koʻra, Janubiy Avstraliya hukumati inspektorlarning shtat boʻylab xufiyona sayohatini moliyalashtirgan, bu esa nima uchun mamlakatning boshqa hududlaridagi maskanlar roʻyxatga kiritilmaganini tushuntiradi.
Ushbu eʼlon Mishlen gidi Frantsiyada ilk bor nashr etilganidan 100 yildan koʻproq vaqt oʻtgach va uni Avstraliyaga olib kelish boʻyicha koʻp yillik muvaffaqiyatsiz urinishlardan soʻng yangradi.
Soʻnggi 10 yil davomida Mishlen Milliy turizm kengashi bilan gidni mamlakatga joriy etish boʻyicha bir necha bor muzokaralar olib borgan, ammo bu suhbatlar kelishuvga olib kelmagan edi.
Janubiy Avstraliya mustaqil harakat qilish va oʻz bitimini tuzishni maʼqul koʻrdi. Shtat hukumati toʻlangan summani oshkor etmadi, ammo Turizm vaziri Emili Berk teleradiokompaniyaga bergan intervyusida ushbu xarajatlarni yoqladi.
"Bu bizga turistik yoʻnalish yaratish va oʻzimizni dunyo xaritasiga kiritish imkonini bermoqda", dedi u.
Bu qaror Mishlenning Yangi Zelandiyaga kengayishi ortidan qabul qilindi. Yangi Zelandiya gidga kiritilgani uchun uch yil davomida 6,3 million Yangi Zelandiya dollari (2,7 million funt sterling; 3,5 million dollar) toʻlashga rozi boʻlib, shul yilning iyul oyida Okeaniyada bu giddan joy olgan birinchi yoʻnalishga aylangan edi.
1900 yilda aka-uka Andre va Eduard Mishlenlar tomonidan asos solingan gid dastlab haydovchilarni sayohat qilishga undash, pirovardida ularning asosiy shina sotish biznesini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan edi. U restoran mukofotlari sohasida eng tanilgan nomlardan biriga aylanishidan oldin haydovchilarga xaritalar hamda ovqatlanish va yashash joylari boʻyicha tavsiyalar berib kelgan.
Mishlen yulduzlari 1926 yilda joriy etilgan va shundan beri butun dunyo boʻylab oshpazlar va restoranlar uchun eng nufuzli mukofotga aylangan.
Bitta yulduz yuqori sifatli taom tayyorlanishini, ikkita yulduz yoʻlni bursa arziydigan aʼlo darajadagi taomlarni, uchta yulduz esa maxsus sayohatga arziydigan favqulodda pazandachilik sanʼatini anglatadi.
Bitta yulduz sohiblari orasida ochiq olovda taom tayyorlashga ixtisoslashgan Norvuddagi Arkhé restorani boʻlsa, Adelaidadagi Aptos Avstraliyaning mahalliy mahsulotlariga asoslangan degustatsiya menyusini taklif etadi.
Kengroq gidda Janubiy Avstraliyaning 70 dan ortiq boshqa restoranlari ham oʻrin olgan boʻlib, ular orasida "Bib Gourmand" kategoriyasida eʼtirof etilganlar ham bor. Bu kategoriya hamyonbop narxlarda yaxshi taomlarni taqdim etadigan restoranlarni ajratib koʻrsatadi.

