Avstraliya F-35 qiruvchi samolyot qismlarini adashib Gonkongga yubordi. Yuk qayerdaligi noma’lum

Avstraliya F-35 qiruvchi samolyoti qismlarini tasodifan Gonkongga jo‘natib yubordi. Yukning qayerdaligi noma’lum
Avstraliya hukumati AQSHning F-35 qiruvchi samolyoti uchun ehtiyot qismlarni AQSHga yuborish o‘rniga adashib Gonkongga jo‘natgani ma’lum bo‘ldi. Endi bu ma’lumotni Avstraliya rasmiylari ham tasdiqladi.
Beshinchi avlodga mansub F-35 Lightning II qiruvchi samolyoti uchun ehtiyot qismlar ortilgan yuk shu yozda adashib Gonkongga yetib borgan. Yuk Avstraliya orqali tranzit tarzida AQSHga yuborilayotgan edi, biroq kutilmaganda Xitoyga yo‘naltirilgan.
Bu holat milliy xavfsizlik bo‘yicha muhim qo‘mitalarda ishlaydigan AQSH Kongressi xodimlari ishtirokida shoshilinch brifinglar o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan. Politico’ga ko‘ra, yuk tarkibida ko‘rinmaslik texnologiyalarini o‘z ichiga olgan samolyot kabinasining kamida bitta fonari bo‘lgan. Bunday texnologiyalardan foydalanish huquqi faqat AQSH va uning ittifoqchilariga berilgan. Xitoy esa bunday texnologiyalarni qo‘lga kiritishga qiziqadi.
Samolyot qismlari ortilgan yuk aynan qachon yo‘qolgani ochiqlanmagan. Dastlabki shoshilinch yig‘ilishlar iyun oyida bo‘lib o‘tgan. Avstraliya mudofaa vaziri Richard Marls 22-sentyabr kuni voqeani tasdiqladi:
“Biz bundan xabardormiz, tergovga yordam berish uchun Qo‘shma Shtatlar va Lockheed Martin bilan hamkorlik qilmoqdamiz” , dedi u jurnalistlarga.
Shu bilan birga, Marls yuk tarkibida o‘ta muhim yoki maxfiy ehtiyot qismlar bo‘lmaganini aytdi. Qolgan savollarni u AQSH, ishlab chiqaruvchi Lockheed Martin kompaniyasi va yetkazib berish masalalari bilan shug‘ullanuvchi pudratchiga yo‘naltirdi. Lockheed kompaniyasi esa CNN’ga xavfsizlik nuqtayi nazaridan yukning holati haqida izoh bermasligini bildirdi. Hozirda yukning qayerdaligi noma’lum.

