Avgust oyida global harorat tarixiy rekord oʻrnatdi
2026-yil avgusti meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy sifatida qayd etildi. Dunyo boʻyicha oʻrtacha harorat 16,96 daraja Selsiyni tashkil etib, 2023-yilda oʻrnatilgan avvalgi rekorddan ham yuqori boʻldi.

Avgust oyida global harorat tarixiy rekordga chiqdi
Yevropaning Copernicus iqlim oʻzgarishini monitoring qilish xizmati (C3S) bergan maʼlumotlarga koʻra, 2026-yil avgustida Yer yuzidagi oʻrtacha harorat 16,96 daraja Selsiyga yetgan.
Bu koʻrsatkich 2023-yil avgustida qayd etilgan avvalgi eng yuqori natijadan ham oshib ketgan. Shu tariqa, 2026-yil avgusti kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy sifatida qayd etildi.
Reuters yozishicha, global haroratning sanoatlashuvgacha boʻlgan davr darajasiga nisbatan isishi 2025-yil noyabridan beri ilk bor 1,5 darajadan yuqoriga koʻtarilgan.
Copernicus mutaxassislari 2026-yil yozi Gʻarbiy Yevropada ham kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz boʻlganini qayd etgan. Shu bilan birga, dengiz suvi harorati ham misli koʻrilmagan darajada yuqori darajalarga chiqqan.
2026-yil yozi ketma-ket kuzatilgan oʻta kuchli issiq toʻlqinlari bilan ajralib turgan. Ekstremal yuqori haroratlar ayrim hududlarda daryolar sathining pasayishi va oʻsimliklarning qurishiga sabab boʻlgan.
Rekord darajadagi issiqlik boshqa ekstremal ob-havo hodisalari, jumladan suv toshqinlari va yirik oʻrmon yongʻinlari bilan ham birga kechgan.
Copernicus eksperti Samanta Byorjess AFPʼga bergan izohida, insoniyat kamida soʻnggi 100 ming yil ichida hozirgidek yuqori haroratlarga duch kelmagan boʻlishi mumkinligini aytgan.
U iqlim oʻzgarishi endi mavhum tushuncha emasligini, uning oqibatlari odamlarning kundalik hayotiga tobora koʻproq taʼsir qilayotganini taʼkidlagan. Yevropada kuchli issiq paytida yoʻl qoplamalarining erishi va shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarning ortishi shular jumlasidan.
Copernicus iqlim isishining asosiy sababi sifatida neft, koʻmir va gaz kabi qazilma yoqilgʻilarni yoqish natijasida atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarini koʻrsatmoqda.
Avvalroq tashkilot 2026-yilning iyun va iyul oylarini ham Gʻarbiy Yevropa tarixidagi eng issiq oylar sifatida qayd etgan edi.

