Mahalliy

Auditoriya ishonch bilan ovoz bermoqda. Mass-media fondi direktorining kolonkasi

Mass-media fondi yaqinda Oʻzbekistondagi mediaisteʼmol boʻyicha tadqiqot yakunlarini taqdim etdi. Fond direktori Jahongir Azimov oʻz kolonkasida raqamlarni qanday tushunish kerakligi va ular mediasoha uchun nimani anglatishini tushuntirib beradi.

Auditoriya ishonch bilan ovoz bermoqda. Mass-media fondi direktorining kolonkasi

Oxirgi ikki yarim yil ichida men loaqal bir marotaba boʻlsa ham Oʻzbekistonda mediaisteʼmolni tadqiq qilishning oʻtkir zarurati mavjudligi mavzusini koʻtargan birorta ham konferentsiya, seminar yoki trening boʻlmadi, shekilli. Mediasoha tashkilotlar soni boʻyicha ham, formatlar xilma-xilligi boʻyicha ham sezilarli darajada oldinga siljidi. shuning uchun audit oʻtkazish vaqti allaqachon kelgan edi. Mening nazarimda, mediasoha uchun axborot isteʼmolchilaridan toʻgʻridan-toʻgʻri qayta aloqa olish eng maqbul va xolis yoʻldir.

Biz — Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoat fikrini oʻrganish markazi tashabbusi bilan aynan shunday yoʻl tutildi.

Yaqinda biz Oʻzbekistonda mediaisteʼmol boʻyicha Milliy tadqiqot yakunlarini taqdim etdik. Uzoq yillar ichida ilk bor bizda aholining odatlari, afzal koʻradigan jihatlari va axborotga boʻlgan ehtiyojlari toʻgʻrisida maʼlumotlar paydo boʻldi.

Maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilishni «Ijtimoiy fikr» markazi amalga oshirdi, metodologiya va savollarni esa biz birgalikda sinchkovlik bilan ishlab chiqdik.

Haqiqatni tan olish kerakki, bu kabi tadqiqotlar ilgari ham oʻtkazilgan, ammo bunday miqyosda va aynan aholi orasida, ayniqsa Oʻzbekistonning qishloq joylarida xonadonbay soʻrov usulida oʻtkazilmagan edi.

Lutfan aytish mumkinki, loyihamizning ajralib turadigan xususiyati ham aynan shunda. Biz mamlakatning barcha 14 ta hududidagi ham shahar (53,9%), ham qishloq (46,1%) joylarida yashovchi 18 yosh va undan katta boʻlgan 1411 nafar kishi oʻrtasida soʻrov oʻtkazdik. Mediaisteʼmolning gender, yosh va hududiy xususiyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, shuni tushunish muhimki: tadqiqotimiz razvedka xususiyatiga ega. Boshqacha aytganda, biz mamlakatda yosh, jins, hudud, aholi punkti turi va bandlik kesimida axborot kontentini isteʼmol qilish va turli kanallardan foydalanishning umumiy modellarini aniqlashga muvaffaq boʻldik.

Biroq televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar, onlayn va bosma matbuotni yanada chuqurroq oʻrganish uchun fokus-guruhlarni qoʻllagan holda alohida tadqiqot talab etiladi, buni tahririyatlar mustaqil ravishda ham oʻtkazishlari mumkin.

Yakunda biz 200 sahifadan ortiq hajmdagi hujjatga ega boʻldik, aytgancha, uni fond saytidan xohlagan kishi yuklab olishi mumkin.

Raqamlarni tushunish — bir masala. Mediamakondagi tendentsiyalarni tushunish va ularni koʻrsatkichlar bilan solishtirishga harakat qilish esa butunlay boshqa narsa. Xoʻsh, maʼlumotlar nimadan dalolat beradi?

Oʻzbekiston auditoriyasi — bu oʻzining saralash qobiliyati va afzalliklariga ega boʻlgan shakllangan va anglab yetgan organizmdir. Biz soʻralganlarning yarmidan koʻpi (50,4%) yangiliklarni kuzatib borishini, yana 30,4 foizi esa vaqti-vaqti bilan ularga qiziqishini bilamiz. Bu yuqori koʻrsatkichlardir. Bundan tashqari, raqamlar yoshlarning ham Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan voqealarga befarq emasligini koʻrsatmoqda.

Aholini dunyo yangiliklariga qaraganda mamlakat hayoti koʻproq qiziqtiradi, garchi ular ham muhim boʻlsa-da. Masalan, soʻralganlarning 53,9 foizi TV orqali, 60,2 foizi bosma va elektron nashrlar orqali, 50,6 foizi ijtimoiy tarmoqlar orqali va 50,4 foizi Telegram orqali yangiliklarni muntazam kuzatib borishini maʼlum qilgan. Messenjerning ommabopligini hisobga olib, biz Telegram'ni ongli ravishda alohida kategoriyaga ajratdik.

Bunda auditoriyani shunchaki yangiliklar qiziqtirmaydi. Yangiliklarga qiziqib, odamlar oʻz hayot sifatini qanday yaxshilashni tushunishni xohlashadi. Bu mening subʼyektiv gipotezam. Bunday taxminni nima bilan izohlash mumkin? Axborotning afzal koʻriladigan mavzulari toʻgʻrisidagi jadvalga koʻra, odamlar taʼlim va fan, sogʻliqni saqlash, davlat boshqaruvi va siyosat haqidagi maʼlumotlarni muntazam ravishda izlaydilar. Birinchi qarashda bu mavzularning barchasi maishiy boʻlib tuyuladi, ammo medianing Albert Banduraning ijtimoiy oʻrganish nazariyasiga (Social Learning Theory) hamohang boʻlgan asosiy funktsiyalaridan biri — OAV orqali dunyoni anglashni hisobga olsak, biz hayotimiz sifatini yaxshilashga yordam beradigan bilimlarni faol ravishda izlamoqdamiz, deb bemalol taxmin qilish mumkin.

Respondentlar tomonidan mediada yetarlicha yoritilmagan deb hisoblanadigan mavzularga ham murojaat qilish mumkin. Ular orasida — narxlar, daromadlar, bandlik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash (soʻralganlarning 41,3 foizi), aholining muammolari va ehtiyojlari (40,6%), sogʻliqni saqlash (23%), taʼlim va fan (16%). Biz medium va isteʼmolchi shaxsiy, xususiy xususiyatga ega boʻlgan nozik rishta bilan bogʻlanganini unutmasligimiz kerak. Biz qidiruv tizimiga eng sirli sirlarimizni yoki ichki kechinmalarimizni ishonib topshirishimiz mumkin. Aynan shu sababli axborot makonida shaxsiy maʼlumotlar juda qatʼiy himoya qilinadi.

Tadqiqotimiz Oʻzbekistonning qishloq joylari va hududlarida axborot isteʼmolining xususiyatlariga oydinlik kiritadi. Maʼlumotlar koʻrsatishicha, hududlar va qishloqlarda alohida yoʻnalishlar boʻyicha koʻrsatkichlar shaharlar va poytaxtdagidan sezilarli darajada yuqori. Masalan, Navoiy viloyatida respondentlarning 72,3 foizi yangiliklarni muntazam kuzatib borishini maʼlum qilgan, Xorazm viloyatida — 64%, Buxoro viloyatida — 65,3%. Toshkentda bu koʻrsatkich 43,1% ni tashkil etadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasiga eʼtibor bering. U yerda yangiliklar kun tartibini Telegram orqali soʻralganlarning 72 foizi, TV orqali — 59 foizi, ijtimoiy tarmoqlar orqali — 56 foizi kuzatib boradi. Samarqand viloyatida manzara quyidagicha: Telegram — 60,4%, TV — 60,4%, ijtimoiy tarmoqlar — 54,5%.

Bundan tashqari, qishloq joylar aholisi shaharliklarga qaraganda koʻproq ijtimoiy ahamiyatga molik mavzulardagi televizion tok-shoular, intervyular va munozaralarni, shuningdek, milliy filmlarni koʻproq koʻrishni xohlashadi.

Hatto bir qator viloyatlarda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish koʻrsatkichlari Toshkentdagidan yuqori. Soʻz Andijon, Buxoro, Jizzax, Xorazm va Fargʻona viloyatlari haqida bormoqda. Gipotetik jihatdan aynan Oʻzbekiston hududlarida bugungi kunda mediabozorni kengaytirish uchun maydon mavjud.

Axborot isteʼmoli manbalari haqida ham gapirish muhim. Ha, albatta, soʻralganlar eng koʻp yangiliklar kontentini Telegram orqali olishadi (51,6%), keyingi oʻrinlarda televideniye (44,6%) va ijtimoiy tarmoqlar (41,6%) turadi. Ammo bu Telegram ustuvor axborot manbai ekanligini anglatmaydi. Hammasi birinchi qarashda tuyulishi mumkin boʻlgan narsadan ancha murakkabroq.

Birinchidan, Telegram'ning oʻzini klassik maʼnodagi yangiliklar manbai deb hisoblab boʻlmaydi, chunki u axborot kontentini ishlab chiqarmaydi. Messenjer boʻla turib, u yangiliklar, maqolalar, videomateriallar va fotosuratlar tarqatiladigan agregator rolini bajaradi. Auditoriya baribir bevosita milliy mediaga koʻproq intilgani sababli, odamlar milliy OAVning yangiliklar kun tartibini ularning rasmiy Telegram-kanallari orqali kuzatib borishlari ehtimoli yuqori.

Ikkinchidan, isteʼmol qilish ishonch degani emas. Aynan koʻrishlar soni emas, balki ishonch mediasoha uchun medianing sifati va barqarorligi oʻlchovi hisoblanadi. Auditoriya eng koʻp televideniyega ishonadi (44,3%). Qolaversa, xususiy telekanallar tez-tez tomosha qilinishiga qaramay, davlat kanallariga boʻlgan ishonch darajasi xususiy kanallarga qaraganda yuqoriroq. Bundan tashqari, ishonch darajasi boʻyicha turli mediakanallar oʻrtasidagi farq juda sezilarli. Telegram-kanallarga soʻralganlarning bor-yogʻi 11,3 foizi, ijtimoiy tarmoqlarga esa 6,7 foizi ishonadi.

Uchinchidan, kontentning multimodal isteʼmolini ham hisobga olish kerak. Bu nimani anglatadi? Aholi yangiliklar kun tartibini bir vaqtning oʻzida bir nechta manbalar orqali kuzatib boradi: TV, ijtimoiy tarmoqlar, Telegram va onlayn nashrlar. Asosiy isteʼmol vaqti — kechki payt. Oddiyroq aytganda, odamlar bir vaqtning oʻzida televizor tomosha qilishadi, Telegram'da yangiliklarni oʻqishadi va tadqiqotimizga koʻra ijtimoiy tarmoqlar orasida mutlaq yetakchi boʻlgan Instagram'da lentani varaqlashadi. Mohiyatan, barcha mediatashkilotlar kun davomida yangiliklarni nashr etsalar ham, deyarli bir vaqtning oʻzida auditoriyaning eʼtibori va ishonchi uchun kurashadilar.

Kontentning multimodal isteʼmoli yosh kesimida ham sezilarli. Agar yoshlar bevosita ijtimoiy tarmoqlarga koʻproq moyil boʻlsa, keksa avlod anʼanaviy mediaga moyil. Biroq, yoshlarning ham davlat telekanallari kun tartibidan xabardor ekanligi va uni kuzatib borishi qiziqarli.

Va bu oʻrinda bir omilni hisobga olish muhim: kontent bilan eng samarali oʻzaro taʼsir juda qisqa vaqt oraligʻida sodir boʻladi.

Barcha mediakanallar boʻyicha kontentni isteʼmol qilishning oʻrtacha vaqti 30 daqiqadan 1,5 soatgachani tashkil etadi. Raqobat shunchaki shafqatsiz.

Yana shuni taxmin qilamanki, auditoriya televizion kontentni «faol rejim» bosqichida, ijtimoiy tarmoqlarni esa «passiv rejim»da isteʼmol qiladi. Ochigʻini aytsam: ushbu gipotezani tasdiqlash uchun alohida tadqiqot talab etiladi.

Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlar arxitekturasi axborotni faol oʻzlashtirish gʻoyasiga qurilgan. Bunda foydalanuvchining oʻzi kimga obuna boʻlishni va nimani oʻqish yoki koʻrishni tanlaydi. TV esa passiv mediumdir, chunki tomoshabinda dasturni mustaqil tanlash imkoniyati yoʻq. Biz boshqarishimiz mumkin boʻlgan yagona narsa — bu kanallarni oʻtkazish yoki YouTube'ga oʻtishdir.

Бироқ, Instagram'da lentani cheksiz varaqlash, ijtimoiy tarmoqlarga boʻlgan ishonchning past darajasi, shuningdek, notoʻgʻri va yolgʻon axborotning tez-tez tarqalish holatlari odamlarni anʼanaviy mediaga murojaat qilishga undashi mumkin. Natijada, auditoriya ijtimoiy tarmoqlarda kontent isteʼmol qilishdan koʻra televizorni diqqat bilan tomosha qiladi.

Bunga yana bir jihatni qoʻshamiz: TV yuqori oʻrinlarda boʻlsa-da, auditoriya u yoki bu masala boʻyicha pokroq maʼlumot olish uchun raqamli makonga murojaat qiladi. Davlat mediasi axborotning birinchi manbai boʻlib qolmoqda. Ammo tushuntirishlar, tahlillar va fikrlar uchun auditoriya, aftidan, onlayn-mediaga oʻtadi. Respondentlarning oʻzlari bergan javoblardan shunday xulosa chiqarish mumkin. Soʻralganlarning 45,7 foizi aniq bir voqea yoki muayyan yangilik haqida batafsil maʼlumot olish uchun Telegram-kanallarga murojaat qilishini taʼkidlagan. Ijtimoiy tarmoqlarga — 35,9%, internet-nashrlarga esa — 30,7%.

Respondentlarning 24,5 foizi ijtimoiy tarmoqlarda chuqur tahliliy materiallar yetishmasligini aytgan. Yana 17,9 foizi murakkab voqealarni oddiy tilda tushuntirib berish yetishmasligini koʻrsatgan. Bu auditoriyada aniq axborot ehtiyojlari borligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Qolaversa, bu aholining mediasavodxonlik darajasi yetarlicha yuqori ekanligiga ochiq-odin ishoradir.

Albatta, noxush xabarlarsiz ham boʻlmadi. Radio tinglash darajasi shiddat bilan kamaymoqda. Soʻrov ishtirokchilarining 21,9 foizi radiodasturlarni tinglaydi, 78,1 foizi esa ushbu axborot manbaiga murojaat qilmaydi. Soʻralganlarning 71,7 foizi yangiliklarni faol kuzatib borsa-da, bosma va onlayn nashrlarni oʻqimaydi.

Ammo pessimistik prognozlar berishga shoshilmaslik kerak. Aksincha, bu raqamlar teskarisi haqida — hali ochilmagan imkoniyatlar haqida soʻzlashi mumkin. Mediaisteʼmol boʻyicha tadqiqot shuni koʻrsatadiki, milliy media Oʻzbekistonda mustahkam mavqega ega boʻldi. Auditoriya nafaqat mahalliy ishlab chiqarilgan kontentni isteʼmol qiladi, balki unga koʻproq ishonadi ham. Mediasoha rivojlanishda davom etishi uchun auditoriya tomonidan talab ham yetarlicha katta.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.