Attestatsiya bekor qilindi, guvohnomalar bepul yangilanadi: patent vakillari uchun yangi tartib
Oʻzbekistonda patent vakillarining attestatsiyadan oʻtish talabi bekor qilinib, har uch yilda malaka oshirish tartibi joriy etildi. Faoliyat yuritayotgan patent vakillarining guvohnomalari 2026-yil 1-noyabrga qadar davlat boji va boshqa toʻlovlar undirilmasdan qayta rasmiylashtiriladi.

Attestatsiya bekor qilindi, guvohnomalar bepul yangilanadi: patent vakillari uchun yangi tartib
Hukumatning 2026-yil 7-oktabrdagi 542-son qarori bilan Patent vakilligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, patent vakili sifatida roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani bundan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari beradi.
Guvohnoma olgan jismoniy shaxs respublika hududida patent vakili sifatida faoliyat yuritadi. U oʻziga murojaat qilgan shaxslarning intellektual mulk masalalari boʻyicha manfaatlarini ifoda etish vakolatiga ega.
Shu bilan birga, patent vakili guvohnomasida koʻrsatilmagan ixtisoslik boʻyicha vakillik qila olmaydi.
Patent vakillarini tayyorlash va malakasini oshirish Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti yoki Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayonlar Patent vakillari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Patent vakillari reyestri «Intellektual mulk muhofazasi» portalida eʼlon qilib boriladi.
Qarorga muvofiq, hozir faoliyat yuritayotgan patent vakillarining guvohnomalari 1-noyabrga qadar amaldagi ixtisosliklari boʻyicha qayta rasmiylashtiriladi. Buning uchun attestatsiyadan oʻtish talab etilmaydi, davlat boji va boshqa toʻlovlar undirilmaydi. Ular Patent vakillari davlat reyestriga kiritiladi.

