Astana Finance Days 2026 90 ta davlatdan 8 ming ishtirokchini birlashtirdi
9–10 sentyabr kunlari «Astana» xalqaro moliya markazida IX Astana Finance Days 2026: Delivering Impact. Capital in Action moliyaviy forumi boʻlib oʻtmoqda.

Astana Finance Days 2026 90 ta mamlakatdan 8 ming ishtirokchini birlashtirdi
9–10 sentyabr kunlari «Astana» xalqaro moliya markazida IX Astana Finance Days 2026: Delivering Impact. Capital in Action moliyaviy forumi boʻlib oʻtmoqda.
Forum 90 ta mamlakatdan 8 mingga yaqin ishtirokchini, jumladan, investorlar, moliya va texnologiya sohalari vakillari, regulyatorlar, davlat va kvazidavlat institutlari hamda xalqaro biznes vakillarini birlashtirdi.
Ishchi dasturning diqqat markazida — kapital bozorlari va investitsiya mahsulotlarini rivojlantirish, tartibga solish va huquqiy muhitni takomillashtirish, institutsional miqyosdagi innovatsiyalarni joriy etish, iqtisodiyotning real sektorini moliyalashtirish, shuningdek, mintaqaviy va transchegaraviy hamkorlik masalalari oʻrin oldi.
«Bugungi kunda kapital uchun raqobat nafaqat jozibador sharoitlarni, balki imkoniyatlarni real loyihalar va investitsiyalarga aylantirish qobiliyatini ham talab qiladi. Astana Finance Days 2026 — Delivering Impact. Capital in Action forumining mohiyati ham aynan shunda. Biz gʻoyalar amaliy yechimlar, investitsiya loyihalari va uzoq muddatli sherikliklarga aylanishi uchun investorlar, regulyatorlar va biznesni birlashtirmoqdamiz», — deb taʼkidladi «Astana» xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi Renat Bekturov.
Moliya tizimi texnologik transformatsiya sharoitida
Birinchi kun dasturi suveren va institutsional kapitalning iqtisodiy oʻsishdagi roli, moliyaviy infratuzilmaning kelajagi, real aktivlarni tokenizatsiya qilish, investorlar huquqlarini himoya qilish, barqaror moliyalashtirish va real sektor loyihalarini rivojlantirishga bagʻishlangan sessiyalarni oʻz ichiga oldi.
«Moliya arxitekturasining transformatsiyasi» yalpi sessiyasi asosiy voqeaga aylandi. Unda Qozogʻiston Milliy banki raisi Timur Suleymenov, AXMM boshqaruvchisi Renat Bekturov, Freedom Holding Corp. bosh ijrochi direktori Timur Turlov, Network School asoschisi va The Network State kitobi muallifi Baladji Srinivasan, shuningdek, Anchorage Digital kompaniyasining steyblkoinlar boʻyicha yechimlar yoʻnalishi global rahbari Serdjio Mello ishtirok etdi.
Ishtirokchilar texnologiyalar, tartibga solish va kapital harakatining yangi modellari moliya bozorlari tuzilmasiga qanday taʼsir koʻrsatayotganini muhokama qildilar. Raqamli aktivlar, raqamli tenge, kriptorezervlar, sunʼiy intellektni tartibga solish va detsentralizatsiyalashgan moliyani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kapital bozorlari istiqbollari boʻyicha alohida nuqtai nazarni BlackRock Investment Institute kompaniyasining Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi boʻyicha boshqaruvchi direktori va bosh investitsiya strategi Ben Pauell taqdim etdi.
«Suveren va institutsional kapital oʻsish va strategik transformatsiya katalizatorlari sifatida» sessiyasida ishtirokchilar davlat va institutsional investorlarning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, tarkibiy oʻzgarishlar va keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishdagi rolini koʻrib chiqdilar.
Tokenizatsiya va raqamli infratuzilma
Forumning texnologik bloki «Moliyaviy infratuzilmaning kelajagi» va «Chegarasiz kapital: tokenizatsiya va yangi moliyaviy infratuzilma» sessiyalari bilan davom etdi.
Qozogʻiston taraqqiyot banki, Qozogʻiston milliy toʻlov korporatsiyasi, Mastercard, Janus Henderson Investors, Bir Ecosystem, Phillip Securities, Solana, The Open Platform va Commodity Chain vakillari toʻlov infratuzilmasi, raqamli aktivlar va kapital harakatining yangi mexanizmlarini rivojlantirishni muhokama qildilar.
Dastur mavzularidan biri geologiya-qidiruv kompaniyalari va togʻ-kon loyihalarini boshlangʻich bosqichlarda moliyalashtirish boʻldi. «Yunior togʻ-kon loyihalarini moliyalashtirish: muammolar va imkoniyatlar» sessiyasi doirasida sohaviy kompaniyalar va moliyaviy tashkilotlar vakillari soʻzga chiqdilar.
2026 yil aprel oyida AXMM boshlangʻich bosqichdagi geologiya-qidiruv loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish uchun Junior Mining Platform platformasini ishga tushirgan edi. Kelib tushgan 48 ta arizadan 23 ta loyiha saralab olindi va forumning pitch-sessiyasi doirasida potentsial investorlarga taqdim etildi.
Yashil moliyalashtirish va mintaqaviy hamkorlik
Astana Finance Days 2026 doirasida Turkiy yashil moliya kengashining ikkinchi yillik yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi. U Turkiy mintaqa mamlakatlari moliyaviy regulyatorlari, davlat organlari va taraqqiyot institutlari vakillarini birlashtirdi.
Ishtirokchilar orasida Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Turkiy investitsiya jamgʻarmasi prezidenti Bagdad Amreyev, shuningdek, Ozarbayjon Markaziy banki, Qirgʻiziston fond birjasi, Vengriya milliy banki, AXMM Yashil moliya markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bor edi.
Moliyaviy xavfsizlik masalalariga «Raqamli davrda moliyaviy razvedka: raqamli aktivlardan sunʼiy intellektgacha» sessiyasi bagʻishlandi. Xalqaro va moliyaviy tashkilotlar vakillari raqamli texnologiyalarning moliyaviy xavf-xatarlarni aniqlashga taʼsirini va davlatning xususiy sektor bilan hamkorligini koʻrib chiqdilar.
Alohida yoʻnalish AXMMning huquqiy infratuzilmasiga bagʻishlandi. «Kapital harakatda: AXMM Sudi va Xalqaro hakamlik markazi (XHM) investorlar huquqlarini qanday himoya qiladi» sessiyasida nizolarni xalqaro miqyosda hal etish mexanizmlari, shaffoflikni oshirish va investorlar ishonchini mustahkamlashga qaratilgan raqamli vositalar va institutsional yondashuvlar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston — mintaqaviy moliyaviy muloqot ishtirokchisi
Forumning mintaqaviy yoʻnalishi AFSAning «Tarqoqlikdan integratsiyaga: moliya bozorlarini mustahkamlash uchun mintaqaviy hamkorlik» davra suhbati bilan davom etdi.
Muhokamada Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Gruziya moliyaviy regulyatorlari, xalqaro moliya tashkilotlari va taraqqiyot institutlari, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar kapitalning transchegaraviy harakati yoʻlidagi asosiy toʻsiqlarni, oʻzaro tan olish, moliya bozorlariga chiqishni kengaytirish, maʼlumot almashish va nazorat sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini koʻrib chiqdilar.
Shu tariqa, Oʻzbekistonning Astana Finance Days 2026 mintaqaviy yoʻnalishidagi ishtiroki Markaziy Osiyoda moliyaviy integratsiyani rivojlantirish va transchegaraviy investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kengroq muloqotning bir qismiga aylandi.
AXMM intellektual raqamli yordamchini taqdim etdi
AXMM forum doirasida ilk bor mijozlarga maslahat berish va «Astana» xalqaro moliya markazi xizmatlari boʻyicha yoʻl koʻrsatish uchun koʻp tilli intellektual yordamchi — AIDA (AIFC Intelligent Digital Assistant) tizimini taqdim etdi.
Tizim matnli va ovozli soʻrovlarni qayta ishlaydi, AXMMda roʻyxatdan oʻtish, amaldagi talablar, tartib-taomillar va mavjud xizmatlar haqida maʼlumot beradi, zarurat tugʻilganda esa foydalanuvchini tegishli boʻlinma yoki mutaxassisga yoʻnaltiradi.
Forum ishtirokchilari AIDA ishini real vaqt rejimida turli tillarda sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Yangi bitimlar va investitsiya loyihalari
Forum doirasida xalqaro tartibga solish va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlarni imzolash koʻzda tutilgan.
Ular orasida Gruziya Milliy banki va AXMMning Moliyaviy xizmatlarni tartibga solish qoʻmitasi (AFSA), shuningdek, AFSA va Xorvatiya moliyaviy nazorat agentligi (HANFA) oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumlari bor.
Bundan tashqari, AXMM yurisdiktsiyasida gʻallani tokenizatsiya qilish loyihasi doirasida Tech Hub Limited va Concordia Group Ltd., shuningdek, Tech Hub Limited va Aitas Agro Ltd. oʻrtasida bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Moliya institutlari, banklar, investitsiya va boshqaruv kompaniyalari, fintex va texnologik loyihalarni birlashtirgan AFD Exhibition Hub koʻrgazma maydonchasi forumning muhim qismiga aylandi. Ishtirokchilar oʻz mahsulotlari va yechimlarini taqdim etdilar, shuningdek, potentsial investorlar va sheriklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Astana Finance Days 2026 tadbirining oʻtkazilishi jahon moliya tizimining asosiy tendentsiyalari, jumladan, raqamlashtirish, aktivlarni tokenizatsiya qilish, sunʼiy intellektni rivojlantirish, yashil moliyalashtirish va kapitalning transchegaraviy harakatini muhokama qilish uchun maydonga aylandi.
Forum, shuningdek, mintaqaviy moliyaviy hamkorlikni mustahkamlashga va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan xalqaro bozorlar oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.

