Asila Mirzayorova Osiyo Paralimpiya Sportchilar qoʻmitasiga nomzod boʻldi
Oʻzbekistonlik paraatlet Asila Mirzayorova 2026–2030-yillar uchun Osiyo Paralimpiya qoʻmitasining (AsPC) Sportchilar qoʻmitasi aʼzoligiga nomzodlar qatoridan joy oldi.

Asila Mirzayorova Osiyo Paralimpiya Sportchilar qoʻmitasiga nomzod sifatida koʻrsatildi
Saylovda Osiyoning 10 ta mamlakati va hududlaridan turli paralimpiya sport turlari vakillari boʻlgan jami 10 nafar sportchi qatnashadi. Mirzayorova Oʻzbekiston va paraatletika nomidan ishtirok etadi.
Saylov 18–23-oktabr kunlari Yaponiyada boʻlib oʻtadigan Aichi-Nagoya 2026 Paraosiyo oʻyinlari davomida oʻtkaziladi.
Paraosiyo oʻyinlarida qatnashayotgan barcha akkreditatsiyadan oʻtgan sportchilar ovoz berish huquqiga ega boʻladi. Ovoz berish onlayn tarzda amalga oshiriladi, saylov natijalari esa 24-oktabr kuni eʼlon qilinadi.
Sportchilar qoʻmitasiga besh kishi saylanadi. Shundan keyin ular oʻz ichidan qoʻmitaning amaldagi rahbari, yaponiyalik Xiroyuki Misakaning oʻrnini egallaydigan raisni tanlaydi. AsPC Ijro kengashining roziligi bilan qoʻmitaga qoʻshimcha ravishda yana ikki nafar aʼzo kiritilishi mumkin.
Qoʻmita sportchilarning manfaatlarini himoya qiladi va Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi qarorlar qabul qilayotganda ularning fikrlari inobatga olinishini taʼminlaydi.
Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari chempioni hisoblanadi. 2024-yilgi Parij oʻyinlarida u T11 (koʻrish qobiliyati cheklangan sportchilar) toifasida uzunlikka sakrashda 5,24 metr natija bilan Paralimpiya rekordini yangilab, oltin medalni qoʻlga kiritgan.

