Dunyo

“Asalga tegishmagan”: Avstraliyada 800 000 asalari o‘g‘irlab ketildi

“Asalga tegishmagan”: Avstraliyada 800 000 asalari o‘g‘irlab ketildi

Avstraliyaning Kvinslend shtatida qiymati o‘n minglab dollarga teng deb baholangan 800 ming asalari o‘g‘irlab ketildi.

Asalarichilik sohasi sentyabr boshida varroa kanasi sababli allaqachon og‘ir vaziyatga tushib qolgan edi. Aterton hududidagi asalarichi Tom Bidnerning aytishicha, uch nafar asalarichining xo‘jaligidan jami 44 ta asalari oilasi olib ketilgan.

Uning hisob-kitobiga ko‘ra, har bir uyada kamida 20 mingta, jami esa 800 mingdan ortiq asalari bo‘lgan. Taxmin qilinishicha, o‘g‘riliklar turli hududlardagi bir nechta xo‘jaliklarda sodir etilgan. Bunday ish puxta reja va maxsus uskunalarni talab qiladi.

Butun uyani olib ketish o‘rniga, o‘g‘rilar yosh arilar joylashgan qutidagi romlarni olib ketgan. Shu sababli uya uzoqdan qaraganda o‘zgarmagandek ko‘ringan.

“Aslida ular yuk mashinasida juda ko‘p jihoz bilan kelib, bizning romlarimizni o‘z qutilariga ko‘chirib oʻtkazadi...Natijada fermerlarning hech birida kimdir kirib, shunday ish qilgani haqida shubha uyg‘onmaydi”, dedi Bidner.

O‘g‘rilar asalari uyasida qolgan asalni olib ketmagan. Ularning soha vakillari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Asalarichilar o‘g‘irlangan arilardan tashqari, minglab dollarlik changlatish shartnomalaridan ham ayriladi. Yetishtiruvchilar esa gullar yetarlicha changlanmagani sababli zarar ko‘radi. Bidnerning aytishicha, bunday o‘g‘rilik birinchi marta yuz bermayotgan bo‘lsa-da, uning xotirasidagi eng kattasi hisoblanadi.

Hozir Kvinslend shimolida avokado mavsumi davom etmoqda. Shu sababli asalari uyalari mahalliy yetishtiruvchilarning dalalariga gullarni changlatish uchun shartnoma asosida joylashtirilgan.

“Xavfsizlik borasida, ilgari biz bu ishning ko‘p qismini asalarilarning o‘ziga topshirib qo‘yardik... ba’zida kimdir kelib, uyaga daxl qilishga 30 soniyacha urinib ko‘rsa, keyin qochib qolishardi”, dedi Bidner.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.