Asalari tanasidan uzilgan nish ham zahar yuborishda davom etishi tasvirga olindi
Avstraliyaning Makkuori universiteti tadqiqotchilari asalari tanasidan ajralgan nish qanday qilib zahar yuborishda davom etishini tasvirga oldi. Kuzatuvlarda nish tanadan toʻliq uzilganidan keyin ham bir-ikki daqiqa davomida ishlagan.

Asalari tanasidan ajralib chiqqan nish ham zahar yuborishda davom etishi videoga tushirildi
Olimlar ichki ishlash mexanizmini kuzatish uchun asalarilarni inson terisini taqlid qiluvchi shaffof gelga nish sanchishga undagan. Yuqori kadr chastotasidagi mikrotasvirga olish yordamida nish ichidagi mayda qismlarning harakati kuzatilgan.
Video va uch oʻlchamli skanerlash nish ichida ikkita mitti, egiluvchan klapan navbatma-navbat harakat qilishini ko‘rsatgan. Bir klapan pastga siljiganda parashyut kabi ochilib, zaharni oldinga suradi. Yuqoriga qaytganda esa soyabon kabi yig‘ilib, ikkinchi klapan yonidan o‘tadi va yangi zahar porsiyasi uchun yo‘l ochadi.
Shu tariqa mexanizm ikki porshenli nasos singari ishlaydi. Klapanlarning uyg‘un harakati zaharning bir maromda yuborilishini ta’minlaydi.
Asalari nishi terida qolib ketganda, unga ulangan zahar qopchasi va harakatlantiruvchi tuzilmalar ham tanadan ajralib chiqishi mumkin. Bu asalariga halokatli shikast yetkazsa-da, nish mexanizmi qisqa muddat mustaqil ishlashda davom etadi.
Mexanizmni tekshirish uchun tadqiqotchilar 3D-printerda uning kattalashtirilgan, ishlaydigan nusxasini ham tayyorlagan. Bunda qattiq va egiluvchan polimer materiallardan foydalanilgan.
Mualliflar ushbu tuzilma kelajakda ixcham tibbiy mikronasoslar va dorini to‘qimalarga aniq yetkazib beruvchi qurilmalarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

