Arzon turpaket ortida nima bor: sayohatdan kelib chiqqan mojaro
Turpaket Buxoro shahridagi «Kapital Travel» MChJ orqali xarid qilingan. Ayollarning aytishicha, shartnoma tuzilishidan avval jamiyat

Turkiyaga sayohat qilish uchun yo‘l olgan ikki buxorolik ayolning oddiy ta’til rejasi kutilmagan mojaroga aylandi. Mehmonxona manzili, xizmat sifati, aloqa muammolari va qo‘shimcha to‘lovlardan boshlangan nizo keyinchalik tovon puli talashigacha bordi. Tomonlarning qarashlari turlicha, ammo voqeaning aniq manzarasini shartnoma va mavjud dalillar oydinlashtirishi mumkin.
Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridan bo‘lgan ikki ayol — Sabina Sanoyeva hamda voyaga yetmagan farzandi bilan sayohat qilgan Nigina Maxsudova Turkiyaga borishni rejalashtirdi. Maqsad oddiy edi: Turkiyani ko‘rish, biroz dam olish va farzandi bilan yaxshi xotiralarda qaytish.
Safar uchun mablag‘ yetarli bo‘lmagani sababli ayollar bankdan pul olib, sayohat xarajatlarining bir qismini shu hisobdan qoplashga qaror qilganini aytishdi.
Turpaket Buxoro shahridagi «Kapital Travel» MChJ orqali xarid qilingan. Ayollarning aytishicha, shartnoma tuzilishidan avval jamiyat rahbari Azamat To‘xtayev ularga mehmonxona haqida internet havolasini yuborgan. U havola Istanbulning Sulton Ahmet tumanida joylashgan «Fors» mehmonxonasiga tegishli bo‘lgan. Mehmonxona haqidagi ma’lumotlar, fotosuratlar va ijobiy fikrlar ularda ishonch uyg‘otgan.
Ammo ayollarning «Xabar.uz»ga murojaat qilishicha, Istanbulga yetib borishganida, ularni boshqa manzara qarshi olgan. Ular Sulton Ahmetdagi mehmonxona o‘rniga Aksaray tumanidagi, nomi bir xil bo‘lgan «Fors» mehmonxonasining boshqa filialiga joylashtirilganini bildirishdi.
Shundan keyin oddiy sayohat rejasi asta-sekin nizoga aylangan.
«Biz bunday mehmonxonani kutmagan edik..
Ayollarning aytishicha, ular turfirmaga qo‘ygan asosiy talab — imkoni boricha, arzon turpaket bo‘lgan. Turfirma esa ularga uch yulduzli, nisbatan arzon mehmonxonani taklif qilgan.
Bu yerda bir narsani alohida ajratib olish kerak: arzon turpaket tanlangani turist sifatsiz xizmatga rozi bo‘lganini anglatmaydi. Mijozning mablag‘i cheklangan, u qimmat mehmonxona emas, arzonroq variantni tanlashi mumkin. Lekin, arzon narx xizmat ko‘rsatuvchini shartnoma shartlariga rioya etish majburiyatidan ozod qiladimi? Yo‘q, albatta!
Bu ishdagi birinchi jiddiy savol ham shundan boshlanadi: sayohatchi ayollarga ko‘rsatilgan mehmonxona bilan amalda joylashtirilgan mehmonxona bir xil bo‘lganmi?
Ayollarning aytishicha, yo‘q: xonada elektr tizimi bilan bog‘liq nosozliklar, santexnikada kamchiliklar va yaroqsiz mebel-jihozlar bo‘lgan. Nonushta sifati ham ularni qoniqtirmagan. Bundan ham muhimi, ular norozilik bildirgan paytda turfirma bilan bog‘lanishda muammolar paydo bo‘lgan.
— Xorijiy davlatda voyaga yetmagan farzandi bilan qolgan biz uchun bu oddiy texnik muammo emas edi. To‘g‘ri, arzon paket so‘raganmiz. Ammo biz bunday o‘ta sharoitsiz mehmonxonani kutmagan edik. Hatto, bizga taqdim etilgan sim karta ham ishlamadi. Turfirma rahbari bilan ham bog‘lana olmadik, — deydi Sabina Sanoyeva.
Nigina Maxsudova ham bir necha kun davomida turfirma bilan to‘laqonli aloqa o‘rnatish qiyin bo‘lganini bildirdi.
— Menga jamiyat rahbari ikki-uch kunda javob berdi. Sabinaga umuman, javob bermagan. Savollari ochiq qolgan. Transfer xizmati xodimi bilan esa yetti kun mobaynida mutlaqo aloqa o‘rnatishning iloji bo‘lmadi. To‘g‘rirog‘i, hujjatda tur tomonidan qayd etilgan «Happytell» kompaniyasiga tegishli sim karta raqami orqali biz faqat «ko‘rsatilgan raqam mavjud emas» degan javobni oldik, — deydi u.
Ayollarning so‘zlariga ko‘ra, keyin ular mehmonxona vakiliga noroziliklarini bildirishgan. Ular bron ma’lumotlari va o‘zlariga avval yuborilgan mehmonxona havolasini ham ko‘rsatishgan.
Mehmonxona xodimi esa ular ko‘rsatgan mehmonxona ushbu filial emas, boshqa filial ekanini aytgan.
Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, masala oddiy «mehmonxona yoqmadi», degan shikoyat doirasidan ancha kengayadi. Chunki, sayohatchiga bir mehmonxona haqida ma’lumot berilib, amalda boshqa manzilga joylashtirilgan bo‘lsa, bu holatning shartnoma va turpaket shartlariga qanchalik mos kelgani alohida o‘rganilishi lozim.
Arzon narx — sifatsiz xizmat, degani emas
«Kapital Travel» rahbari Azamat To‘xtayev esa voqeaga boshqacha baho beradi.
Uning aytishicha, ayollarning o‘zi arzonroq paket so‘ragan, shundan so‘ng turfirma ularga Istanbuldagi eng arzon uch yulduzli mehmonxonalardan birini taklif qilgan. Mehmonxona ayollarning o‘zi tomonidan tanlangan va tasdiqlangan.
— Sayohatni tashkil etish uchun ular bizga murojaat qilishdi. To‘g‘ri, sharoitlari to‘g‘ri kelmasligini, arzonroq paket taklif qilishimizni so‘rashdi. Biz ularga Turkiyaning Istanbul shahriga individual turpaket sotdik. Ularning talabi asosida eng arzon narxdagi uch yulduzli mehmonxonani taklif qildik. O‘zlari tanlashdi va o‘zlari tasdiqlashdi
, — deydi Azamat To‘xtayev.
Biroq, uning bu izohi boshqa savolni tug‘diradi: agar mijoz mehmonxonani tanlagan bo‘lsa ham turfirmaning sayyohga, aynan, qaysi mehmonxona, qaysi manzil va qaysi sharoit taklif etilayotganini aniq tushuntirish majburiyati bormi? Bor, albatta! Ayniqsa, nomi bir xil bo‘lgan ikki filial mavjud bo‘lsa, bu ma’lumot sayyoh uchun yanada muhim.
Turfirma rahbari ayollar Turkiyaga borgach, mehmonxonada doimiy yashamasligi, u yerda dugonasi borligi va boshqa joyda qolish imkoniyati ham bo‘lishi mumkinligini bildirganini aytmoqda.
Bu holat ham nizoning yana bir muhim nuqtasi. Chunki, agar mehmonxona turpaket tarkibiga kiritilgan bo‘lsa, sayyohatchining undan foydalanmasligi yoki boshqa joyda yashash istagi shartnoma shartlariga qanday ta’sir qilishi hujjatlar asosida baholanishi lozim edi.
Shu o‘rinda, ayollarning o‘zi shartnomani o‘qib imzolashganini, mehmonxona haqida ma’lumotga ega bo‘lishganini tasdiqlashganini aytib o‘tish lozim. Demak, bu ishda savollar faqat turfirmaga emas, sayyohatchilarning o‘ziga ham berilishi kerak: Shartnoma bilan to‘liq tanishilganmi va ularga mehmonxonaning aniq manzili ma’lum edimi? Turpaketga qaysi xizmatlar kiritilgan? Mehmonxona almashtirilsa, qanday tartib belgilangan?
Bularning javobi nizoning muhim qismini oydinlashtirishi mumkin.
Aloqa uzilsa, turist nima qiladi?
Bu voqeada eng jiddiy masalalardan biri sayyohatchining xorijda qolgan paytida xizmat ko‘rsatuvchi bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatining yo‘qolgani. Turfirma rahbari «Happytell» sim kartasida texnik muammo bo‘lganini tan oladi. Ammo, uning aytishicha, ayollar bilan aloqa butunlay uzilmagan.
— Ular bilan aloqada bo‘lingan. Barcha savollariga bir videoxabar va bir SMS-xabar orqali javob berib borilgan. To‘g‘ri, «Happytell» kompaniyasiga tegishli sim kartalarda muammo vujudga kelgan va bu aloqalarning bir muddat sustlashuviga sabab bo‘lgan. Biroq, bu muammo ham o‘sha kuni kompaniyamiz tomonidan bartaraf etilgan. Yozishmalar mavjud, —deydi Azamat To‘xtayev.
Demak, ikki tomonning qarashi bu yerda ham bir-biridan farq qiladi: ayollar «yetti kun bog‘lana olmadik» desa, turfirma rahbari «aloqa bo‘lgan, faqat sim kartada vaqtinchalik muammo yuzaga kelgan», deydi.
Bu masalani aniqlash uchun qo‘ng‘iroqlar tarixi, yozishmalar, SMS va boshqa elektron dalillar muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, xorijda, ayniqsa, voyaga yetmagan farzandi bilan sayohat qilayotgan sayyoh uchun aloqa vositasining ishlamasligi oddiy texnik noqulaylik emas. Sayyohatchi uchun bu favqulodda vaziyatda yordam so‘rash imkoniyati bilan ham bog‘liq.
Shartnoma nima deydi
?
2026 yil 10 aprel kuni «Kapital Travel» va mijoz o‘rtasida tuzilgan №450-sonli turistik mahsulotni sotish va turistik xizmat ko‘rsatish shartnomasining 3.3.2-bandida mijoz turistik sayohatni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘rganishi va ularga rioya qilishi shartligi qayd etilgan. 3.4.1-bandida esa ijrochi tomonidan shartnoma shartlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zararni qoplashni talab qilish mumkinligi ko‘rsatilgan.
Demak, hujjatning o‘zi ikki tomonning ham majburiyatlarini nazarda tutgan. Shu bois, nizoga faqat bir tomonning bayoni orqali baho berish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu yerda shartnoma, bron ma’lumotlari, to‘lov hujjatlari va amalda ko‘rsatilgan xizmat bir-biri bilan solishtirilishi kerak.
«Mehmonxonani almashtirish uchun 120 dollar berdik»
Voqeaning eng bahsli nuqtalaridan biri — mehmonxona almashtirish uchun to‘langani aytilgan 120 AQSh dollari.
Ayollarning aytishicha, ular dastlabki mehmonxonada qolishni istashmaganidan keyin ular «Fors» mehmonxonasining boshqa filialiga ko‘chishga majbur bo‘lishgan. Buning uchun mehmonxona xodimi ulardan qo‘shimcha 120 AQSh dollari so‘ragan. O‘sha paytda ularda yetarli mablag‘ bo‘lmagan. Shuning uchun mehmonxonaning ayol xizmatchisidan? 120 AQSh dollar qarz olib, pulni mehmonxona xodimiga berishganini aytishmoqda.
— Biz «Fors» mehmonxonasi filialiga ko‘chish uchun talab qilingan pulni berdik va uni videotasvirga oldik, xolos, — deydi ayollar.
Shu o‘rinda ayollarga muhim savollar bilan yuzlanamiz:
- 120 dollar uchun chek berilganmi?
- Yo‘q.
- Pul mehmonxona kassasiga tushganmi yoki xodimga berilganmi?
- Xodimga.
Ayollar 120 AQSh dollar to‘langanini tasdiqlovchi video borligini bildirishdi. Ammo tahririyatga ushbu to‘lov bo‘yicha rasmiy chek, kvitansiya yoki boshqa hujjat taqdim etilmadi. Shuning uchun hozircha «120 dollar mehmonxona tomonidan rasman undirilgan» degan qat’iy xulosaga kelishga asos yetarli emas. Biroq video tasdiqlansa va pul haqiqatan ham mehmonxona xodimiga berilgan bo‘lsa, bu holatni ham alohida tekshirish zarur. Vaholanki, sayyohatchidan qo‘shimcha to‘lov undirilgan bo‘lsa, bu to‘lovning huquqiy va moliyaviy asosi nima bo‘lgani aniqlanishi kerak.
Sayohat tugadi. Ammo nizo tugamadi
Ayollar O‘zbekistonga qaytgach, tahririyat xodimi bilan bir necha bor suhbatlashishdi. Ular mehmonxona sharoiti qoniqarsiz bo‘lganini aytib, foto va video materiallar taqdim qilishdi. Ammo bu yerda ham jurnalistik tekshiruv uchun muhim cheklov bor. Taqdim etilgan fotosuratlarda, asosan, osilib turgan shkaf va devorning noqulay qismidagi elektr uzatgich bilan bog‘liq holat aks etgan. Mehmonxonadagi barcha kamchiliklarni tasdiqlaydigan to‘liq foto-video materiallar yo‘q. Shuning uchun bitta xonadagi ayrim kamchiliklarga qarab, butun mehmonxona haqida keskin xulosa chiqarish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Buning uchun mehmonxonaning o‘zi, bron ma’lumotlari, boshqa sayohatchilarning fikrlari, mehmonxona reytingi va mustaqil manbalar o‘rganilishi muhim. Ayollar bu masala yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ham murojaat qilishganini bildirishgan. Demak, ayrim dalillarning haqqoniyligi va voqeaga daxldorligi huquqiy tartibda ham baholanishi mumkin.
Talablar nega o‘zgardi?
Nizoning yana bir qiziq nuqtasi — tomonlarning keyingi moliyaviy talablari. Ayollarning aytishicha, ular O‘zbekistonga qaytgach, dastlab, mehmonxona uchun o‘zlari qo‘shimcha to‘lagan 120 AQSh dollarini qaytarish masalasini ko‘tarishgan. Ular bu haqda tahririyatga ham bildirishgan.
Turfirma rahbari esa keyinchalik ularning talablari o‘zgarganini aytmoqda.
— Men «mayli, 120 dollarni beraman», degan fikrga ham kelgandim. Va buni ayollarga bildirdim. Ular esa talabni o‘zgartirishdi. 120 dollardan tashqari, har biri uchun yana qo‘shimcha 200 dollardan to‘lashimni talab qilishdi, — deydi Azamat To‘xtayev.
Bu yerda savol tug‘iladi: qo‘shimcha 200 dollar qanday hisob-kitob asosida belgilangan? U moddiy zararmi? Ma’naviy zararmi? Yo‘l xarajatlarimi? Yoki boshqa yo‘qotishlarmi? Agar talab qilinayotgan summa zarar sifatida ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, uni hujjatlar bilan asoslash masalasi ham paydo bo‘ladi.
Nigina Maxsudova esa vaziyatga boshqacha izoh beradi.
— Biz ikki ayol begona yurtda, voyaga yetmagan, emizikli bola bilan sarson-ovora bo‘ldik. Na telefon, na internet orqali turfirma hamda transfer xizmati xodimi bilan bog‘lana olmadik. Biz, axir, shartnomani yaxshi maqsadlar bilan imzolaganmiz. Ishonganmiz. Asablarimiz tarang tortdi. Ham ma’naviy, ham moddiy yo‘qotish qildik. Shu bois, o‘z haqimizni qaytarishni so‘radik, — deydi u.
Turfirma rahbari keyingi muzokaralarda summa yana oshganini aytmoqda.
— Men ular talab qilgan 520 ming AQSh dollarini berishni o‘ylab ko‘rishimni telefon orqali bildirdim. Oradan 2-3 kun o‘tmay, ularning turli idora-tashkilotlarga shikoyat kiritaverganlaridan charchab, shu miqdorni yetkazish maqsadida yana qo‘ng‘iroq qildim. Sabina Sanoyeva ayni o‘sha paytda ishda ekani bois, bu haqdagi «kelishuv»ni sherigi – Nigina Maxsudova bilan gaplashishimni aytdi. Men farg‘onalik ayol bilan telefon orqali bog‘landim. Afsuski, u bu gal 520 emas, 1300 AQSh dollari talab qildi. Buni nima bilan izohlash mumkin? Voqealar rivoji qizg‘in tus olgach, men ular bilan «savdolashish»ga majbur bo‘ldim. Va ular talablarini 1000 AQSh dollariga «tushirishdi..,-deydi Azamat To‘xtayev.
Nigina Maxsudova esa buni talab emas, kelishuvga erishish maqsadida aytilgan summa sifatida izohladi.
Azamat To‘xtayev tomonidan taqdim etilgan audioyozuvda esa ayollar tomonidan 1300 AQSh dollar miqdori tilga olingan. Shuningdek, ayollar kreditlarini qoplash masalasini ham o‘rtaga tashlashgan. Demak, nizo endi faqat mehmonxonadagi sharoit haqida emas. Tomonlar o‘rtasidagi tovon va kompensatsiya masalasi ham alohida bahsga aylangan.
120 dollardan 1300 dollargacha — zarar qanday hisoblangan?
Bu savolga hozircha aniq javob yo‘q. Agar ayollar mehmonxona xizmatidan norozi bo‘lgan bo‘lsa, ularga lozim darajada ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘lovni qaytarish masalasi shartnoma va amaldagi holat asosida baholanishi mumkin. Ammo, ma’naviy zarar uchun muayyan summa talab qilinayotgan bo‘lsa, uning qonuniy asosi ham ko‘rsatilishi kerak. Shu nuqtada savol tug‘iladi: talab qilingan summa qanday mezonlar asosida hisoblangan?
Ayni paytda turfirma rahbari ham tegishli savollar bor. Agar mijozlar sayohatning birinchi kunidayoq, mehmonxona sharoitidan norozi bo‘lgan bo‘lishsa, turfirma muammoni joyida hal qilish uchun nega yetarlicha tezkor chora ko‘rmagan? Sim kartada muammo yuzaga kelgan bo‘lsa, ayollar bilan bog‘lanishning boshqa muqobil kanali mavjud emas edimi? Sayohatchilar boshqa filialga ko‘chishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bu jarayon turfirma nazoratida bo‘lganmi? Shuningdek, ayollardan qo‘shimcha 120 AQSh dollari olingan bo‘lsa, turfirma bu haqda nima bilgan?
Bu savollarga aniq javob berilmas ekan, «hamma ayb turistlarda» yoki «hamma ayb turfirmada» degan xulosaga kelish erta.
Turizm qo‘mitasiga murojaat
Nizo shu bilan ham tugamagan. Ayollar holat yuzasidan Turizm qo‘mitasi raisi nomiga murojaat qilishgan. Shundan so‘ng Buxoro viloyati Turizm boshqarmasi mas’ul xodimlari «Kapital Travel» rahbari bilan suhbat o‘tkazgan. Ushbu muloqotda Azamat To‘xtayev mehmonxonadagi mavjud sharoitlardan oldindan xabardor bo‘lmaganini bildirgan. Unga kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sayohatchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini nazorat qilish va hamkor mehmonxonalar faoliyatini oldindan puxta o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Bu yerda e’tiborli jihat shuki, agar turfirma rahbarining o‘zi ham mehmonxona sharoitlaridan oldindan xabardor bo‘lmaganini tan olgan bo‘lsa, turistlarga taklif etilayotgan mehmonxonalarni tekshirish mexanizmi qanchalik samarali ishlagan? Turfirmaning vazifasi faqat turpaketni sotish bilan tugaydimi yoki mijozga taklif qilinayotgan hamkor mehmonxona sifati va xizmatlari haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lish ham uning mas’uliyatiga kiradimi?
Ayollar esa boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishdan qoniqmagan va qo‘mitaga yana murojaat qilishgan.
«Kofe ichish» taklifi va tushunmovchilik
Murojaatning eng nozik qismi — Turizm boshqarmasi mas’ul xodimi bilan bog‘liq iddao. Sabina Sanoyeva bir necha marta Buxoro viloyati Turizm boshqarmasiga murojaat qilganini, ammo, murojaatlari to‘liq va xolis o‘rganilmaganini, formal javoblar bilan cheklanilganini bildirgan.
Uning aytishicha, murojaatni ko‘rib chiqqan mas’ul xodim muammoni norasmiy hal qilish maqsadida uni qahva ichishga taklif qilgan.
Mas’ul xodim esa bu yozishmalarni suhbatdoshning tushunmovchiligi sifatida izohlamoqda. Uning ta’kidlashicha, qahva ustida suhbatlashish taklifining maqsadi vaziyatni tinchlantirish va ayolni asabiylashmaslikka chaqirish bo‘lgan, unda hech qanday g‘arazli niyat bo‘lmagan.
Bu nizoda kim haq?
Hozircha bunga javob berish biroz qiyin. Ayollar tarafida jiddiy savollar bor: mehmonxonaning aniq manzilini qanchalik tekshirishgan? Qo‘shimcha 120 AQSh dollar to‘lovini nima bilan asoslash mumkin? Keyingi kompensatsiya summalari qanday hisoblangan?
Turfirma pozitsiyasida ham ochiq qolgan savollar bor: mijozlarga ko‘rsatilgan mehmonxona bilan amalda joylashtirilgan mehmonxona bir xil bo‘lganmi? Nega sayohatchilar noroziligidan keyin muammo joyida hal qilinmagan? Agar mehmonxona haqida oldindan yetarli ma’lumot bo‘lmagan bo‘lsa, nega sayohatchilar, aynan, shu obyektga joylashtirilgan?
Eng muhimi, arzon paket tanlangani turfirmani xizmat sifati va shartnoma shartlarini ado etish mas’uliyatidan ozod qilmaydi. Biroq, sayohatga borib qaytgan ayollar ham o‘z talablarini hujjatlar bilan asoslay olishi kerak.
Shuning uchun bu voqeani bir tomonni «jabrlangan», ikkinchi tomonni esa «aybdor», deb e’lon qilish bilan tugatib bo‘lmaydi.
Bu — turizm sohasidagi xizmat sifati, sayohatchining huquqi, turfirmaning mas’uliyati va ikki tomonning ham shartnoma oldidagi majburiyati haqidagi jiddiy savollarni o‘rtaga qo‘yadigan holat. Eng to‘g‘ri javobni esa hissiyot emas, hujjatlar beradi. Shartnoma. Bron ma’lumotlari. To‘lov hujjatlari. Kvitansiyalar. Qo‘ng‘iroqlar va yozishmalar tarixi. 120 dollarlik to‘lovning tasdig‘i. 1300 AQSh dollari talabi asoslari. Mehmonxona haqidagi ma’lumotlar. Foto va videolarning asl nusxalari. Barchasi bir joyga qo‘yilgandagina, voqeaning haqiqiy manzarasi oydinlashadi.

