Mahalliy

Arxeologlar Qamashida qadimgi otashgohni topdi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Odirmon yodgorligidan miloddan avvalgi III asrdan milodiy III asrgacha boʻlgan davrga oid deb taxmin qilinayotgan otashgoh va ossuariy topildi. Arxeologlarning fikricha, topilmalar qadimgi aholining zardushtiylik bilan bogʻliq diniy eʼtiqodi va dafn marosimlarini oʻrganishga yordam berishi mumkin.

Arxeologlar Qamashida qadimgi otashgohni aniqladi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Odirmon yodgorligida arxeologlar qadimgi otashgoh hamda inson suyaklarini saqlash uchun moʻljallangan sopol idish — ossuariyni topdi.

Ispaniyaning La Brújula Verde raqamli jurnali xabariga koʻra, topilmalar miloddan avvalgi III asrdan milodiy III asrgacha boʻlgan davrga tegishli boʻlishi mumkin. Shunga koʻra, ularning yoshi 1700-yildan 2300-yilgacha deb baholanmoqda.

Odirmon yodgorligida muntazam arxeologik tadqiqotlar 2026-yilda Samarqand Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Sanjar Abdurahimov rahbarligida boshlangan.

Qazishmalar chogʻida majmuaning shimoli-sharqiy qismidan balandligi qariyb 70 santimetr, kengligi esa 90 santimetr boʻlgan otashgoh aniqlandi. Uning yuzasida bir necha bor surtilgan loy suvoq qatlamlarining izlari saqlanib qolgan.

Mutaxassislar bu inshoot muqaddas olovni yoqish va saqlash uchun xizmat qilgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ammo otashgohning aniq vazifasi keyingi tadqiqotlardan soʻng belgilanadi.

Otashgoh yaqinidan ossuariy — marhumlarning tozalangan suyaklarini saqlashda ishlatilgan maxsus sopol idish ham topildi.

Qadimgi dafn anʼanalarida ossuariylar oddiy idish emas, balki diniy va marosimiy ahamiyatga ega buyum sifatida qaralgan. Ular koʻpincha turli ramziy naqshlar, oʻsimliklar va hayvonlar tasviri bilan bezatilgan.

Odirmonda topilgan ossuariy yuzasiga kiyik va Turkiston archasi tasvirlari tushirilgan. Bu naqshlarning maʼnosi hozircha nomaʼlum.

Arxeologlar idishni tozalash va qayta tiklash ishlari tugagach, tasvirlarning mazmuni hamda ularning diniy ramzlar bilan bogʻliqligini oʻrganadi.

Otashgoh va ossuariyning bir joydan topilgani majmua zardushtiylik anʼanalari bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Zardushtiylik taʼlimotida tuproq, suv va olov muqaddas sanaladi. Shu bois marhumning jasadini yerga koʻmish yoki yoqish tabiat unsurlarini nopok qilish deb qabul qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.