“Arsenal” “Manchester Siti”ni yirik hisobda taslim etib, Angliya Superkubogi sohibiga aylandi

“Arsenal” “Manchester Siti”ni yirik hisobda mag‘lub etib, Angliya Superkubogini qo‘lga kiritdi
Uelsning Kardiff shahridagi “Prinsipaliti” stadionida 2026-yilgi Angliya Superkubogi bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda Londonning “Arsenal” klubi “Manchester Siti”ga qarshi maydonga tushib, 3:0 hisobida ishonchli g‘alabani tantana qildi.
Uchrashuv to‘liq “to‘pchilar”ning ustunligi ostida o‘tdi. O‘yinning birinchi daqiqasidayoq Rikkardo Kalafyori hisobni ochib, londonliklarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 28-daqiqada Kay Xaverts jamoasining ustunligini ikkitaga oshirdi. Ikkinchi bo‘limning boshida, aniqrog‘i 48-daqiqada Martin Edegor uchinchi to‘pni kiritib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va Mikel Arteta shogirdlari yangi mavsumdagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi.
Ma’lumot o‘rnida, Angliya Superkubogi — an’anaga ko‘ra oldingi mavsumdagi Premyer Liga chempioni va Angliya Kubogi sohibi o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘yindir.
“Arsenal” 2025/2026-yilgi mavsumda 38 ta o‘yinda 85 ochko jamg‘arib, APL chempioniga aylangan edi. Shuningdek, jamoa o‘tgan mavsum Chempionlar Ligasining finaliga qadar yetib borib, hal qiluvchi bahsda “PSJ”ga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergan (1:1, penaltilar bo‘yicha 3:4).
“Manchester Siti” esa o‘tgan mavsum APLda 78 ochko bilan ikkinchi o‘rinni band etgan, biroq Angliya Kubogida zafar quchgani tufayli Superkubok uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgan edi.

