“Arsenal” Alvares transferini amalga oshirishga yaqin turibdi — AS

“Arsenal” Xulian Alvaresni sotib olishga yaqin turibdi — AS
Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Xulian Alvares faoliyatini Angliya Premyer Ligasida davom ettirishi mumkin. AS nashrining xabar berishicha, Londonning “Arsenal” klubi argentinalik futbolchining transferi bo‘yicha uzoq vaqtdan beri ish olib bormoqda.
Alvaresning o‘zi Ispaniyada qolishni va ayniqsa “Barselona”ga o‘tishni istasa-da, ushbu jamoaga o‘tishdagi qiyinchiliklar tufayli Angliyaga qaytish taklifini ko‘rib chiqishga qarshi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta va klub rahbariyati futbolchi bilan bevosita aloqada bo‘lgan.
Manbaning ta’kidlashicha, londonliklarning sport loyihasi Alvaresga ma’qul kelmoqda. Biroq, Buyuk Britaniyadagi viza cheklovlari va byurokratik to‘siqlar ushbu transferga jiddiy to‘sqinlik qilishi mumkin, chunki qat’iy qoidalar futbolchining oila a’zolari va do‘stlarining Angliyaga borib-kelishini qiyinlashtiradi.
Ma’lumot uchun, Alvares 2025/26-yilgi mavsumda “Atletiko” safida barcha musobaqalarda 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urgan va 9 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Argentinalik hujumchi terma jamoa bilan 2022-yilgi Jahon chempionati, 2022-yilgi Finalissima hamda 2021 va 2024-yillardagi Amerika Kubogida g‘olib chiqqan.

