Dunyo

Armiya, burch, qahramonlik: Rossiya urushni o‘z maktablariga qanday olib kirdi?

**Armiya, burch, qahramonlik: Rossiya urushni o‘z maktablariga qanday olib kirdi?**

Rossiya maktablarida o‘quvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash va ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uzoq vaqtdan beri muhim masala sifatida qaralib kelgan. Ammo Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin bu yo‘nalishga e’tibor ancha kuchaydi. So‘nggi yillarda esa militaristik kayfiyat maktab muhitiga yanada chuqurroq singib bordi.

Xususan, 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab Rossiya maktablarida Hayotiy faoliyati xavfsizligi asoslari (OBJ) fani bekor qilindi. Uzoq yillardan beri o‘qitilib kelgan va bolalarga yo‘l harakati qoidalari, yong‘in xavfsizligi, birinchi tibbiy yordam kabi ko‘nikmalarni o‘rgatib kelgan darslar o‘rnini Xavfsizlik va vatanni himoya qilish asoslari (OBZR) egalladi.

Tashqi tomondan bu o‘zgarish faqat nom almashgandek ko‘rinishi mumkin. Biroq fanga yuklangan vazifalar ancha kengaydi. Yangi dasturga boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha alohida modul kiritildi. Ya’ni bu fan endi faqat bolalarni kundalik xavflardan himoyalanishga o‘rgatish bilan cheklanmaydi. U, shuningdek, o‘quvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash va vatanni himoya qilishga tayyor avlodni shakllantirish vazifasini ham bajarishi kerak.

“Verstka” nashri va “Ne norma” tadqiqot loyihasi Rossiya maktablarida kuchayib borayotgan militarizm haqida material tayyorladi. Ular jarayonda ta’lim muassasalari ijtimoiy tarmoqlarga joylagan millionlab postlar, o‘qituvchilar guvohliklari hamda sud materiallarini tahlil qildi.

Tadqiqotga ko‘ra, “OBJ” va “OBZR” haqidagi maktab postlarida armiya, harbiy yig‘inlar, burch, fidoyilik, jasorat va vatanparvarlik kabi so‘zlar deyarli ikki baravar ko‘paygan. Bu jarayonga prokuratura ham qo‘shilgan. Prokurorlar maktab ma’muriyatlarini yangi fan uchun zarur bo‘lgan harbiy jihozlarni xarid qilishga majburlamoqda. 2024–2026-yillarda Rossiya maktablariga nisbatan ayni shu mazmundagi 597 ta sud da’vosi kiritilgan.

### “OBJ”dan “OBZR”ga: nomdan ko‘ra ko‘proq narsa o‘zgardi

Yangi fan joriy etilgan maktablarda o‘quvchilar “Kalashnikov” avtomatini qismlarga ajratish va qayta yig‘ishni o‘rganmoqda. Bundan tashqari, ular qurol-aslaha va anjomlarning o‘quv maketlari bilan tanishib, taktik tibbiyot mashg‘ulotlarida qatnashyapti. Ayrim ta’lim muassasalarida dronlar va elektron urush tizimlaridan foydalanish ko‘nikmalari ham o‘rgatilmoqda.

Shu bilan birga, maktablarda “OBZR” kabinetlarini jihozlash talablari ham kengaytirildi. Majburiy xarid qilinishi kerak bo‘lgan jihozlar ro‘yxati tuzilgan. Unda “Kalashnikov” avtomati, “Makarov” to‘pponchasi va qo‘l granatalarining yuqori sifatli maketlaridan tortib, o‘quv dronlari va tibbiy jihozlargacha bor. Ammo bu hammasi emas. Agar maktab o‘quvchilarni yig‘inlarga olib chiqish imkoniga ega bo‘lmasa, harbiy mashg‘ulotlar uchun zarur qo‘shimcha jihozlarni ham sotib olishi kerak. Ular orasida chodir, brezent, gilamcha, askar suv idishlari, dala qozoni, gaz gorelkasi, piyoda belkuragi va durbin bor.

Ba’zi maktablar bunday infratuzilmani allaqachon yaratib ulgurgan. Masalan, Kaluga viloyatining Bахmutovo qishlog‘idagi maktab hududida yetti elementdan iborat maxsus to‘siqlar yo‘lagi qurilgan. Unda sun’iy xandaq, labirint, qiya devor va vayron qilingan ko‘prik mavjud. Maktab ma’muriyati bu obyektlar o‘quvchilarga “yangi imkoniyatlar” berishini aytgan.

### Sudga tortilgan maktablar

Rossiyada “OBZR” kabinetlarini jihozlash masalasi faqat ta’lim idoralari nazoratida emas. Yuqorida aytilganidek, prokuratura ham maktablarda yangi fan uchun belgilangan jihozlar bor-yo‘qligini tekshirmoqda. Talablar bajarilmasa, maktablar va mahalliy hokimiyat organlariga qarshi sudlarga murojaat qilinmoqda. Nashr mutaxassislarining o‘rganishicha, bunday ishlarning deyarli barchasida prokuratura foydasiga qaror chiqarilgan. Biroq maktablar ko‘pincha hukmni bajarish uchun moliyaviy imkoniyatlari yetarli emasligini bildirgan.

Chunki zarur jihozlarni sotib olish uchun mablag‘ odatda shahar yoki tuman ma’muriyatlari tomonidan ajratiladi. Agar mahalliy byudjetlarda pul bo‘lmasa, yuz minglab rublga tushadigan bunday xarajatlar maktablar uchun og‘ir yuk bo‘ladi. Sababi “OBZR” uchun mo‘ljallangan jihozlar arzon emas. Material tayyorlash jarayonida aniqlanishicha, “Kalashnikov” avtomati maketlari 56 ming rubldan (570 dollar) boshlanadi. O‘q otish trenajyorlari esa bundan ancha qimmat bo‘lib, narxi 100 ming rubldan 1 million rublgacha yetishi mumkin.

Shu sabab ayrim maktablar mavjud imkoniyatlar bilan cheklanishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, tataristonlik o‘qituvchilardan biri zamonaviy jihozlar yetishmagani uchun buzilgan “Mavic” dronini olib kelib, o‘quvchilarga ko‘rsatgan. Uning nashrga aytishicha, bunday muammo qishloq maktablarida yanada keskinroq.

Joriy yil avgustida Buryatiyada ko‘rilgan ish bunga misol bo‘la oladi. Prokuratura Tujinkinskiy o‘rta maktabi va tuman ma’muriyatidan “OBZR” kabinetini 20 turdagi jihoz bilan ta’minlashni talab qilgan. Ro‘yxatda qurol va granata maketlari, oddiy boshpana maketi va boshqa o‘quv vositalari bor edi. Sud ta’lim muassasasi va tuman ma’muriyatiga tegishli jihozlarni sotib olish uchun 10 oy muhlat bergan. Zabaykalye o‘lkasining Qyrinskiy tumani ma’muriyati esa shu yili sudga murojaat qilib, mahkama talabini bajara olmasligini bildirgan. Bunga hatto ish haqi fondi uchun ham mablag‘ yetishmasligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Xatda, shuningdek, nazorat organlarining shunday talablarini bajarish uchun taxminan 50 million rublgacha xarajat ketishi mumkinligi aytilgan. Shunga qaramay, ayrim maktablar zarur mablag‘ni boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga topishga muvaffaq bo‘lgan.

### Maktablarning ijtimoiy tarmoqlarida ham o‘zgarish bor

“OBZR” fanining joriy etilishi nafaqat dars mazmuniga, balki maktablarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. 2022-yildan boshlab Rossiya maktablari “VKontakte”da o‘z sahifalarini ochishni boshlagan. Natijada internetda darslar, tadbirlar va boshqa mashg‘ulotlarni aks ettirgan yuz minglab postlar paydo bo‘lgan. Material mualliflari ularni tahlil qilib, “OBJ” va “OBZR” bilan bog‘liq kontent hajmi oshganini aniqlagan.

Masalan, 2021–2022-o‘quv yilida maktablar “OBJ” haqida 20 mingdan sal ko‘proq post joylagan. Keyingi o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 2,5 baravar oshib, 52 mingdan yuqoriga chiqqan. “OBZR” fani butun mamlakat bo‘ylab joriy etilgan 2023–2024-o‘quv yilida esa shu mazmundagi 73 mingdan ortiq post chop etilgan. Biroq manbaga ko‘ra, postlarning mazmuni ularning umumiy sonidan ham muhimroq.

Tadqiqotchilar maktablarning “OBJ” va “OBZR” haqidagi postlarida armiya, harbiy yig‘inlar, burch, fidoyilik, jasorat va vatanparvarlik kabi so‘zlarning ishlatilish chastotasini ham o‘rgangan. Bu so‘zlar 2021–2022-o‘quv yilida postlarning taxminan 12 foizida uchragan. Ya’ni har sakkizinchi materialda. 2024–2025-o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich 23 foizga yetgan.

### Harbiy xizmat maktab o‘quvchilariga qanday ko‘rsatilmoqda?

Tadqiqotchilar maktablarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bolalarning urush haqidagi tasavvurlariga qanday ta’sir ko‘rsatayotganiga ham e’tibor qaratgan. Masalan, Tataristondagi maktablardan biri o‘quvchilarning harbiy yig‘inlari haqida material joylagan. Unda o‘quvchilar yig‘in davomida qurol bilan ishlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirgani, haqiqiy jangovar avtomatni qo‘liga olib ko‘rgani va o‘q ovozidan paydo bo‘ladigan psixologik qo‘rquvni yenggani haqida xabar berilgan.

Maktab ma’muriyati bunday mashg‘ulotlarni oqlab, ular o‘quvchilarga kerak bo‘lishini ta’kidlagan. O‘qituvchilar buni bolalar bir necha yildan keyin Rossiya armiyasida muddatli harbiy xizmatni o‘tashiga to‘g‘ri kelishi bilan izohlagan. E’tiborlisi, bunday yig‘inlarni o‘tkazishda aksar hollarda Ukrainaga qarshi urushda qatnashganlar jalb etilgan.

### Urush ishtirokchilari maktablarda

Maktablarda “OBZR” fanini o‘tish va boshqa tadbirlar uchun “urush faxriylari”ni taklif etish odatiy holga aylangan. Masalan, 2024-yilda Novgorod viloyatidagi ta’lim muassasasiga urushdan qaytgan Dmitriy Matveyev kelgan. Maktabning ijtimoiy tarmoq sahifasida yozilishicha, u o‘quvchilarni sport bilan shug‘ullanishga, tarix va geografiyani o‘rganishga, vatanparvar bo‘lishga hamda armiyadagi xizmatga tayyorlanishga chaqirgan.

Kurgan viloyatidagi boshqa bir maktabga esa mahalliy urush ishtirokchisi Dmitriy Puziryov taklif etilgan. U urushdan bir oyog‘idan ayrilgan holda qaytgan. Puziryov o‘quvchilarga “jasorat” va “vatanparvarlik” namunasi sifatida tanishtirilgan. Ammo sobiq harbiyning Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashdan oldin ikki marta o‘g‘rilik uchun sudlangani tilga olinmagan.

“OBZR” fanining joriy etilishi yana bir muammoni yuzaga chiqargan. Gap shundaki, uni bolalarga kim va qaysi usullar bilan o‘qitishi masalasi to‘liq ochiqlanmagan. Samaralik o‘qituvchi Yevgeniyaning aytishicha, yangi fan bo‘yicha darsliklar hozircha yo‘q. Shu sabab u eski “OBJ” darsliklaridan, shuningdek, internetdagi turli saytlardan foydalanadi.

Shunga qaramay, Yevgeniyaning darslarida harbiy tayyorgarlikning amaliy jihatlari bor. O‘quvchilar saf mashqlarini bajaradi, “Kalashnikov” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ishni o‘rganadi. Shuningdek, taktik tibbiyot bilan shug‘ullanadi. Bunday mashg‘ulotlarda ularga shartli jang maydonidan yaradorni olib chiqish, unga yordam ko‘rsatish va xavfsiz hududga yetkazish kabi vazifalar beriladi.

Ayrim o‘qituvchilar esa yangi fanni o‘qitish uchun pedagogning o‘zi ham tegishli harbiy bilimga ega bo‘lishi kerakligini aytgan. Tataristondagi o‘qituvchilardan biri “OBZR” o‘qituvchisi vatanni sevishi, taktik tibbiyot va dronlar haqida tushunchaga ega bo‘lishi shartligini ta’kidlagan. Boshqa bir o‘qituvchi esa harbiy xizmatga munosabat o‘quvchilar orasida avvalgidek emasligidan norozi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim o‘quvchilar armiyadagi xizmatni “yo‘qotilgan bir yil” deb biladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.