Dunyo

“Armaniston va Rossiya munosabatlarida muqarrar o‘zgarishlar bo‘ladi” — Pashinyan

“Armaniston va Rossiya munosabatlarida muqarrar o‘zgarishlar bo‘ladi” — Pashinyan

Armaniston bilan Rossiya o‘rtasidagi aloqalar muqarrar ravishda o‘zgaradi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan Boon TV telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar alohida bir shaxs yoki siyosiy kuch bilan bog‘liq emas.

“Moskva bilan munosabatlarimiz o‘zgarishi muqarrar va buning biror inson yoki siyosiy kuchga aloqasi yo‘q. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi”, dedi u.

Pashinyan Rossiya bilan ilgari shakllangan munosabatlar formati nizolar sharoitida yuzaga kelganini ham qo‘shimcha qildi. Hozir esa Armaniston tinchlik muhitida yashayotgani ta’kidlandi. U kutilayotgan o‘zgarishlarni aynan shu omil bilan izohladi.

Shu bilan birga, bosh vazir Moskva bilan aloqalarni uzish niyatida emasligini bildirdi.

“Biz munosabatlarimizni chuqurlashtirmoqchimiz, lekin yangi muhitda va yangi sharoitlarda. Armaniston Moskva bilan nizoga kirishmaydi. Aksincha, o‘z pozitsiyasini xotirjam va izchil ravishda himoya qilishda davom etadi”, dedi Nikol Pashinyan.

1-sentyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Nikol Pashinyan muzokaralar o‘tkazgan edi. Uchrashuvdagi asosiy mavzulardan biri Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish niyati va bu qarorning Rossiya bilan munosabatlarga ta’siri bo‘ldi.

Rossiya yetakchisi o‘z bayonotida Moskva Armaniston bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Biroq u Yerevanning Yevropani tanlashi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) doirasidagi keyingi hamkorlikda qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etgan.

O‘z navbatida, Nikol Pashinyan Armaniston Rossiya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. U Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish intilishini Rossiya va YOII oldidagi kelishuvlarni buzish deb hisoblamasligini ham qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Pashinyan mamlakatdagi Rossiya harbiy bazasi haqida fikr bildirib, shunday degan edi:

“Ular bazani olib chiqib ketmoqchi bo‘lsa, marhamat, ertagayoq olib ketishsin. Agar qolmoqchi bo‘lishsa, shartlarni muhokama qilishga tayyormiz”, dedi Pashinyan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.