Argentinaning XVJdan qarzi undan keyingi olti davlatning jami qarzidan ham koʻp
Argentina Xalqaro valyuta jamgʻarmasi oldidagi toʻlanmagan kreditlar hajmi boʻyicha birinchi oʻrinda turibdi. Uning qarzi reytingda undan keyingi olti yirik qarzdor davlatning jami majburiyatlaridan ham koʻp. Ikkinchi oʻrinni 14,4 milliard dollar qarz bilan Ukraina egallagan.

Argentinaning XVJ oldidagi qarzi undan keyingi olti davlatning jami qarzidan ham yuqori
Visual Capitalist infografikasida XVJning 2026-yil oktabr boshidagi maʼlumotlari asos qilib olingan. Qarz summalari AQSH dollariga aylantirilgan. Reyting mamlakatlarning umumiy tashqi qarzini emas, balki faqat jamgʻarma oldidagi toʻlanmagan kreditlarini koʻrsatadi.
Ukrainadan keyingi oʻrinlarda Pokiston 10,8 milliard dollar, Misr 10,6 milliard dollar va Ekvador 9,4 milliard dollar qarz bilan joylashgan.
Argentinaning yirik qarzi mamlakatning XVJdan uzoq yillar davomida mablagʻ jalb qilib kelgani bilan izohlanadi. Valyuta inqirozlari, yuqori inflyatsiya va xalqaro kapital bozorlaridan mablagʻ olishdagi qiyinchiliklar uni jamgʻarmaga qayta-qayta murojaat qilishga majbur qilgan.
2018-yilda valyuta inqirozi sharoitida Argentina uchun 57 milliard dollarlik rekord kredit dasturi maʼqullangan. 2022-yilda yana bir yirik kelishuvga erishilgan.
2025-yil aprelida tasdiqlangan navbatdagi dastur esa 20 milliard dollarlik moliyalashtirishni, jumladan, darhol 12 milliard dollar ajratishni nazarda tutgan. Mablagʻlar iqtisodiyotni barqarorlashtirish, valyuta zaxiralarini tiklash va investorlar ishonchini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan. Bu summalar alohida dasturlar hajmi boʻlib, ularni qoʻshish orqali mamlakatning hozirgi qarzini hisoblab boʻlmaydi.
Ukrainaning qarz olishi Rossiyaning 2022-yilda boshlagan keng koʻlamli hujumi oqibatida yuzaga kelgan favqulodda xarajatlar bilan bogʻliq. Manbaga koʻra, 2026-yil fevralida Ukraina XVJ bilan 8,1 milliard dollarlik yangi moliyalashtirish dasturini kelishgan. U urush sharoitida moliyaviy barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
Pokistonda esa soliq tushumlarining kamligi, xorijiy valyuta tanqisligi va energetika sohasidagi qarzdorlik asosiy muammolar qatorida keltirilgan. XVJ qoʻllab-quvvatlayotgan islohotlar soliq bazasini kengaytirish, valyuta zaxiralarini toʻldirish va davlat moliyasini sogʻlomlashtirishga qaratilgan.

