Argentinalik regbichining 2022 yildagi qotilligi uchun ikki erkak qamoq jazosiga hukm qilindi
Oʻlimga olib kelgan oʻqlarni uzgan sobiq askar, 32 yoshli Loik Le Priol 26 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Argentinalik regbichining 2022 yildagi qotilligi uchun ikki erkak qamoq jazosiga hukm qilindi
Federiko Martin Aramburu 2022 yil mart oyida Parijda otib oʻldirilgan edi
Toʻrt yil avval Parij koʻchalarida sobiq Argentina terma jamoasi regbichisini otib oʻldirganlikda ayblangan, oʻta oʻngchi guruhlarga aloqador ikki erkak qamoq jazosiga hukm qilindi.
Argentina terma jamoasi safida yigirmadan ortiq oʻyin oʻtkazgan Federiko Martin Aramburu 2022 yilda Sen-Jermen bulvari yaqinidagi barda erta tongda yuz bergan mushtlashuvdan soʻng, harakatlanib ketayotgan mashinadan ochilgan oʻqlar natijasida halok boʻlgan edi.
Oʻlimga olib kelgan oʻqlarni uzgan sobiq askar, 32 yoshli Loik Le Priol 26 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Birinchi boʻlib oʻt ochgan 35 yoshli Romen Buvye esa 19 yilga qamaldi.
Juma kuni Parij sudida sud jarayoni yakunlanar ekan, Le Priol Aramburuning oilasidan kechirim soʻradi.
«Men ham siz kabi xristianman, bugun papa shu yerda», dedi u Rim papasi Lev XIV ning Frantsiyaga tashrifini nazarda tutib.
«Bu biror belgimi, bilmayman... Bir kun kelib meni kechirishga kuch topa olasiz deb umid qilaman», deya davom etdi Le Priol.
Sobiq regbi yulduzi Aramburu oʻldirilganida 42 yoshda edi. U Argentina terma jamoasi safida 22 marta maydonga tushgan, jumladan, 2007 yilda Frantsiyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida mezbonlar darvozasiga lelo (try) kiritib, oʻz jamoasining uchinchi oʻrinni egallashiga yordam bergan.
Shuningdek, u 2010 yilda «Glazgo Uorriors» klubiga qoʻshilishdan oldin Frantsiyaning «Perpinyan», «Biarrits» va «Daks» klublarida ham toʻp surgan.
Tergov davomida oʻrganilgan kuzatuv kamerasi tasvirlarida 2022 yil 19 mart kuni Aramburu va uning sobiq jamoadoshi Shon Xegarti barda sobiq askar Le Priol va uning doʻsti Buvyening roʻparasida oʻtirgani aks etgan.
Oʻsha paytda Le Priol va Buvyening ikkalasi ham keyinchalik tarqatib yuborilgan oʻta oʻngchi ekstremistik guruhga aloqador boʻlgan.
Kuzatuv kamerasi tasvirlariga koʻra, ikki guruh oʻrtasida janjal kelib chiqqan.
Ikki sobiq regbichi mehmonxona tomon piyoda ketayotganida, Le Priol va Buvye ularni topish uchun mashinada orqasidan borib, oʻt ochishgan. Reuters xabariga koʻra, Aramburu voqea joyida vafot etgan.
Keyinchalik Le Priol Ukraina chegarasini kesib oʻtishga urinayotganda Vengriyada qoʻlga olingan. Oʻsha paytda u Vengriya politsiyasiga Ukrainaga jang qilish uchun ketayotganini aytgan.
Himoya tomoni Le Priol ishida posttravmatik stress buzilishini, Buvye ishida esa bolalikdagi jarohatlarni vaj qilib keltirdi.
Biroq sudda Le Priol «oʻldirish ishtiyoqi bilan harakat qilgan» deb taʼriflandi.
«Loik Le Priolning nartsissik, tajovuzkor va jilovlab boʻlmaydigan gʻazabi oxir-oqibat janob Aramburuning behuda oʻldirilishiga olib keldi», dedi raislik qiluvchi sudya.
Shu bilan birga, Aramburuning bevasi Mariya oʻzi va Aramburuning uch farzandiga «kattalar sifatida oʻz hayotlarini qurishga» imkon beradigan hukm chiqarishni soʻradi.

