Dunyo

Argentina Folklend orollarida faoliyat yuritayotgan neft kompaniyasini nishonga oldi

Bu qadam Prezident Xavyer Miley Argentinaning Folklend orollari ustidan suverenitet daʼvolarini kuchaytirganidan bir necha kun oʻtib amalga oshirildi.

Argentina Folklend orollari yaqinida faoliyat yuritayotgan neft kompaniyasiga qarshi chora koʻrmoqda

Argentina hukumati Folklend orollari yaqinidagi suvlarda faoliyat yuritayotgani uchun Navitas Petroleum neft kompaniyasiga nisbatan jinoiy ayblovlar qoʻzgʻatishini maʼlum qildi.

Ushbu bayonot Argentina prezidenti Xavyer Miley Atlantika okeanining janubi-gʻarbiy qismidagi Buyuk Britaniyaning dengiz orti hududida burgʻilash ishlarini olib borayotgan neft kompaniyalariga nisbatan sanktsiyalar joriy etishini aytganidan bir necha kun oʻtib yangradi.

Arxipelag ustidan suverenitet masalasi 1982 yilda ushbu hududga bostirib kirgan Argentina kuchlarini Britaniya harbiy kontingenti siqib chiqarganidan keyin, oradan 40 yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, Buyuk Britaniya va Argentina oʻrtasida bahsli boʻlib qolmoqda.

Uzoq davom etayotgan nizo oʻtgan haftada, Miley xalqqa yoʻllagan murojaatida "oʻzgarishlar shamoli" Argentinaning Folklend orollariga boʻlgan daʼvosini qoʻllab-quvvatlayotganini aytganidan keyin yanada kuchaydi.

Miley ilgari 1982 yilgi mojaroning argentinalik faxriylari tomonidan argentinaliklar Las-Malvinas deb ataydigan Folklend orollari masalasida "haddan tashqari yumshoqlik" qilayotgani uchun tanqidga uchragan edi.

Payshanba kuni kechqurun mahalliy vaqt bilan qilgan chiqishida Miley hukumatining ushbu hudud boʻyicha pozitsiyasini takrorlab, "Malvina orollari tarixan va huquqiy jihatdan Argentinanikidir... bu borada hech qanday bahs boʻlishi mumkin emas", dedi.

Prezident arxipelagda neft burgʻilashni Argentina suverenitetiga "aniq va zudlik bilan bartaraf etilishi kerak boʻlgan xavf" deb atadi.

U shuningdek, 2013 yilgi referendum natijalarini rad etdi. Oʻshanda orollar aholisining 99,8 foizi Folklend orollarini Buyuk Britaniyaning dengiz orti hududi sifatida saqlab qolish uchun ovoz bergan edi.

Miley ular inglizlar tomonidan "bosib olingan" yerda yashayotganliklarini va shu sababli "oʻz taqdirini oʻzi belgilash boʻyicha qonuniy huquqqa ega emasliklarini" aytdi.

Britaniya hukumati Mileyning nutqini rad etdi va Folklend orollari boʻyicha oʻz pozitsiyasi "tebranmas" ekanini bildirdi.

Mileyning eng koʻp tomosha qilinadigan vaqtdagi chiqishi vaqtinchalik holat ekani va u Buyuk Britaniya bilan diplomatik aloqalarni mustahkamlash boʻyicha avvalgi yondashuviga qaytadi, degan har qanday umidlar dushanba kuni uning idorasi Navitas Petroleum, uning bir nechta shoʻʼba korxonalari va ularning rahbarlariga nisbatan jinoiy ayblovlar eʼlon qilganidan keyin chipakka chiqdi.

Tel-Aviv birjasida roʻyxatdan oʻtgan Navitas kompaniyasi 2028 yilda Shimoliy Folklend havzasida qazib olishni boshlashi kerak boʻlgan Sea Lion shelf neft loyihasida 65 foizlik ulushga egalik qiladi.

Folklend orollaridan taxminan 130 mil (209 km) uzoqlikda joylashgan Sea Lion neft konida taxminan 1,7 milliard barrel neft borligi taxmin qilinmoqda.

Dushanba kungi bayonotida Miley ushbu hududda burgʻilash ishlarini olib borish Argentina rasmiylarining roziligisiz resurslardan foydalanishni taqiqlovchi Argentina qonunchiligini buzishini aytdi.

"Davlat Argentina Respublikasining suveren huquqlarini buzadigan har qanday harakatga qarshi turish uchun zarur deb hisoblangan choralarni koʻrishda davom etadi", deyiladi bayonotda.

Navitas hozircha oxirgi bayonotga javob bermadi, biroq oʻtgan haftada Mileyning soʻzlari "Sea Lion loyihasini rivojlantirish faoliyatiga, jumladan, loyihani ishlab chiqishni yakunlash jadvaliga sezilarli taʼsir koʻrsatishi kutilmayotganini" aytgan edi.

Sea Lion loyihasida qisman ulushga ega boʻlgan Rockhopper kompaniyasi ham Mileyning bayonotiga hozircha izoh bermadi.

Ikkala kompaniya ham avvalroq Sea Lion loyihasi Folklend orollari tomonidan berilgan haqiqiy litsenziyalarga ega ekanligini maʼlum qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.