Dunyo

“Arab olamining Dianasi”: Saudiya Arabistoni ayollari haqidagi stereotiplarni o‘zgartirib yuborgan malika Amira at-Tavil haqida

“Arab olamining Dianasi”: Saudiya Arabistoni ayollari haqidagi stereotiplarni o‘zgartirib yuborgan malika Amira at-Tavil haqida

Dunyo OAV Yevropa monarxlari, xususan, Megan Markl va Keyt Middlton kabi malikalar aytgan gaplardan tortib, ularning kiyinish uslubigacha muhokama qilishdan to‘xtamaydi. Ammo go‘zalligi va yuksak didi bilan e’tirofga loyiq malikalar faqat G‘arbda emas. Arab ayollari, ularning kiyinish tarzi va turmushiga oid tasavvurlarni o‘zgartirishga sabab bo‘lgan Amira at-Tavil haqida ma’lumot beramiz.

Amira oddiy oilada tug‘ilgan va bir kuni odamlar uni malika deb atashlarini tasavvur ham qilmagan. Talabalik davrida Saudiya Arabistoni qirolining jiyani bilan uchrashgach, uning hayoti butunlay o‘zgarib ketadi. Qizga o‘qishdan berilgan topshiriq — shahzoda Valid ibn Taloldan intervyu olish edi. O‘shanda Amira atigi 18 yoshda, taxt vorisi esa 46 yoshda bo‘lgan. Go‘zal talaba ilk uchrashuvdayoq Saudiya shahzodasining qalbini zabt etadi va 9 oylik munosabatlardan so‘ng ular turmush qurishadi.

Amira jamoat joylarida arab milliy libosi — abayya kiyishdan voz kechgan Saudiya Arabistonidagi birinchi malika bo‘lgan. Yevropacha uslubda kiyinishni yoqtiradigan malika mamlakatdagi ayollardan birinchilar qatorida haydovchilik guvohnomasini olib, avtomobil haydagan. Bundan tashqari, u ayollarga mashina haydash huquqini berish kerakligi haqida bir necha bor chiqish qilgan.

Kambag‘allik, ishsizlik, shuningdek, Yaqin Sharqdagi ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qancha xayriya loyihalarida faol qatnashgan Amira arablarning malika Dianasi deb ham ataladi.

Shahzodaning qarindoshlari uning erkin turmush tarzi sabab uni yoqtirmaydi. Turmush qurganiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tsa ham merosxo‘r dunyoga keltirmagani qirollik oilasi vakillarining noroziligini yanada kuchaytirgan.

OAVda Amiraning bepushtligi, shahzodaning bundan xabardor ekani va hatto nikoh shartnomasida bu band qayd etilgani yozilgan.

Boshqa mish-mishlarda esa malikaning o‘zi ona bo‘lishni istamasligi aytiladi.

2013-yilda juftlik munosabatlariga nuqta qo‘yilgan. Ajrashish jarayoni tinch yakunlangan, Amira va shahzoda do‘stlikni saqlab qolgan.

Biroq hozir ham qirollik oilasining rasmiy a’zosi bo‘lmasligiga qaramay, odamlar uni malika deb atashda davom etadi.

Foto: Cosmopolitan Hatto turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganidan keyin ham xayriya faoliyatini davom ettirgan sobiq malika millionlab Sharq ayollari uchun o‘rnak bo‘la oladi. 2018-yilda sobiq malika milliarder Xalifa ibn Butti al-Muhayriga turmushga chiqdi.

Ko‘pchilik uni “Alovuddinning sehrli chirog‘i” multfilmidagi malika Jasminga o‘xshatadi.

U nafaqat tashqi ko‘rinishi bilan, balki ichki olamining o‘ziga xosligi bilan ham ertak qahramonini eslatadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.