AQSHning USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi 9 oylik xizmatdan so‘ng Yaqin Sharqni tark etmoqda

AQSHning USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi to‘qqiz oylik xizmatdan so‘ng Yaqin Sharq mintaqasini tark etmoqda. Undagi dengizchilar va dengiz piyodalari uyga qaytishmoqda. Bu haqda 20-avgust kuni CBS News telekanaliga amerikalik rasmiy xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, USS Abraham Lincoln o‘rniga Yaponiyada joylashgan boshqa bir AQSH aviatashuvchisi — USS George Washington Yaqin Sharqqa yetib kelgan. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari kemadagi ekipajning ruhiy salomatligi yomonlashgani, shuningdek, sanitariya ahvoli va oziq-ovqat tanqisligidan xavotir bildirayotgan edi.
USS Abraham Lincoln va uning 5 mingga yaqin ekipaj a’zosi 2025-yilning 21-noyabr oyida San Diyegodan yo‘lga chiqqan. Fevral oyida boshlangan Eron bilan urush ularning topshirig‘ini uzaytirdi va ish hajmini oshirdi. Kema zarbalarni qo‘llab-quvvatlovchi minglab samolyot parvozlari uchun uchish punkti vazifasini o‘tadi.
Oila a’zolarining xavotirlari Military Times va Stars and Stripes nashrlarida yoritildi. Bu holat Kapitoliyda xavotir uyg‘otdi. Urush vaziri Pit Hegset hamda prezident Donald Tramp bu xavotirlarni rad etishga urindi. Tramp kemaning xizmatda bo‘lish muddati hali yetarlicha uzoq davom etmaganini aytdi. Harbiy-dengiz kuchlari vaziri vazifasini bajaruvchi Hang Kao esa OAVdagi sharoitlar haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi admirali Bred Kuper o‘tgan dam olish kunlarida USS Abraham Lincoln kemasiga tashrif buyurdi. U shikoyatlarni hal qilishga urindi. Kuper dengizdagi xizmat o‘ziga xos murakkab va og‘ir ekanini aytdi.
“Har birimiz, shu jumladan, men ham, stress omillariga turlicha munosabat bildiramiz”, deb qo‘shimcha qildi u.
Harbiy-dengiz kuchlarining bildirishicha, kemada o‘z joniga qasd qilishga urinishlar yoki bu haqda o‘ylash holatlari ko‘paygani kuzatilmagan. Shuningdek, 3-avgust kuni bir dengizchi bortdan suvga tushib ketgani va qutqarib olingani bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Aviatashuvchining San Diyego shahriga qaytishi taxminan uch hafta vaqt olishi mumkin.

