Siyosat

AQSHning Sietl shahri 1-sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi

AQSHning Sietl shahri meri Keti B. Uilson 2026-yil 1-sentyabrni rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekistonning Vashingtondagi bosh konsuli Ahror Burhonov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan. Sietl meri tomonidan imzolangan rasmiy proklamatsiyada O‘zbekistonning 35 yil davomida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli transformatsiya yo‘lini bosib o‘tgani alohida ta’kidlangan.

Hujjatda, shuningdek, O‘zbekistonning Sietlda Bosh konsulxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygani qayd etilib, buning natijasida Sietl O‘zbekistonning bevosita diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lgan AQSHning sanoqli shaharlaridan biriga aylangani e’tirof etilgan.

Proklamatsiyada O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega davlati va mintaqaning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri ekani, mamlakat ochiq bozorlar va xalqaro sheriklikni kengaytirishga intilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchiga ega mintaqaga chiqish imkonini beruvchi strategik darvoza sifatidagi o‘rni ta’kidlangan. Sietlning dunyoga mashhur biznes hamjamiyati bilan savdo, investitsiya, logistika, texnologiyalar va energetika sohalarida katta hamkorlik imkoniyatlari mavjudligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Sietl meri O‘zbekiston Bosh konsulxonasining faoliyati ikki tomon o‘rtasida uzoq muddatli insonlararo, biznes va hukumatlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etgan.

“Sietl shahrining O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga ko‘rsatayotgan bunday yuksak e’tibori biz uchun katta sharaf. Bu qaror nafaqat bayramimizga hurmat, balki O‘zbekiston va AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi o‘rtasida shakllanayotgan yangi va istiqbolli munosabatlarning yaqqol ifodasidir. Sietlda Bosh konsulxonaning ochilishi bilan biz bu do‘stlikni aniq iqtisodiy, texnologik, ta’limiy va madaniy loyihalarga aylantirishni maqsad qilganmiz”, dedi Ahror Burhonov.

Burhonovga ko‘ra, 4-sentyabr kuni Sietlda O‘zbekiston Respublikasining AQSH G‘arbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlanib, unda Vashington shtati va Sietl shahri rahbariyati, diplomatik korpus, yetakchi AQSH kompaniyalari, akademik doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Sietl AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi eng yirik iqtisodiy, texnologik va savdo markazlaridan biri. Katta Sietl mintaqasi 4,1 milliondan ziyod aholiga ega bo‘lib, uning iqtisodiyoti 2025-yilda qariyb 607 mlrd AQSH dollari hajmidagi yalpi hududiy mahsulot yaratgan. Bu Vashington shtati iqtisodiyotining asosiy qismini tashkil etadi. Sietl va uning atrofidagi shaharlarda dunyoning eng yirik kompaniyalaridan Amazon va Starbucks bosh qarorgohlari Sietlda, Microsoft, Costco Wholesale, T-Mobile va PACCAR joylashgan. Shuningdek, mintaqada Boeing, Google, Meta, Expedia Group va Alaska Airlines kabi global kompaniyalar katta faoliyat yuritadi. Katta Sietldagi yetakchi ochiq aksiyadorlik kompaniyalarining jami daromadi 1,5 trln dollardan oshgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.