AQSHning bir qator shaharlarida o‘smirlar “bosqini”ga qarshi komendantlik soati joriy etiladi

AQSHning bir qator shaharlarida o‘smirlar tomonidan sodir etilayotgan "bosqinlar"ga qarshi kurashish maqsadida komendantlik soati joriy etilmoqda. Bu "bosqinlar" ijtimoiy tarmoqlardagi chaqiriqlar ortidan yoshlarning katta guruhlari jamoat joylariga to‘planishi bilan tavsiflanadi. Bunday yig‘inlar ba’zan zo‘ravonlik, hibslar va hatto o‘lim bilan yakunlanmoqda.
Shimoliy Karolina shtatining Sharlotta shahri 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga soat 21:00 dan keyin ko‘chaga chiqishni taqiqlovchi komendantlik soati joriy etishni rejalashtirmoqda. Shahar kengashi a’zosi Dante Andersonning CBS News nashriga 13-avgust kuni ma’lum qilishicha, Sharlotta Meklenburg politsiyasi may oyidan beri 40 dan ortiq shunday holatni qayd etgan. Andersonning so‘zlariga ko‘ra, bu chora jamoat joylarida katta guruh bo‘lib yig‘ilayotgan yoshlarga qaratilgan. U yaqinda 15 yoshli o‘smirning otib yaralanganini misol qilib keltirib, bu yig‘inlarda zo‘ravonlik kuzatilayotganini ta’kidladi. "Bu taqiq nafaqat shahar, balki birinchi navbatda yoshlarning o‘zi uchun himoyadir", dedi Anderson.
10-iyul kuni Sharlotta shahridagi University City Boardwalk hududida o‘tkazilgan o‘smirlar yig‘ini natijasida 12 nafar voyaga yetmagan shaxs hibsga olingan va 10 nafar ota-onaga bayonnoma rasmiylashtirilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hududda 200 dan 300 gacha yoshlar to‘plangan. Sharlotta Meklenburg politsiyasi boshlig‘i Estella Patterson shu haftada shahar kengashi majlisida komendantlik soatini amaldagidan ertaroq belgilash taklifini kiritdi. Hozirda 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun soat 22:00 dan, 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun esa soat 23:00 dan keyin ko‘chaga chiqish taqiqlangan. Patterson, "Agar biz bu yig‘inlarni nazoratga olmasak, oqibatlari fojiali bo‘lishi mumkinligidan juda xavotirdaman", deya ta’kidladi.
Florida shtatida esa vitse-gubernator Jey Kollinz kabi rahbarlar ushbu muammoga boshqacha yondashuvni taklif qilmoqda. 4-iyul kechasi Pensakola shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar yig‘ini fojia bilan yakunlangan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yetti kishi o‘qdan jarohat olgan va 19 yoshli o‘smir halok bo‘lgan. Pensakola markazida yuzlab odamlar to‘plangan, ularning ba’zilari urishib ketgan va mushakbozlik qilgan. Kollinzning so‘zlariga ko‘ra, "Javobgarlik — biz qila oladigan eng birinchi ishdir. Biz bunday tadbirlarni tashkillashtirib, odamlarni xavf ostiga qo‘yayotgan tashkilotchilarni javobgarlikka tortmoqchimiz. Oqibatda hech kim jarohat olmasligini istaymiz. Ota-onalar, iltimos, farzandlaringiz to‘g‘ri ish qilayotganiga ishonch hosil qiling".
Avvalroq Tailandda 9-sinf o‘quvchisi maktabda otishma uyushtirib, 7 kishini o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. U hujumdan oldin uyida bobo-buvisini otib o‘ldirgan.

