AQShlik aktyor Ched Lou 13 yoshli qizi Fionaning vafotidan «qattiq qaygʻuda»
Lou va uning rafiqasi Kim Peynter «hayotimizning nuri edi» deya oʻz qizlarining vafotini eʼlon qilishdi.

AQShlik aktyor Ched Lou va uning rafiqasi, prodyuser Kim Peynter oʻzlarining «sevimli» 13 yoshli qizi Fionaning vafotidan keyin «qattiq qaygʻuda» ekanliklarini maʼlum qilishdi.
«U aqlli, ijodkor va raqsga tushishni yaxshi koʻradigan mehribon qiz edi», — deyiladi oilaning bayonotida.
«Opa-singillari uni juda yaxshi koʻrishardi, ota-onasi uchun esa u suyukli farzand edi. Toʻgʻrisini aytganda, u hayotimiz nuri edi.
Uning vafoti butun oilamiz uchun ogʻir judolik boʻldi va biz bunday paytda duo qilishingizni hamda shaxsiy hayotimizni hurmat qilishingizni soʻraymiz».
Bayonot quyidagi soʻzlar bilan yakunlangan: «Agar siz yoki siz taniydigan biror kishi ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarga duch kelayotgan boʻlsa, iltimos, 988 raqamiga qoʻngʻiroq qilish yoki xabar yuborish orqali 988 Suitsid va inqirozli vaziyatlarda yordam berish tarmogʻiga murojaat qiling».
Aktyor Rob Louning akasi boʻlgan Ched Lou 1993 yilda «Life Goes On» teleshousi uchun «Emmi» mukofotini qoʻlga kiritgan, shuningdek, «Pretty Little Liars» va «Supergirl» kabi dasturlarda suratga tushgan.
U va Peynterning yana ikki nafar qizi bor: 17 yoshli Meybel va 10 yoshli Niksi.

