AQShdagi mahkuma Krista Payk muvaffaqiyatsiz qatldan soʻng «sarosimada va ogʻriq bilan» uygʻonganini aytdi
Bu Paykning sentyabr oyida oʻlim inʼyektsiyasi orqali qatl etilishdan omon qolganidan beri bergan birinchi ommaviy bayonotidir.

AQShda oʻlim jazosiga hukm qilingan mahkuma Krista Payk sentyabr oyida amalga oshmay qolgan qatldan beri ilk bor ommaviy bayonot berdi.
«Oʻsha kechadan beri ogʻriq his qilmagan biror bir lahzam boʻlmadi», — deyiladi juma kuni uning himoyachilar jamoasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan bayonotda.
«Badanim ogʻriyapti. Qoʻllarim ogʻriyapti. Panjalarim ogʻriyapti. Tomogʻim ogʻriyapti. Hali ham gapirishga qiynalyapman. Ogʻriq faqat jismoniy emas. Ruhimda va qalbimda ham ogʻriq bor».
50 yoshli Payk pentobarbitalning ikkita oʻlimga olib keluvchi inʼyektsiyasidan omon qolgach, ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan edi va oʻtgan oyning oxirida u yerdan chiqarildi.
Shundan soʻng u 1995 yilda Kollin Slemmerni oʻldirgani uchun oxirgi 30 yilni oʻtkazgan qamoqxonaga qaytarildi.
Payk oʻlimga olib keluvchi inʼyektsiya orqali qatl qilish urinishidan omon qolgan yagona inson deb hisoblanadi.
Uning advokatlari avvalroq mahkumada qatl qilish urinishidan soʻng zotiljam rivojlangani, qoʻllarida kuchli shish paydo boʻlgani va yutina olmayotganini aytgan edi.
«Men sogʻayyapman va kuchga toʻlayotganimni bilaman», — dedi u juma kunidagi bayonotida. «Biroq sogʻayish hammasi joyida degani emas».
Payk 18 yoshida oʻshandagi sevgilisi Tadaril Shipp bilan birga kam taʼminlangan yoshlar uchun moʻljallangan kasbiy taʼlim oromgohida tanishgan 19 yoshli Slemmerni kaltaklab, qiynab oʻldirgan.
Shipp jinoyat sodir etilgan vaqtda qonunan voyaga yetmagani sababli oʻlim jazosidan qutulib qolgan. U hanuz qamoqda qolmoqda.

