AQShda “tug‘uruq turizmi” cheklovlari fonida mingga yaqin soxta nikoh ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi
AQShda asosan xitoyliklarga yashash huquqini olib berish uchun 1000 ga yaqin soxta nikoh tuzishda gumonlanayotgan 11 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilindi. Bu holat Trampning faqat farzandiga fuqarolik olish maqsadida keluvchilarga, ya’ni 'tug‘uruq turizmi'ga qarshi kurashni kuchaytirgani fonida yuz bermoqda.

AQShda "tug‘uruq turizmi"ga qarshi cheklovlar kuchaygan bir paytda, mingga yaqin soxta nikoh ishi bo‘yicha ayblovlar e’lon qilindi.
12-avgust kuni AQSh Adliya vazirligi 11 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qildi. Reuters xabariga ko‘ra, ular o‘n yil davomida asosan xitoylik fuqarolarga AQShda qonuniy yashash huquqini olishda yordam berish maqsadida 1000 ga yaqin soxta nikoh tashkil etganlikda gumonlanmoqda.
Manhettendagi federal sudda e’lon qilingan ayblov xulosasida aytilishicha, xorijiy fuqarolar AQSh fuqarosi bilan turmush qurish va qonuniy yashash huquqini qo‘lga kiritish uchun olti kishidan iborat "vositachilar" guruhiga har biri 100 000 dollargacha pul to‘lagan. Ayblov xulosasida, shuningdek, AQSh fuqarolariga bunday nikohga rozi bo‘lishlari uchun 30 000 dollargacha haq berilgani qayd etilgan.
Xabarda aytilishicha, sxema ishtirokchilari xitoylik fuqarolarga qonuniy doimiy yashovchi maqomini olishlariga ruxsat berilishi uchun yangi turmush qurganlarga AQSh Ichki xavfsizlik vazirligiga hujjatlarni topshirishda ham yordam ko‘rsatgan.
Bosh prokuror Todd Blansh ushbu sxemani "AQSh tarixidagi nikoh bilan bog‘liq firibgarlik bo‘yicha eng yirik jinoiy ishlardan biri" deb ta’riflab, bu "odamlar immigratsiya tizimimizni aldash uchun nimalarga qodir ekanini" ko‘rsatib berganini ta’kidladi.
Bu voqea o‘tgan hafta prezident Donald Tramp tomonidan "tug‘uruq turizmi"ni cheklashga qaratilgan farmoyish imzolanganidan keyin sodir bo‘ldi. Bu Trampning tug‘ilish huquqi bo‘yicha fuqarolikni cheklashga bo‘lgan ikkinchi urinishidir. 30-iyun kuni AQSh Oliy sudi Tramp tomonidan inauguratsiya kuni imzolangan, AQSh fuqarosi bo‘lmaganlardan tug‘ilgan shaxslarni avtomatik fuqarolikdan mahrum qiluvchi farmonni rad etgandi.
Davlat departamenti AQShga faqatgina o‘z farzandiga fuqarolik olib berish maqsadida kelayotgan ayollarga qarshi kurashish uchun viza egalarining harakatlarini nazoratdan o‘tkazish ishlarini boshlaganini ma’lum qildi.

