Layfstayl

AQSHda tashlandiq qayiqdan 60 ta mushuk topildi

AQSHning Vashington shtati qirg‘oqlarida tashlandiq qayiqdan 60 ta mushuk topilib, qutqarib olindi. Bu haqda CBS News mahalliy politsiyaga tayanib xabar berdi.

Avgust oyi boshida Takoma shahridagi Ouen qirg‘og‘i yaqinida 12 metr uzunlikdagi tashlandiq qayiq topilgan. Hozirda ushbu qayiq bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergov olib borilmoqda.

Takoma politsiyasi ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: “Barcha mushuklarni xavfsiz olib chiqqanimizga ishonsak-da, mushuk boqadiganlar yaxshi biladi: ular juda usta yashirinadi. Kemada yana mushuk qolgan bo‘lishi mumkin, shu sababli ish hali to‘liq tugagani yo‘q”.

Politsiya va hayvonlarni himoya qilish xizmati xodimlari bir hafta davomida kemani ko‘zdan kechirib, hayvonlarni ehtiyotkorlik bilan olib chiqishdi. 11-avgust kuni oxirgi mushuk ham qutqarib olindi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari 6-avgust kuni tashlab ketilgan kema haqida ilk bor xabar topishgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xavfli sharoitda yashayotgan o‘nlab mushuklarga duch kelgan.

Politsiya e’lon qilgan suratda o‘ndan ortiq mushuk kemaning bir burchagiga to‘planib olganini ko‘rish mumkin.

Politsiya xabarida aytilishicha: “Mushuklarning ko‘pchiligi qo‘rqib ketgan va och edi. Ularni qutqarish uchun sabr, g‘amxo‘rlik va katta jamoaviy mehnat talab etildi”.

Politsiya aholidan kemada yana mushuk ko‘rib qolishsa, yordam berishni so‘ramoqda. Shuningdek, odamlarga kema bortiga chiqmaslik uqtirildi. Hokimiyat kema egasi qaytib kelmasa, uni qirg‘oqdan olib tashlashni rejalashtirmoqda.

Takoma shahrida amalda bo‘lgan qoidalarga ko‘ra, bir xonadonda ko‘pi bilan 6 ta mushuk yoki it boqilishi mumkin. Politsiya tergov tafsilotlarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, bu holat hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va ularni qarovsiz qoldirish moddasi bo‘yicha baholanishi mumkin.

Avvalroq Tobi laqabli mushukchada 28 ta barmoq borligi aniqlanib, jahon rekordi o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi. Bu me’yordan o‘ntaga ko‘p deganidir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.