AQSHda sun’iy intellekt ishga kech qolgan xodimni boʻshatdi

AQSHda sunʼiy intellekt birinchi marta xodimni ishdan boʻshatdi. Bu haqda Time nashri xabar berdi.
San-Fransiskodagi doʻkonni boshqarish uchun Claude nomli sunʼiy intellekt yordamchisi ishga tushirilgan edi. Andon Labs startapi neyron tarmoqlarning imkoniyatlarini va ularning iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganish maqsadida doʻkon faoliyatiga sunʼiy intellekt modelini joriy etgan. Doʻkon xodimlari esa haqiqiy mehnat shartnomasiga ega insonlar boʻlgan.
Claude menejer sifatida faoliyat yuritib, oʻziga boʻysunuvchi xodimlardan birini ishdan boʻshatdi. Ishdan boʻshatishga sabab, xodimning 23 ta smenadan 17 tasiga kechikishi boʻlgan. Dastlab sunʼiy intellekt oʻzi ishlab chiqqan yoʻriqnomani xotirasidan yoʻqotib qoʻygan edi. Shu sababli, menejer sifatida "koʻngilchanglik qilib", kechikkan xodimlarga xavotir olmaslikni uqtirib kelgan.
Neyron tarmoq Andon Labs xodimi bilan doimiy aloqada boʻlib, undan vaziyatga aralashishni soʻrab turgan. Inson bergan koʻrsatmadan soʻng Claude unutilgan qoʻllanmani topgan va muntazam kechikishlarni aniqlagan. Dastlab assistent rasmiy ogohlantirish berishni tavsiya qilgan, biroq keyinchalik ishdan boʻshatish haqida qaror chiqargan.
Moliyaviy nuqtai nazardan tajriba oʻzini oqlamagan. Besh oy ichida doʻkon balansi 100 ming dollardan 61 ming dollargacha kamaygan. Claude’ning qatʼiyatsiz boshqaruv qarorlari va shubhali biznes qobiliyati ushbu zararga sabab boʻlgan.
Avvalroq AQSH Kiberxavfsizlik agentligining vaqtinchalik rahbari ChatGPT’ga xizmat fayllarini sizdirgani aniqlangandi. Bu fayllar "faqat xizmat doirasida foydalanish uchun" belgisi qoʻyilgan va ommaviy tarqatishga moʻljallanmagan CISA shartnoma hujjatlaridan iborat boʻlgan.

