AQShda Pentagon xodimlarining maʼlumotlar bazasi hakerlar tomonidan buzildi
Hakerlar 3 milliondan ortiq harbiy xizmatchi, faxriylar, Pentagon xodimlari, pudratchilar va harbiylarning oila aʼzolarining shaxsiy maʼlumotlarini oʻgʻirlagan boʻlishi mumkin.

AQShda Pentagon xodimlari haqidagi maʼlumotlar bazasi xakerlar tomonidan buzib kirildi
Hujum Defense Manpower Data Center (DMDC) axborot tizimida yuz bergan. Ushbu markaz harbiy obyektlar va kompyuter tarmoqlariga kirish imkonini beruvchi Mudofaa vazirligi guvohnomalarining shaxsini tasdiqlash uchun javob beradi. Markazda jami 60 milliondan ortiq yozuv saqlanadi. Federal News Network maʼlumotlar shifrlanmaganini yozmoqda. Noqonuniy kirish ilk bor 2025-yil oktabr oyida aniqlangan. Faqat 16-iyul kuni mutaxassislar zaiflikni bartaraf etgan. Pentagonning aytishicha, maʼlumotlarga juda oz sonli foydalanuvchi kirish huquqiga ega boʻlgan.
Sizib chiqish yana shunga oʻxshash hodisadan bir hafta oʻtmay maʼlum boʻldi. ShinyHunters guruhi FQB ishga joylashish uchun nomzodlarning asosiy portali — FBIJobs bazasiga noqonuniy kirganini bildirgan.
FQB tergovni tasdiqladi va har bir xodimining shaxsiy maʼlumotlari oshkor boʻlgan boʻlishi ehtimolini inkor etmayapti. Ular orasida uy manzillari, shaxsiy va ish telefonlari, tugʻilgan sanalar, ijtimoiy sugʻurta raqamlari hamda qarindoshlarning aloqa maʼlumotlari bor. Xakerlar hatto FQB xodimlarining tibbiy maʼlumotlarini — tekshiruvlar, tahlillar va kasbga yaroqlilik testlari, shuningdek, psixiatrik baholash natijalarini ham qoʻlga kiritgan. Maʼlumotlarda buyurilgan dori-darmonlar, elektrokardiogramma natijalari, allergiya va depressiya belgilari haqidagi maʼlumotlar mavjud.
ShinyHunters oʻgʻirlangan maʼlumotlarning bir qismini allaqachon jurnalistlarga bergan. Reuters agentligi 5 ming yozuvdan iborat jadvalni koʻrib chiqdi. Unda Xitoy, Rossiya, Eron va «Hizbulloh» bilan shugʻullanadigan, telekommunikatsiyalarda yashirin texnik kuzatuv olib boradigan boʻlinmalar xodimlari koʻrsatilgan. Jurnalistlar tanlanmadagi 20 kishi haqidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tasdiqladi.

