AQSHda “Ozempik” sababli katta o‘lchamli kiyimlar ishlab chiqarilishi qisqarmoqda

AQSHda "Ozempik" kabi vazn yo'qotish preparatlari keng tarqalishi natijasida katta o'lchamli kiyimlarni ishlab chiqarish hajmi qisqarmoqda. AQSh va Buyuk Britaniyadagi chakana sotuvchilar katta o'lchamli kiyimlar assortimentini kamaytirish va ularni sotuvdan olib tashlash choralarini ko'rishni boshladilar.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2025-yilda katta o'lchamli kiyimlar savdosi 7 foizga kamaygan. 2023-yil boshida AQShda ayollar kiyimlari o'lchamini 4XL gacha oshirishni rejalashtirgan H&M kompaniyasi bu rejadan butunlay voz kechdi. Brend vakilining ta'kidlashicha, 3XL va 4XL o'lchamdagi kiyimlarga talab juda past bo'lgani sababli shunday qaror qabul qilingan. Xuddi shunday tendensiya Aritzia, Mango va Zara do'konlarida ham kuzatilmoqda.
Kompaniyalar assortimentdagi o'zgarishlarning sabablarini ochiq izohlamayotgan bo'lsa-da, soha mutaxassislari buni vazn kamaytiruvchi dori vositalarining ommalashgani bilan bog'lamoqda. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, AQShdagi xonadonlarning 21 foizida va Buyuk Britaniyada 9 foizida kamida bir kishi bunday preparatlardan foydalanadi.
Shu bilan birga, yirik o'lchamdagi kiyimlardan voz kechish brendlar uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo'lishi mumkin. Chunki XL o'lchamdagi kiyimni ishlab chiqarish XS o'lchamidagiga nisbatan 60 foizgacha qimmatroqqa tushadi.
Biroq, ekspertlarning fikricha, katta o'lchamdagi kiyimlarga talabning kamayishi vaqtinchalik holat bo'lishi mumkin. Sababi, dori vositalarini qabul qilish to'xtatilgandan so'ng, insonlar yana vazn yig'ishi ehtimoli yuqori.

