AQSHda immigratsiya agentlariga elektroshokli qoʻlqop beriladi

AQSHda federal immigratsiya agentlari elektr toki chiqaruvchi qo‘lqoplar bilan ta’minlanishi mumkinligi haqida Al Jazeera xabar berdi.
Ichki xavfsizlik departamenti 2027-yil mart oyi oxirigacha ushbu turdagi qo‘lqoplarni sotib olish uchun 10 milliondan 20 million dollargacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. CT-G5 G.L.O.V.E. deb nomlangan bu qurilma "Generate Low Output Voltage Emitter" (Past kuchlanishli impuls generatori) so‘z birikmasidan olingan. Hozirda u ba’zi qamoqxonalar va politsiya bo‘limlarida qo‘llanilmoqda.
Compliant Technologies kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bu qo‘lqoplar inson tanasiga tegganida yengil, noqulay elektr impulslari hosil qiladi. Ichki xavfsizlik departamenti ulardan diqqatni chalg‘itish va vaziyatni yumshatish maqsadida foydalanilishini ma’lum qildi.
Qo‘lqop maksimal 380 volt kuchlanish berib, subyektning qarshilik harakatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ushbu kutilayotgan xarid huquqni muhofaza qiluvchilar va faollarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Ular bu qo‘lqoplarning departament hibsxonasidagi namoyishchilar va immigrantlarga nisbatan shafqatsizlarcha qo‘llanilishidan xavotirda.
Compliant kompaniyasi esa qurilmani yuqori xavf guruhiga kiruvchi shaxslarga – keksa yoshdagilar, kichik yoshdagi bolalar, homilador ayollar va og‘ir nogironligi bo‘lgan insonlarga nisbatan qo‘llamaslikni tavsiya etadi. Shuningdek, xodimlar ushbu qo‘lqoplardan foydalanish uchun maxsus o‘quv kursini tamomlashi va har ikki yilda qayta attestatsiyadan o‘tishi shart.

