“AQSHda ham hali bunaqa erkinlik berilmadi” — Amerikada 16 yildan beri yashab kelayotgan tadbirkor

Qo‘shma Shtatlarda 16 yildan buyon istiqomat qilayotgan tadbirkor, “Neksus layn” korxonasi asoschisi Nurmuhammad Otaxo‘jayev 18-avgust kuni Xorazm viloyatida Prezident bilan tadbirkorlar uchrashuvida Braziliyada O‘zbekiston savdo kompaniyasi ilk bor ochilganini ma’lum qildi.
Tadbirkor o‘z nutqini tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni e’tirof etishdan boshladi. “Qabul qilingan qonunlarni o‘qib, bir narsani tan olaman, hurmatli Prezident, menimcha, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham bunaqa erkinlik hali berilmadi”, dedi Nurmuhammad Otaxo‘jayev.
“O‘tgan yili Nyu-Yorkda vatandoshlar bilan suhbatlashganingizda, men ham so‘zga chiqqandim. Shunda ikkita narsani niyat qilgandim va sizga va’da bergandim. Shu va’da berish menga yoqib qoldi. Negaki, va’da bergandan keyin odam bergan va’dalari ustida ishlar ekan, tun-u kun uxlamadik”, deya ta’kidladi tadbirkor.
Otaxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, u rahbarlik qilayotgan kompaniyaning Toshkentda 800 ga yaqin, Amerikada esa 3000 dan ziyod ishchisi bor. 2025-yilda kompaniyaning O‘zbekistondagi dispetcherlariga IT-park orqali 10 million 300 ming dollar ish haqi to‘langan, 2026-yilning yanvaridan avgustiga qadar ushbu summa 18 million dollardan oshgan.
“Endi hozir jamoa bilan niyat qilib turibmiz, yil yakunida O‘zbekiston yoshlariga chiqarilayotgan oylikni 35 million dollardan oshirish. Bu menimcha, bir yilda to‘rt karra natija ko‘rsatish, sizning bergan erkinliklaringiz, sizning bergan motivatsiyangiz va niyatim amalga oshdi. Shuning uchun sizga chuqur minnatdorchilik bildiraman va biz hamma tadbirkorlar xursandmiz”, dedi u.
Bundan tashqari, u Xorazmdagi yoshlarni ish bilan ta’minlash va boshqa viloyatlarga ham asta-sekin kirib borish vaqti kelganini ta’kidladi.
“Eksport masalasida hozir juda ham ko‘p o‘zgarishlarni ko‘rdim, hech qayerda yo‘q. Yaqinda, hurmatli Prezident, Braziliyada bo‘ldim, elchimiz Furqat Ahmedovich bilan. U yerda ‘Apeks’ tashkiloti bilan gaplashdik, Tashqi ishlar vazirligi, qishloq xo‘jaligi, hatto Prezident huzurida bo‘ldik. Birinchi marotaba Braziliyada O‘zbekiston savdo kompaniyasini ochdim, ular bunga qo‘l qo‘ydi va buni kompaniya sifatida tan oladi. Buni ‘Apeks’ ham tan oldi, hurmatli Prezident. Xudo xohlasa, keyingi yilda biz sizga yaxshi natijalarni aytib, yana rahmatni aytib ko‘rishish nasib etsin”, dedi Otaxo‘jayev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurmuhammad Otaxo‘jayevning tadbirkorga bunday imtiyozlar, bunday sharoitlar hamma yerda ham yo‘qligini aytgan gaplari o‘ziga juda ma’qul bo‘lganini qayd etdi.
“Mana shuni ko‘proq gapirib tursangiz, tadbirkorlarimiz ‘musofir bo‘lmagan musulmon bo‘lmaydi’ deydi-ku, musofirchilikda ko‘rgan hayotingizni, bu hozirgi jonajon vatanimizda bo‘layotgan islohotlarni mana shunday qo‘llab-quvvatlashingizni ko‘rib, men xursandman va aytganingizdek, ilohim, kelgusi yil ko‘rishaylik”, dedi davlat rahbari.

