Siyosat

“AQSHda Eron bilan urushni tugatish strategiyasi yo‘q” — Shumer

AQSHda Eron bilan urushni yakunlash strategiyasi mavjud emasligi haqida Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Shumerning ta’kidlashicha, urush boshlanganiga olti oy bo‘lganiga qaramay, Eron Hormuz bo‘g‘ozini bosim vositasi sifatida ushlab turibdi, AQSHda benzin narxlari rekord darajaga ko‘tarilgan va 18 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Tramp o‘zi boshlagan bu halokatli urushni qanday tugatish bo‘yicha hali ham aniq strategiyaga ega emas.

Uning fikricha, urush AQSH harbiy zaxiralarining kamayishiga, mamlakatning harbiy mavqeyining zaiflashishiga va benzin narxlarining oshishiga olib kelgan. Shumer Eron bilan olib borilayotgan operatsiyani muvaffaqiyatsizlik deb atagan.

Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris ham urushni mas’uliyatsiz deb atab, AQSH urush vaziri Pit Hegsetni lavozimidan ozod qilishga chaqirgan. Jeffrisning aytishicha, urush tugashi, soliq to‘lovchilarning pullari esa odamlar hayotini arzonlashtirishga sarflanishi kerak.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi 28-fevral kuni boshlangan edi. Tramp dastlab urush bir necha hafta davom etishini aytgan bo‘lsa-da, mojaro olti oydan oshdi. Reuters agentligining xabar berishicha, Oq uy harbiy bosim, muzokaralar va iqtisodiy sanksiyalarni navbatma-navbat qo‘llaganiga qaramay, urushni yakunlashning aniq yo‘lini hozircha topmagan.

Avvalroq Tramp AQSH Eron bilan urushni tez orada kelishuv yoki qat’iy choralar orqali yakunlashini aytgandi. Iyul oxirida esa Tramp Eron bilan urushni davom ettirish bo‘yicha uchta variantni ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Ular harbiy eskalatsiyani kuchaytirish, Eronga yangi iqtisodiy bosim o‘tkazish yoki AQSH g‘alaba qozonganini e’lon qilib mojarodan chiqishni nazarda tutgan.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham avvalroq urushni bugunning o‘zida tugatgan ma’qul ekanini aytgan edi. Uning fikricha, mojarani cheksiz davom ettirish maqsad bo‘lishi mumkin emas. Shu bilan birga, Eron tomoni urushni Tramp prezidentlik muddati tugaguncha, ya’ni yana bir necha yil davom ettirish imkoniyatini ham tilga olgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.