Dunyo

AQSHda boshi qoʻshilib ketgan siam egizaklari ajratib olindi

AQSHda boshi tutash tug‘ilgan siam egizaklari ajratib olindi

AQSHning Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida jarrohlar boshi birikkan holda dunyoga kelgan efiopiyalik ikki yoshli egizaklarni muvaffaqiyatli ajratib oldi. Hozir opa-singillar reabilitatsiya jarayonidan o‘tmoqda va mustaqil o‘tirish hamda gapirishni o‘rganmoqda.

Egizaklar bir necha oy davomida operatsiyaga tayyorlangan

Hiyab va Vuhbto ismli qizaloqlar Efiopiyada juda kam uchraydigan tug‘ma nuqson — kraniopagiya bilan tug‘ilgan. Bunda siam egizaklarining bosh qismi bir-biriga tutashgan bo‘ladi.

2025-yil mart oyida, bir yoshga to‘lishiga yaqin qizaloqlar Sent-Luisga olib kelingan. Egizaklarni ajratish operatsiyasi uchun turli yo‘nalishdagi mutaxassislardan iborat jamoa bir necha oy davomida puxta tayyorgarlik ko‘rgan.

Operatsiya 2026-yilning 24–25-fevral kunlari Sent-Luisdagi SSM Health Cardinal Glennon bolalar shifoxonasida o‘tkazilgan. Tayyorlov jarayonidan tortib jarohatlarni tikish bosqichigacha bo‘lgan butun jarayon 24 soatdan ortiq davom etgan. Operatsiya tafsilotlari jamoatchilikka yaqinda, tibbiy konferensiya davomida e’lon qilindi.

Qizaloqlar o‘tirish, ovqatlanish va gapirishni o‘rganmoqda

Operatsiyadan so‘ng Hiyab va Vuhbto Missuri shtatining Merilend Hayts shahridagi Ranken Jordan Pediatric Bridge Hospital shifoxonasida reabilitatsiyadan o‘tmoqda.

Qizaloqlarda bir nechta murakkab operatsiyalardan keyin faollik tiklanmoqda. Ularga klinik jamoa va hamkor tashkilotlarning 60 nafardan ortiq mutaxassisi ishtirokida doimiy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ranken Jordan shifoxonasining tibbiy transformatsiya bo‘limi rahbari, doktor Nik Holekampning aytishicha, hozirda opa-singillar bolalar ko‘nikmalarini mustaqil o‘zlashtira boshlagan.

“Gap juda oddiy ko‘nikmalar haqida ketmoqda, masalan, gavdani tik tutib o‘tirish, keyinchalik esa turish va yurish. Hozir ular ovqatlanish, gapirish, muloqot qilish va boshqa bolalar yoki bir-biri bilan o‘ynashni o‘rganmoqda. Bu, albatta, mo‘jizaviy”, dedi doktor Nik Holekamp.

SSM Health Cardinal Glennon bolalar shifoxonasi prezidenti va SSM Health tizimining pediatriya yo‘nalishi bo‘yicha vitse-prezidenti, doktor Hoseyn Marandi ushbu natija mutaxassislarning hamjihatlikdagi mehnati samarasi ekanini ta’kidladi:

“Hiyab va Vuhbtoni muvaffaqiyatli ajratib olish faqatgina yirik tibbiy yutuq emas. Bu pediatriya sohasida jahon darajasidagi bilim va tajriba, mehr-shafqat, innovatsiyalar hamda qat’iyat bolalar manfaatlari yo‘lida birlashtirilganda qanday natijalarga erishish mumkinligining yaqqol isbotidir”.

AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday holatlar taxminan har 2,5 million tirik tug‘ilgan egizaklardan birida uchraydi va siam egizaklarining olti foizidan kamini tashkil etadi.

2023-yilda o‘zbek tibbiyoti tarixida ilk bor shifokorlar tomonidan siam egizaklari o‘ta noyob operatsiya natijasida ajratib olingandi. Chaqaloqlar tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan holda tug‘ilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.