AQSHda bemor cho‘chqa buyragi bilan 9 oy yashadi, keyin unga inson buyragi ko‘chirib o‘tkazildi (foto)

AQSHda bemor cho‘chqa buyragi bilan 9 oy yashadi, so‘ng unga inson buyragi ko‘chirib o‘tkazildi (foto)
AQSHda bir bemor dunyoda ilk bor genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqa buyragi bilan to‘qqiz oy yashadi. Keyin esa unga muvaffaqiyatli tarzda inson buyragi ko‘chirib o‘tkazildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Tim Endryus eksperimental operatsiya paytida 66 yoshda edi. U gipertoniya va diabet bilan og‘rigan. Qon guruhi kam uchragani sababli unga mos donor buyragini topish ehtimoli juda past bo‘lgan.
2025-yil yanvarida Endryus genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqadan olingan buyrakni ko‘chirib o‘tkazish tajribasiga rozi bo‘lgan.
Cho‘chqa buyragi 271 kun ishlagan va Endryusni dializdan xalos qilgan. Buyrak uning qonini tozalab turgan. Operatsiyadan keyin bemorning ishtahasi va mushak massasi ham tiklangan.
Keyinchalik buyrakning qon tomirlarida tromblar hosil bo‘lgani sababli organni olib tashlashga to‘g‘ri kelgan.
2026-yil yanvarida Endryusga mos keladigan inson donorining buyragi ko‘chirib o‘tkazildi. Uning holati avval cho‘chqa buyragini qabul qilgan bo‘lsa ham, keyinchalik inson buyragini ko‘chirib o‘tkazishga to‘sqinlik qilmasligini ko‘rsatdi.
AQSH Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) dasturi doirasida jami besh nafar bemorga biotexnologik kompaniya eGenesis tomonidan yaratilgan cho‘chqa buyraklari ko‘chirib o‘tkazilgan.
Ularning uchtasi bunday buyraklar bilan sakkiz oydan ko‘proq yashagan. Shifokorlar ushbu texnologiyani inson donorini kutayotgan bemorlar uchun vaqtinchalik “ko‘prik” vazifasini bajarishi mumkin bo‘lgan usul sifatida baholamoqda.
Avvalroq xitoylik olimlar dunyoda birinchi marta miya o‘limi qayd etilgan insonga cho‘chqa jigari va buyraklarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazgan edi.
Guansi tibbiyot universiteti qoshidagi ikkinchi shifoxona shifokorlari boshchiligidagi ilmiy jamoa ushbu operatsiyani 53 yoshli erkakda amalga oshirdi. Shundan so‘ng ko‘chirib o‘tkazilgan a’zolar yana besh kun davomida normal ishlagan. Biroq bemor oilasining iltimosiga ko‘ra tadqiqot yakunlangan.

