AQSHda attraksiondagi avariya sabab o‘smirlarga 275 ming dollardan kompensatsiya to‘lanadi

AQSHda attraksiondagi avariya sabab o‘smirlarga 275 ming dollardan kompensatsiya to‘lanadi
AQSHning Portlend shahrida joylashgan ko‘ngilochar bog‘dagi attraksionda qariyb 25 daqiqa davomida boshi pastga qaragan holda osilib qolgan ikki o‘smir qizning har biriga 275 ming dollardan tovon puli to‘lanishi belgilandi. Bu haqda The Oregonian nashri sud qaroriga tayanib xabar berdi.
Voqea 2024-yil 14-iyun kuni Oaks Amusement Park ko‘ngilochar bog‘ida sodir bo‘lgan. AtmosFEAR attraksioni ichida 28 kishi bo‘lgan paytda to‘satdan teskari holatda to‘xtab qolgan.
Avariya vaqtida qizlardan biri 13, ikkinchisi esa 14 yoshda bo‘lgan. Ular sudda o‘sha paytda nafas olish qiyinlashgani, xavfsizlik moslamalari ochilib ketib, qariyb 30 metr balandlikdan qulab tushishdan qo‘rqishganini ma’lum qilgan.
Jabrlanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, "Odamlarning yuzidan yosh oqayotganini ko‘rdim, chunki hamma qo‘rqib ketgan edi. Bir necha daqiqadan keyin esa ayrim odamlarning ko‘ngli aynib, qayt qila boshlaganini ko‘rdim".
Fox telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, park xodimlarida bunday favqulodda holat uchun tayyor harakat rejasi bo‘lmagan. Shu sababli ular avval qanday yo‘l tutish bo‘yicha ko‘rsatma olish uchun qo‘ng‘iroq qilishga, keyin esa o‘t o‘chiruvchilar va maxsus uskunalar yetib kelishini kutishga majbur bo‘lgan.
Keyinchalik qizlar dahshatli tushlar ko‘rishi va uyqu bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilgan. Nosozlikning aniq sababi hozirgacha to‘liq aniqlanmagan. Biroq endilikda attraksionga nosozlik yuz bergudek bo‘lsa, uni avtomatik ravishda boshlang‘ich holatga qaytaradigan tizim o‘rnatilgan.
Avvalroq attraksiondagi nosozlik bilan bog‘liq holatlar Ispaniya va Hindistonda ham sodir bo‘lgan edi. Aprel oyida Sevilya shahridagi yarmarkada odamlar uchayotgan attraksion uzilib ketgan. "Katapulta" attraksioni shar shaklida bo‘lib, uni ikkita tros ushlab turardi. Yuqoriga ko‘tarilish paytida troslardan biri uzilib ketgan. Oqibatda attraksiondagi odamlar pastga tushib ketgan, jami to‘rt kishi, jumladan, ikki nafar bola jarohat olgan.
Fevral oyida esa Xaryana shtati Faridobod shahridagi yarmarkada attraksion qulashi tufayli 13 kishi jarohatlangan, bir kishi halok bo‘lgan. Bungacha Braziliyada o‘nlab sayyohlar buzilgan attraksionda havoda osilib qolgan. Ular 60 metr balandlikda ikki soatdan ortiq vaqt o‘tkazishgandi.

