AQSH va Kanadadagi 500 nafardan ortiq oʻzbekistonlik Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻlladi

AQSH va Kanadada istiqomat qiluvchi 500 dan ortiq oʻzbekistonlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻlladi. Murojaatda Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilayotgani eʼtirof etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoʻllangan ushbu murojaat Vatan Global Alliance jamiyati raisi Ozod Soliyev, Oʻzbekiston xalq artistlari Ezro Malakov va Muhabbat Shamayeva hamda AQSHda yashovchi 500 nafar shaxs tomonidan imzolangan. Murojaat matni quyida toʻliq keltirilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga!
Biz, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada yashayotgan vatandoshlaringiz, sizga chuqur hurmat va samimiy minnatdorligimizni izhor etib, ushbu murojaatni yoʻllamoqdamiz.
Yaqinda Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida “Millat shavkati” kitobining taqdimot marosimlari boʻlib oʻtdi. Bu tadbirlar biz uchun okean ortida yashab, qalban vatan bilan hamnafas boʻlgan vatandoshlarni bir maqsad va bir tuygʻu atrofida jamlagan muhim maʼnaviy voqeaga aylandi.
“Millat shavkati” kitobida tasvirlangan Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlar, shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda tobora yuksalib borayotgan nufuzi haqidagi fikrlar vatandoshlarimizda katta qiziqish va mamnuniyat uygʻotdi.
Taqdimotlar davomida bildirilgan samimiy fikrlar, vatanimizda kechayotgan oʻzgarishlarga boʻlgan yuksak qiziqish va vatandoshlarimiz qalbidagi faxr tuygʻusi bizga yana bir haqiqatni koʻrsatdi: Okeanlar va minglab chaqirim masofalar bizni vatandan ajrata olmaydi. Qayerda yashamaylik, barchamizni birlashtirib turadigan yagona va aziz vatan Oʻzbekistondir!
Muhtaram Prezident!
Sizning rahbarligingizda bugun mamlakatimiz oʻz soʻzi, qatʼiy pozitsiyasi, ochiq siyosati va aniq taraqqiyot maqsadlariga ega boʻlgan davlat sifatida jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallab bormoqda. Biz, xorijda yashayotgan vatandoshlar, bu oʻzgarishlarni ayniqsa yaqqol his qilmoqdamiz.
Bir vaqtlar chet ellarda, xususan, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun vatanga borish, oʻz yaqinlari bilan diydorlashish, Oʻzbekiston bilan erkin va yaqin munosabat oʻrnatish turli qiyinchiliklar bilan bogʻliq edi.
Bugun esa vaziyat tubdan oʻzgardi. Siz boshlab bergan ochiqlik va xalqparvarlik siyosati tufayli xorijdagi vatandoshlarga boʻlgan munosabat yangi bosqichga koʻtarildi. Ular bilan muloqot qilish, ularni eshitish, vatan bilan aloqalarini mustahkamlash va ularning bilim, tajriba hamda imkoniyatlarini Oʻzbekiston taraqqiyotiga jalb etish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilayotgani bizga alohida gʻurur va mamnuniyat bagʻishlamoqda.
Sizning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan olib borayotgan bevosita va ishonchli muloqotingiz, oliy darajadagi uchrashuv va telefon suhbatlari, shuningdek, AQSH hukumati, Kongressi va ishbilarmon doiralari bilan kengayib borayotgan hamkorlik Oʻzbekistonga nisbatan Amerikadagi eʼtiborni tobora oshishiga xizmat qilmoqda.
Bugun ikki davlat oʻrtasida siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda yangi imkoniyatlar ochilayotganini koʻrib turibmiz.
Muhtaram Prezident!
Siz olib borayotgan siyosat bizga nafaqat yangi imkoniyatlar yaratmoqda, balki zimmamizga katta masʼuliyat ham yuklamoqda.
Biz xorijda yashab, Oʻzbekistondagi jarayonlarni faqat kuzatib turuvchi insonlar boʻlib qolmasligimiz kerak. Biz hozir yashab turgan mamlakatlarda Oʻzbekistonning munosib vakillari boʻlishimiz, vatanimizning haqiqiy qiyofasini keng jamoatchilikka yetkazishimiz, uning manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashimiz va Oʻzbekiston bilan dunyo mamlakatlari oʻrtasida yangi doʻstlik va hamkorlik koʻpriklarini qurishimiz zarur.
Aynan shu maqsadlarda Vatan Global Alliance jamiyati Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada yashayotgan vatandoshlarimizni birlashtirish, ularning intellektual, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini umumiy ezgu maqsadlar atrofida jipslashtirish hamda ularning Oʻzbekiston bilan aloqalarini yanada mustahkamlash yoʻlida faoliyat olib bormoqda.
Biz AQSH Kongressi aʼzolari, jumladan, kongressmenlar Brayan Fitspatrik, Brendon Boyl, shuningdek, shtat va shaharlar darajasidagi davlat va jamoat arboblari, gubernatorlar va merlar idoralari, ishbilarmon doiralar hamda turli millat va jamoalar vakillari bilan aloqalarni kengaytirishga harakat qilmoqdamiz.
Biz Amerika, Kanadada va boshqa davlatlarda Oʻzbekiston haqida yanada koʻproq gapirilishini istaymiz.
Biz Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyatini, xalqimizning qadriyatlarini, bugungi taraqqiyoti va ulkan iqtisodiy imkoniyatlarini dunyo jamoatchiligiga yanada kengroq tanitishni istaymiz.
Biz amerikalik tadbirkor va investorlarni Oʻzbekistonga jalb qilish, yangi texnologiyalar, bilim va tajribalarni vatanimizga olib borish, taʼlimiy va madaniy aloqalarni kuchaytirish, ayniqsa, xorijda ulgʻayayotgan yosh avlodni ona vatan bilan mustahkam bogʻlashni oʻzimizning muhim vazifalarimizdan deb bilamiz.
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
“Millat shavkati” kitobining Amerikadagi taqdimotlari yana bir muhim haqiqatni namoyon qildi: bugun Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va erishilayotgan yutuqlar okean ortida yashayotgan yuz minglab vatandoshlarimiz qalbida ham aks-sado bermoqda.
Vatan obroʻsi — bizning obroʻmiz.
Oʻzbekiston yutugʻi — bizning yutugʻimiz.
Oʻzbekiston bayrogʻining dunyo maydonida baland koʻtarilishi — har bir vatandoshimiz uchun faxr va iftixordir.
Shu sababli ushbu murojaat orqali sizga nafaqat minnatdorligimizni bildirmoqchimiz, balki bir muhim fikrni ham yetkazmoqchimiz:
Biz Vatanimiz bilan birgamiz.
Biz qoʻlimizdan kelguncha Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻz munosib hissamizni qoʻshamiz. Biz Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishga tayyormiz.
Biz oʻz bilimimiz, tajribamiz, imkoniyatlarimiz, aloqalarimiz va salohiyatimizni Oʻzbekistonimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yoʻlida safarbar etamiz.
Sizning Yangi Oʻzbekistonni yanada kuchli, farovon, ochiq va dunyoda munosib oʻrin egallagan davlatga aylantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlaringizni yuksak qadrlaymiz va qoʻllab-quvvatlaymiz.
Sizga mustahkam sogʻliq, kuch-gʻayrat, oilaviy xotirjamlik hamda xalqimiz va vatanimiz ravnaqi yoʻlidagi masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Shu fursatdan foydalanib, sizni va siz orqali butun Oʻzbekiston xalqini vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Mustaqillik — xalqimizning eng ulugʻ neʼmati, milliy gʻururimiz va kelajagimiz poydevoridir. Bugun Yangi Oʻzbekistonning jahon maydonida tobora yuksalib borayotgan obroʻ-eʼtibori, xalqimiz hayotidagi ulkan oʻzgarishlar va ertangi kunga boʻlgan ishonch mustaqilligimizning naqadar buyuk qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. 35 yillik qutlugʻ sana barcha yurtdoshlarimizga, shu jumladan, dunyoning turli burchaklarida yashayotgan vatandoshlarimizga muborak boʻlsin! Vatanimiz tinch, xalqimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy va Oʻzbekistonimizning dunyodagi mavqeyi yanada yuksak boʻlsin!
Chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadadagi vatandoshlar nomidan.

