Siyosat

AQSH va Eron o‘rtasida to‘qnashuv keskinlashdi: tomonlar bir-biriga yana zarba berdi (video)

AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashdi: tomonlar bir-biriga yana zarba berdi (video)

AQSH 2-sentyabrga o‘tar kechasi Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini amalga oshirdi. Tehron ham bunga javoban zarbalar berdi. Bu so‘nggi haftalardagi eng jiddiy keskinlashuv bo‘lib, jahon energiya narxlarining oshishiga olib keldi va AQSH prezidenti Donald Trampning mamlakat ichidagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Hujumlar ortidan 2-sentyabr kuni neft narxi bir barrel uchun 4 dollardan oshib, so‘nggi besh haftadagi eng yuqori darajaga yetdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron Iordaniya, Bahrayn va Iroqdagi AQSH obyektlariga javob zarbalari bergan.

Eron Fors ko‘rfazidan neft eksport qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Tramp esa Eronga qattiq zarba berish bilan yana tahdid qildi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Vashington yangi sanksiyalar kiritishini ma’lum qildi.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyati xabariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozidagi Sirik sohili yaqinida to‘y marosimi vaqtida hujum uyushtirilgan. Natijada 5 kishi halok bo‘lib, 50 kishi yaralangan. Mehr agentligining bildirishicha, halok bo‘lganlar orasida 4 yoshli bola ham bor. IRNA agentligi esa viloyat rasmiysiga tayanib, yaradorlar soni 68 kishiga yetganini ma’lum qildi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bayonotida ta’kidlanishicha, AQSH hujumlari Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni yanada keskinlashtirgan. Urushgacha dunyo neftining har beshinchi barreli shu bo‘g‘oz orqali tashilgan.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘alibafning bayonotiga ko‘ra, agar “dushman” Tehronning Fors ko‘rfazidan neft eksport qilishiga to‘sqinlik qilsa, u holda hech kim neft eksport qila olmaydi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi IIQK obyektlariga zarba berganini bildirdi. Hujumlar havo mudofaasi tizimlari, radarlar, dengiz aktivlari, mina qo‘yish vositalari va aloqa obyektlariga qaratilgan.

Eron OAV xabariga ko‘ra, AQSH raketasi Ahvoz shahri yaqiniga va Jiroft fuqaro aeroportiga tushgan. Shuningdek, Chobahor porti, Bandar Abbos shahri va Asaluye gaz markazida portlashlar eshitilgan. Eron davlat televideniyesi Qeshm orolida ham portlashlar bo‘lganini ma’lum qildi.

Tramp Eronni javob qaytarishdan ogohlantirdi. U yanada kuchliroq zarba berish bilan tahdid qildi.

“Agar Eron javob zarbalari bersa, Islom Respublikasidan deyarli hech narsa qolmaydi!”, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Bunga qaramay, IIQK Iordaniyadagi bazaga ballistik raketalar uchirganini bildirdi. Ular ko‘plab AQSH harbiylari halok bo‘lganini da’vo qildi. Biroq Reuters agentligining AQSH rasmiylariga tayanib bildirishicha, Iordaniyadagi hujumdan hech kim jabrlanmagan.

Eron harbiylari Bahrayndagi AQSH bazasiga dronlar bilan hujum qilgani aytilmoqda. Kuvayt armiyasi havo mudofaasi dushman dronlariga qarshi ishlayotganini bildirdi. Iordaniya Qurolli kuchlari qirollik havo hududiga kirgan 13 ta ballistik raketadan 10 tasini urib tushirdi, yana uchtasi kimsasiz hududlarga tushdi. Bahrayn ham Eron dronlari yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

IIQK quruqlikdagi kuchlari Iroq shimolidagi Erbil shahridagi AQSH bazalariga hujum qildi. Natijada ta’mirlash inshooti, texnik omborlar va kuzatuv shari boshqaruv tizimi yo‘q qilindi. Shuningdek, yonilg‘i baklari yongani va bir nechta AQSH harbiylari halok bo‘lgani da’vo qilindi.

AQSH bir necha haftalik tanaffusdan so‘ng 31-avgustga o‘tar kechasi ham Eronga yangi zarbalar bergandi. Bunga javoban Eron Iordaniyadagi Qo‘shma Shtatlarning harbiy bazalariga raketa hujumi uyushtirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.