AQSH Ukrainaga 2,7 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotishni ma’qulladi

AQSH Ukrainaga 2,7 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotishni ma’qulladi
AQSH Davlat departamenti Ukrainaning havo mudofaasi tizimlarini modernizatsiya qilish uchun 2,68 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha ehtimoliy bitimni ma’qulladi. Bu haqda departament 19-sentyabrga o‘tar kechasi xabar berdi.
Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, agar Kiyev va Vashington o‘rtasida kelishuvga erishilsa, xarajatlar Yevropa davlatlarining hissalari hamda AQSH harbiy moliyalashtirish dasturi (FMF) doirasida Jo Bayden ma’muriyati ajratgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
Ukraina AQSHdan havo mudofaasi tizimlari uchun o‘q-dorilar va modernizatsiya xizmatlarini so‘ragan.
Ro‘yxatda S-300 Clone raketalari, GAM-67 raketalari, lazer yordamida boshqariladigan va uzoqroq masofaga mo‘ljallangan havo mudofaasi raketa tizimlari hamda boshqa qurol-yarog‘lar bor.
Shuningdek, Kiyev uchuvchisiz qurilmalarga qarshi kurashish uchun RPS 202 radiolokatsiya stansiyalarini ham so‘ragan.
AQSH Davlat departamenti bitimni amalga oshirish uchun Amerika hukumati vakillari yoki pudratchilarini Ukrainaga yuborish talab etilmasligini alohida ta’kidlagan.
“Ushbu texnika va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarining taklif etilayotgan savdosi mintaqadagi asosiy harbiy muvozanatni o‘zgartirmaydi”, deyiladi departament bayonotida.

