Siyosat

AQSH Suriyani terrorizm homiylari ro‘yxatidan olib tashladi

AQSH Suriyani terrorizm homiylari ro‘yxatidan chiqardi, bu esa Vashingtonning Damashqdagi yangi hukumat bilan aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan qadamdir. Suriya hukumati bu qarorni mamlakatga sarmoya jalb qilish yo‘lidagi so‘nggi jiddiy to‘siqni bartaraf etish sifatida baholadi, deb xabar berdi Reuters.

AQSH Moliya vazirligi saytida e’lon qilingan tegishli qaror 24-avgust kuni darhol kuchga kirdi. Bungacha Kongressda 45 kunlik tekshiruv o‘tkazilgan edi. Iyul oyida prezident Donald Tramp Kongressga Suriyaning bu maqomini bekor qilish niyatida ekanligini rasman ma’lum qilgan edi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, "bu choralar prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi Suriya hukumatining ijobiy qadamlari tufayli qo‘llanildi. Suriya hukumati mamlakatni xalqaro terrorchilik harakatlaridan to‘liq uzish majburiyatini oldi".

Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy 22-avgust kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida "oxirgi to‘siq"ning olib tashlanishi mamlakatni jahon moliya va iqtisodiy tizimiga qayta bog‘lashga yordam berishiga umid bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat sarmoyalarni oshirishga xizmat qiladi. "Endi Suriyaga sarmoya kiritish, biznes yuritish va iqtisodiy hayotni qayta tiklash uchun hech qanday to‘siq qolmadi", dedi vazir.

Suriya 1979-yilda bu ro‘yxatga kiritilgan edi. O‘shanda Vashington sobiq prezident Hofiz Assad hukumatini qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Keyinchalik hokimiyatga uning o‘g‘li Bashar Assad kelgan va maqom saqlanib qolgan. 2024-yilning dekabr oyida isyonchilar Bashar Assadni hokimiyatdan ag‘dargan. Isyonchilarga amaldagi prezident Ahmad ash-Sharaa rahbarlik qilgan edi.

24-avgust kungi e’lon bilan "Nusra fronti" tashkilotidan ham alohida xalqaro terrorchi tashkilot maqomi olib tashlandi. Endi Vashingtonning terrorizm homiylari ro‘yxatida faqat uchta davlat qoldi: Kuba, Eron va Shimoliy Koreya.

Terrorizm homiysi maqomi AQSHning tashqi yordami, mudofaa eksporti va savdosiga cheklovlar qo‘yadi. Ikki xil maqsadda ishlatiladigan tovarlar va moliyaviy operatsiyalarga ham taqiqlar qo‘llanadi. Vashington Suriyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalarni bekor qilgan bo‘lsa-da, bu maqom banklar va sarmoyadorlar uchun katta to‘siq bo‘lib kelayotgan edi.

Tramp ma’muriyati 2025-yilning iyul oyida Suriyaga nisbatan umumiy sanksiyalarni bekor qilgan. Lekin Assad va uning sheriklariga nisbatan aniq sanksiyalar saqlab qolingan. Inson huquqlarini buzuvchilar, narkotik sotuvchilar, ISHID, "Al-Qoida" va Eron guruhlariga aloqador shaxslarga qarshi cheklovlar ham o‘z kuchida qoldi.

Ayni damda Suriya hukumati deyarli 14 yillik urushdan keyin mamlakatni qayta qurish uchun milliardlab dollar sarmoya izlamoqda. Reuters agentligining avgust oyida xabar berishicha, Damashq Rossiya nefti importini keskin kamaytirishga rozi bo‘lgan. Kelishuv AQSH bilan terrorizm maqomini olib tashlash bo‘yicha o‘tkazilgan muloqotlar vaqtida tuzilgan.

Tramp ash-Sharaani tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlamoqda. Ash-Sharaa ilgarilari "Al-Qoida"ning "Nusra fronti" qo‘mondoni bo‘lgan. U 2016-yilda xalqaro terrorchilik tarmog‘i bilan aloqasini uzgan. Keyin esa Assadni ag‘dargan isyonchilar koalitsiyasiga rahbarlik qilgan.

Vashington Ash-Sharaa hukumatining ISHIDga qarshi hamkorligini yuqori baholadi. Cheklovlarning yumshatilishi Suriyaga barqarorlashish, sarmoya jalb qilish va qayta tiklanish uchun imkoniyat beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.