AQSH Suriyaga 5 mln dollarlik o‘g‘irlangan osori-atiqalarni qaytardi

AQSH Suriyaga 5 mln dollarlik o‘g‘irlangan osori-atiqalarni qaytardi
AQSH rasmiylari 23-sentyabr kuni Suriyaga o‘g‘irlangan 36 ta qadimiy osori-atiqani qaytarib berganini bildirdi. Ular orasida ISHID terrorchilari Palmiradagi qadimiy obidalarni vayron qilayotgan paytda noqonuniy olib chiqib ketilgan bir tosh ham bor.
Ma’lum qilinishicha, umumiy qiymati 5 million dollardan ortiq bo‘lgan bu buyumlar Nyu Yorkdagi Metropoliten san’at muzeyi hamda bir nechta kolleksionerlardan musodara qilingan. Manxetten okrug prokurori Alvin Braggning aytishicha, madaniy merosni asrash har qanday chegara va millat tushunchasidan ustun turadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, og‘irligi 450 kilogrammdan oshadigan ohaktosh YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Palmira shahridan olib chiqib ketilgan. Keyinchalik, 2015–2017-yillarda ISHID a’zolari ushbu qadimiy shaharning katta qismini portlatib, yo‘q qilib tashlagan edi.
Bu yo‘nilgan tosh haykalda yotgan erkak hamda uning atrofidagi ayol va uch nafar bola tasvirlangan.
Suriyaning Vashingtondagi muvaqqat ishlar vakili Muhammad Qanatriy bu qadam ikki mamlakat o‘rtasida madaniy merosni himoya qilish borasidagi aloqalarni mustahkamlashini aytdi.
“Suriya va AQSH hamkorligi hamda Manxetten okrug prokuraturasi sa’y-harakatlari evaziga Suriya tarixining bir qismi nihoyat o‘z uyiga qaytmoqda”, dedi u.
Qaytarilgan osori-atiqalarning to‘rttasi amerikalik kolleksioner Maykl Steynxardtdan tortib olingan. U 2021-yilda AQSH hukumati bilan tuzilgan bitim doirasida dunyo bo‘ylab o‘g‘irlangan, umumiy qiymati 70 million dollarga teng 180 ga yaqin eksponatni topshirgandi.
Metropoliten muzeyidan musodara qilingan 13 ta buyum esa prokuratura tomonidan 2017-yildan beri ushbu muassasadan olib qo‘yilgan 98,7 million dollarlik 402 ta osori-atiqa qatoriga kiradi.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

