Siyosat

AQSH senatori: Oʻzbekiston strategik jihatdan muhim mamlakat

AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo boʻyicha kokus hamraisi Stiv Deyns Oʻzbekistonni strategik jihatdan muhim mamlakat deb atab, AQSH va Markaziy Osiyo oʻrtasida erkin savdoga toʻsqinlik qilayotgan Jekson–Venik tuzatishidagi eskirgan savdo cheklovlarini bekor qilish Vashingtonning ustuvor vazifalaridan biri boʻlishi kerakligini bildirdi.

AQSH senatori Stiv Deyns Oʻzbekistonni strategik ahamiyatga ega davlat deb atadi. Bu haqda u Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Senatorning soʻzlariga koʻra, soʻnggi oʻn yil ichida Oʻzbekiston iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va aholi turmush darajasini oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishgan. Deynsning fikricha, bu islohotlar Oʻzbekistonni yanada ochiq davlatga aylantirib, AQSH va boshqa mamlakatlar bilan savdo, investitsiya va sheriklikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratgan.

U ikki tomonlama munosabatlar va C5+1 formatidagi hamkorlikda erishilgan salmoqli natijalarni qayd etdi. Shu bilan birga, Deyns Jekson–Venik tuzatishida nazarda tutilgan va AQSH hamda Markaziy Osiyo oʻrtasidagi erkin savdoga toʻsqinlik qilayotgan eskirgan cheklovlarni bekor qilishni muhim vazifa sifatida koʻrsatdi.

Senator Oʻzbekistonning muhim mineral resurslarga boyligini taʼkidlab, bu yoʻnalishdagi hamkorlik yangi investitsiyalarni jalb qilish va taʼminot zanjirlarini mustahkamlash uchun imkoniyat yaratishini bildirdi. Deyns, shuningdek, AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasida ilgʻor texnologiyalar, xususan, sunʼiy intellekt, kvant texnologiyalari, fotonika va energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Uning fikricha, Amerika kompaniyalari va tadqiqot institutlarining Oʻzbekiston texnologiya sektori bilan aloqalarini kuchaytirish ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash va yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Deynsning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi 1 milliard dollardan oshgan va u investitsiya va boshqa hamkorlik aloqalari kelgusida ham oʻsishda davom etishiga ishonch bildirdi. Senator Oʻzbekistonning xorijiy investitsiyalar va xalqaro savdo uchun ochilishi nafaqat mamlakatning oʻzi, balki Markaziy Osiyo uchun ham ahamiyatli ekanini qayd etdi. Uning fikricha, erkin bozor tamoyillarini rivojlantirish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va xalqaro savdoni kengaytirish Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini kuchaytiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.