AQSH razvedka rahbari Moskvaga Rossiya, Ukraina va AQSH prezidentlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan — Axios

Deutsche Welle xabariga ko‘ra, Axios ikki manbaga tayanib ma’lum qilishicha, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff Moskvaga yaqinda qilgan tashrifi chog‘ida AQSH, Rossiya va Ukraina prezidentlari – Donald Tramp, Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan.
Nashrning qayd etishicha, bu Retkliffning Ukrainadagi tinchlikka erishish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarda shaxsan ishtirok etgan birinchi holati bo‘lgan.
Retkliffning Moskvaga tashrifi davomida asosiy vazifalaridan biri Rossiya maxsus xizmatlari rahbariyati Vladimir Putinni Ukraina bilan muzokaralarni qayta boshlashga ishontira oladimi yoki yo‘qmi, degan masalani aniqlash bo‘lgan. Axios suhbatlashgan manbalarining ta’kidlashicha, Retkliff Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori Aleksandr Bortnikovni konstruktiv pozitsiyaga ega va diplomatik sa’y-harakatlarni qayta boshlashga yordam bera oladigan shaxs deb baholagan.
AQSH rasmiylari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Retkliffning Moskvadagi muzokaralari va uch tomonlama sammit o‘tkazish taklifi haqida ma’lumot bergan. Tramp ma’muriyati avval ham bunday muzokara formatini taklif qilgan, biroq Vladimir Putin bu taklifni rad etgan.
**MRB rahbarining Moskvaga tashrifi nima maqsadda bo‘lgan?**
Jon Retkliff 25-avgust kuni AQSH Harbiy-havo kuchlariga tegishli Boeing C-17 Globemaster III harbiy-transport samolyotida Rossiyaga uchib kelgan va bir necha soat o‘tib mamlakatni tark etgan. Tashrif shu qadar maxfiy tashkil etilganki, Oq uyning ayrim yuqori martabali amaldorlari ham Retkliffning Moskvaga safaridan bexabar bo‘lgan.
Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri Rossiya tomoniga AQSHning NATOdagi ittifoqchilariga hujum qilishni “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat” deb hisoblashini yetkazish bo‘lgani ma’lum qilingan. Retkliff Moskvadagi uchrashuvda FSB rahbari Aleksandr Bortnikovga Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi holati yuzasidan “salbiy bahosini” bildirgan. MRB direktori, shuningdek, Rossiyaning harbiy va iqtisodiy ahvoli yanada yomonlashishidan oldin Moskva Ukraina bilan muzokaralarni boshlashi kerakligini ta’kidlagan.

